17:30 / 07.03.2018
16365

«Men harbiy jinoyatchiman» - Britaniyaga borayotgan Saudiya shahzodasini qanday kutib olishmoqda?

Foto: Reuters

Bugundan Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Britaniyaga tashrifi boshlanadi.

Yuqori darajali uchrashuvlar chog‘ida shahzoda Qirolicha Yelizaveta II va bosh vazir Tereza Mey bilan muzokaralar o‘tkazadi. Reuters'ning yozishicha, tashrifning asosiy maqsadi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik bo‘ladi.

Har ikki davlat o‘zaro munosabatlarning yaxshilanishidan manfaatdor. Chunki Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqmoqda, Saudiya esa xalqaro investorlarni mamlakatda ular uchun qulay sharoitlar mavjud ekaniga ishontirish niyatida.

Britaniya hukumati bu tashrifdan manfaatdor bo‘lishi mumkin, lekin mahalliy aholi Muhammad bin Salmonni unchalik xushlamayapti. Hozirda London ko‘chalarida unga qarshi ko‘plab bannerlarni ko‘rish mumkin. Ulardan birida bin Salmonning surati qo‘yilib, yoniga «Men harbiy jinoyatchiman» so‘zlari yozilgan. Ular Saudiya Arabistonini Yamandagi urushda 10 mingdan ortiq tinch aholi vakillari halok bo‘lgani, 8 milliondan ortiq odam gumanitar yordamga muhtoj bo‘lib qolganida ayblashmoqda.

Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters

Muhammad bin Salmonning ilk uchrashuvi Bukingem saroyida o‘tkaziladi. U yerda ingliz monarxlari bilan birgalikda ovqatlanish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Agentlikning yozishicha, bunday sharaf har qanday mehmonlarga ham nasib qilavermaydi. Undan keyin Tereza Mey bilan harbiy hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Qayd etish kerakki, Buyuk Britaniya Saudiya Arabistoniga eng ko‘p qurol yetkazib beradigan davlatlardan hisoblanadi.

«Bu uchrashuv tomonlarning o‘zaro munosabatlari yanada yaxshilanishi uchun muhim hisoblanadi»,- deydi Britaniya bosh vazirining vakili.

Manbada yozilishicha, neftga qaramlikdan qutilishga qat'iy qaror qilgan Saudiya Arabistoni yirik davlatlardagi investorlarga qulay sharoit yaratib berish niyatida: «Bu ishni qilish oson emas va yolg‘iz o‘zimiz hech narsa qila olmaymiz. Bizga boshqalarning tajribasi kerak»,- deydi Saudiyaning Britaniyadagi elchisi Muhammad bin Navif Financial Times nashriga.

Biroq hukumat vakillari shahzoda o‘zi haqida yomon bannerlardan xafa bo‘lib qolishini xohlamay unga bag‘ishlangan ijobiy ma'nodagi bannerlarni London ko‘chalariga ilib chiqishmoqda. Metro bekatlari, taksi va avtobuslarda «Xush kelibsiz, Saudiya shahzodasi» so‘zlarini ham ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid
Top