O‘zbekiston | 09:17 / 20.04.2018
13862
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qonda ma'lumotlarni soxtalashtirgan DSI xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

2018 yilning I choragida prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlardan 72.292tasi hal etilib, fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklanishi ta'minlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuraturasi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Prokuratura organlari xodimlari tomonidan 65.855 nafar, shundan bevosita Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan 634 nafar fuqaro qabul qilindi.

Shu bilan birga, hududlarga chiqib fuqarolarni sayyor qabul qilishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan sayyor qabullar davomida Bosh prokuror tomonidan 291 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning uzoq vaqtdan buyon yechimini topmay kelayotgan turli muammolari hal etilishi ta'minlandi.

Xususan, qabullar natijasida 24 nafar shaxs ish bilan ta'minlandi, faoliyatni tashkil etish yoki yanada rivojlantirish va shu asosda qo‘shimcha ish o‘rni yaratish uchun 38,2 gektar yer maydoni, 2,8 mlrd. so‘m kredit mablag‘i va zarur texnika vositalari ajratildi.

Shuningdek, 2 nafar shaxs uy bilan, 8 nafar shaxs nogironlik aravachasi bilan ta'minlandi, 5 nafar fuqaroga uy-joy ajratilishi uchun hujjatlar rasmiylashtirildi, qarzdorlardan 281 mln. so‘m undirildi, 4 ta mahalla fuqarolar yig‘inida elektr transformatorlar o‘rnatilib, 2.300 metr elektr liniyasi va 255 metr suv tarmog‘i tortildi.

Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Masalan, B.Tojiyevning murojaati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishda, Qo‘qon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari ma'lumotlarni soxtalashtirib, «Oqjar porloq kelajagi» MChJda tekshirish uyushtirganliklari aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini bevosita quyi prokuratura organlarida hamda boshqa davlat idoralarida hal etilishi ustidan ham tizimli nazorat o‘rnatilgan.

Mavzuga oid