17:27 / 05.05.2018
8423

Ijtimoiy dorixonalar faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi qarori bilan ijtimoiy dorixonalar faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Inson va qonun” nashri xabar berdi.

Mazkur Nizomga muvofiq o‘z logotipiga ega bo‘lgan, dorixona assortimentidagi ijtimoiy ahamiyatga ega barcha dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan boshqa dori vositalari va tibbiy buyumlarning chakana realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi, Sog‘liqni saqlash tizimidagi ixtisoslashtirilgan tashkilot ijtimoiy dorixona sifatida e'tirof qilinadi.

Ijtimoiy dorixona Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan, davlat-xususiy sheriklik shartlariga ko‘ra tashkil qilinadi.

Quyidagilar ijtimoiy dorixonalarni joylashtirishning asosiy omillari hisoblanadi:

• viloyat, tuman, shaharning ma'muriy-hududiy tuzilishi;
• hududning geografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari;shahar, tuman va qishloq aholi punktlaridagi aholining soni;
• ambulatoriya poliklinikalarida tibbiy xizmatni tashkil etish darajasi;
• ijtimoiy dorixonalarning xizmat ko‘rsatish radiusi (ijtimoiy dorixonalarni tavsiya etilgan xizmat ko‘rsatish radiusi aholi sonidan kelib chiqqan holda hisoblanadi, shaharlarda 2-3 km, qishloq hududida 5-10 km.dan kam bo‘lmagan masofada).

Ijtimoiy dorixonalar viloyat, tuman markazlarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarning oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarida joylashtiriladi.

Ijtimoiy dorixonalarning asosiy vazifasi aholini Ro‘yxatga kiritilgan dorixona assortimentidagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, boshqa turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta'minlash, shuningdek, imtiyozga ega ayrim toifadagi shaxslarni dori vositalari bilan ta'minlashdan iborat.

Ijtimoiy dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning narxlarini nazorat qilish Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid
Top