AQShning Texas shtatida harbiy vertolyot xato tufayli maktab binosi tomiga ichida o‘q-dorilar bo‘lgan konteynerni tashlab yubordi. Bu haqda Fox News xabar bermoqda.
Ta'kidlanishicha, hodisa El-Paso shahrida yuz berdi. Fort Bliss harbiy bazasidan parvoz qilgan vertolyot maktab binosi uzra uchib o‘tayotib, tasodifan o‘q-dorilarni tashlab yuborgan. Shu bilan birga, konteyner tomni teshib o‘tib, bino ichiga tushgani aytilyapti. Politsiyachilar barcha o‘q-dorilarni yig‘ib chiqishdi va ularni harbiy bazaga qaytarib olib kelishdi.
«Men boshlang‘ich maktabga yetkazilgan zarardan juda afsusdaman. Shundan xursandmanki, hech kim jabrlanmadi», - deya ma'lum qildi harbiy baza qo‘mondoni, polkovnik Jyey Xopkins.
Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, ayni damda ro‘y bergan voqea tafsilotlari aniqlashtirilmoqda. Bundan tashqari, bunday vaziyatlar kelajakda yuz bermasligi uchun parvozlar yo‘nalishi o‘zgartiriladi.