Jamiyat | 10:47 / 19.04.2018
32298
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida soxta YHX xizmati xodimlari qo‘lga olindi

Illyustrativ foto/ KUN.UZ

Joriy yilning 12 mart kuni kelib tushgan xabarga ko‘ra, Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududidan o‘tgan “Toshkent - O‘sh” va “A-373 Guliston - O‘sh” magistral avtomobil yo‘lida ichki ishlar organlari xizmat kiyimida shubhali “soxta yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi” xizmat olib borayotganligi haqida xabar kelib tushadi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB KUN.UZ’ga xabar bermoqda.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi O‘z xavfsizligi bo‘limi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida “A-373 Guliston - O‘sh” magistral avtomobil yo‘lining 124-chaqirimida, yo‘l chetida “Neksiya” rusumli 10 Z 276 MA davlat raqam belgili avtomashina old yo‘lovchi o‘rindig‘ida ichki ishlar organlari xizmat kiyimida bo‘lgan shaxsdan o‘zini tanishtirish so‘ralganida, xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan ularga qarshilik ko‘rsatib, fuqarolik kiyimida bo‘lgan haydovchi avtomashinani katta tezlikda Ohangaron shahri yo‘nalishida boshqarib, qochib ketadi. 

Ichki ishlar xodimlarining sa'y-harakatlari bilan avtomashina to‘xtatilib, tekshirilganda, haydovchi Angren shahar Nurobod qo‘rg‘onida yashovchi S.J. avtomashinani tegishli xujjatlarsiz, mast holatda boshqarganligi, yonida bo‘lgan “soxta yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi” Ohangaron tumanida yashovchi X.X. ekanligi aniqlandi.

Ulardan ichki ishlar organlari xodimlarining bushlati, Yo‘l harakati xavfsizligi inspektori jileti va jyezla tayoqchasi olindi.

Surishtiruvlar mobaynida ushbu shaxslar ilgari ichki ishlar organlarida bir muddat xizmat olib borishganligi, o‘zlarining salbiy xatti-harakatlari sababli xizmatdan bo‘shatilganligi, xizmatdan bo‘shatilgandan keyin ham ichki ishlar organlari xodimi libosini kiyib sodir etgan jinoiy qilmishlari uchun sudlanganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan X.X. va S.J.lar o‘zlariga tegishli jazoni olishadi.

Mavzuga oid