10:04 / 09.04.2018
15195

«O‘zbekiston pochtasi»dan yangi xizmat turi - «Tezkor pochta»

Foto: pochta.uz

O‘zbekiston milliy pochta aloqasi operatori — «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan doimiy ravishda aholi talablarini maksimal darajada qondirish maqsadida yangi xizmat turlarini amalga joriy etish bo‘yicha tegishli ishlar olib boriladi.

Respublikamiz pochta bozori kon'yunkturasini o‘rganib chiqqan holda hamda mijozlardan tushayotgan talablarni inobatga olib «O‘zbekiston pochtasi» AJ «Tezkor pochta» yangi xizmat turini joriy qildi, deb xabar bermoqda jamiyat o‘zining rasmiy saytida.

Joriy yil 10 apreldan «Tezkor pochta» xizmati doirasida pochta jo‘natmalarini qabul qilish va yetkazib berish uchun respublika bo‘yicha 15 ta pochta aloqasi obektlari tasdiqlangan. Ular Nukus shahri har bir viloyat markazida bittadan, shuningdek Toshkent shahrida ikkita va Qo‘qon shahridagi amaliyot zallarida joylashgan.

«Tezkor» pochta orqali 1 kg.gacha bo‘lgan posilkalar uchun yer usti transportida jo‘natish 7000 so‘mni, keyingi har kilogrammgacha bo‘lgan jo‘natma uchun qo‘shimcha to‘lov 2000 so‘mni, havo transportida esa shunday to‘lov mos ravishda 7000 va 4000 so‘mni tashkil etadi.

Hujjatlarni jo‘natish 0,5 kilogrammgacha bo‘lsa yer usti transportida 5000, aviatransportda 5500 so‘m, 0,5 kilogrammdan 1,0 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda mos ravishda 7000 va 8000 so‘mni tashkil etadi.

Aytish kerakki, shaharlar o‘rtasidagi masofaga nisbatan jo‘natmalarni yetkazib berish uchun 8 soatdan 48 soatgacha bo‘lgan nazorat vaqti belgilangan.

Top