00:13 / 06.04.2018
15825

Rossiyalik milliarderlar AQShdagi saylovlarga aralashishda gumon qilinmoqda

Foto: AP

AQSh prokuraturasi prezident saylovlariga aralashish ishi bo‘yicha kamida ikki rossiyalik oligarxni so‘roq qildi. Flightradar ma'lumotlariga ko‘ra, mart oyida Nyu-Yorkda Roman Abramovich, Viktor Vekselberg va Mixail Proxorovlarning samolyotlari bo‘lgan.

2016 yildagi AQSh prezidenti saylovlariga Rossiyaning aralashuvi masalasini tekshirayotgan AQSh maxsus prokurori Robert Myullerning jamoasi so‘nggi ikki haftada AQShda bo‘lgan rossiyalik ikki ishbilarmonni so‘roq qildi. Bu haqida payshanba kuni CNN bir necha manbalariga asoslanib xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, rossiyalik oligarxlardan biri uning xususiy samolyoti Nyu-Yorkka qo‘nishi bilan so‘roq qilingan. Uning elektron qurilmalari tekshiruvdan o‘tkazilgan. Ikkinchi ishbilarmon yaqinda AQShga kechgan safari chog‘ida siquvga olingan. Unga nisbatan qanday choralar ko‘rilgani hozircha noma'lumligicha qolmoqda.

RBK nashri samolyotlar harakatini onlayn-rejimda kuzatuvchi Flightradar24 servisining ochiq ma'lumotlariga asoslanib, mart oyida Nyu-Yorkka bir necha rossiyalik milliarderlarning samolyotlari qo‘nganini aniqladi.

Shunday qilib, Flightradar24 ma'lumotlariga ko‘ra, P4-MES raqamli Boeing 767-300ER samolyoti 12 va 16 mart kunlari Nyu-Yorkda bo‘lgan. Forbes jurnalida qayd etilishicha, bu samolyot rossiyalik ishbilarmon Roman Abramovichga tegishli. M-RBUS belgili Airbus A319 samolyoti 20-21 mart kunlari Nyu-Yorkda bo‘lgan, bu samolyot milliarder Mixail Proxorovga tegishli. P4-MIS raqamli Airbus A319-115 (CJ) samolyoti 6-11 mart kunlari AQShda Boston-Boston — Nyu York — Vashington — Nyu York yo‘nalishida bir necha parvozni amalga oshirgan. Xususiy samolyotlarga oid ma'lumotlarni to‘plovchi private-jet-fan.com sayti ma'lumotlariga ko‘ra, samolyot egasi — milliarder Viktor Vekselberg.

Abramovichning vakili vaziyatga izoh berishdan bosh tortdi, biroq ishbilarmonga yaqin manbaning ma'lum qilishicha, u AQShda so‘roqqa tutilmagan. Qolgan ishbilarmonlarning vakillari RBK so‘roviga javob berishmagan. AQSh maxsus prokuraturasi vakili ham izoh berishdan bosh tortgan.

Payshanba kuni AQSh rossiyalik bir necha oligarxga nisbatan sanksiyalar kiritishni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘ldi. Kreml bundan xabardor, dedi Kremlning rasmiy vakili Dmitriy Peskov. Biroq u Rossiyada oligarxlar borligiga e'tiroz bildirdi. "Rossiyalik oligarxlar" iborasini noo‘rin deb hisoblaymiz. Rossiyada oligarxlar yashagan davrlar allaqachon o‘tib ketgan. Rossiyada oligarxlar yo‘q", - dedi u.

Mavzuga oid
Top