Imom Buxoriy majmuasiga kirish pullik qilib qo‘yilganiga izoh berildi
Tahririyatimizga Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom al-Buxoriy majmuasiga kirish pullik qilib qo‘yilganidan norozi bo‘lgan ayrim hamyurtlarimizning murojaat kelib tushdi. Kun.uz muxbiri vaziyatda oydinlik kiritish uchun Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasiga borib, uning rahbari Dehqonboy Ermamatov bilan suhbatlashib qaytdi.
– Darhaqiqat bugungi kunda majmuaga kirish uchun mahalliy ziyoratchilar 1000 so‘m qilib belgilandi. Yosh bolalar va maktab o‘quvchilariga kirish tekin, — dedi Dehqonboy Ermamatov. – Shu paytgacha mazkur inshootni saqlash, qo‘riqlash, hududni obodonlashtirish, mehmonlar uchun zarur shart-sharoit yaratish hamda xodimlarga ish haqi berish, kommunal to‘lovlarni to‘lash kabi xarajatlar majmuaga keluvchi fuqarolarning ehsonlari, homiylar mablag‘i hisobidan qoplanib kelgan. Endi 1 martdan e'tiboran bularning barchasiga kirish chiptasidan tushayotgan mablag‘lar yo‘naltirilmoqda.
Bu haqda Musulmonlar diniy idorasi rasmiy veb sahifasida ham tushuntirish berib o‘tilgan.
Ichki turizmning rivojlantirilishiga berilayotgan e'tibor samarasi o‘laroq, bugunda majmuaga sayyohlar oqimi keskin ko‘paygan va ziyoratgohda ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish hamda ularning xavfsizligini ta'minlashni taqozo etmoqda. Shu sababli ziyoratchilarning majmuaga kirishi pullik tartib asosida yo‘lga qo‘yildi.
Bu tartib o‘rnatilishidan avval ziyoratgohda hojatxonadan foydalanish, foto va videos'yomka hamda muzeyga kirish alohida pullik edi. Endi esa faqat kirishda turniket oldida pul olinadi va ichkarida barcha xizmatlar bepul taqdim etiladi.
Qolaversa, kirishning yangi tartibi qo‘llanilganidan so‘ng tushum roppa-rosa ikki barobarga oshdi, hududning ozodaligiga mas'ul xodimlarning maoshini oshira oldik, gaz va elektr energiyasi to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshira boshladik.
– Xorijlik ziyoratchilardan kirish chiptasi uchun qancha narx belgilangan?
– Dollarning davlat kursi past bo‘lgan paytlarda bu 4 AQSh dollari ekvivalentida bo‘lgan. Valyuta liberallashtirilishidan so‘ng uning narxi ham qayta ko‘rib chiqildi va ayni paytda xorijlik sayyohlar uchun kirish 20 ming so‘m etib belgilangan.
Majmuaga ayni paytda dam olish kunlarida o‘rtacha 5 ming nafar sayyoh kelmoqda. O‘zbek xalqi bolajon xalq, albatta sayr-u tomoshaga bolalarini ham olib borishadi. Majmuaga bolalar tekin kirishadi, demak 5 ming nafardan 1,5 ming nafarini maktab yoshidagi bolalar tashkil etadi. Navro‘z bayrami munosabati bilan e'lon qilingan ta'til kunlarida kuniga 15–17 minggacha ziyoratchi tashrif buyurdi. Birinchi navbatda bu sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash talab etiladi. Shu maqsadda ilgarigi bitta qo‘riqlash posti ikkitaga yetkazilib, tun-u kun qo‘riqlash joriy etilgan. Tushum oshgach, bularning barchasini o‘zimiz moliyalashtirmoqdamiz. Majmua ichida «Xavfsiz turizm» xodimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
09:49 / 13.12.2024
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilmoqda
09:24 / 12.12.2024