12:12 / 30.05.2018
16994

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Portugaliya

PORTUGALIYa TeRMA JAMOASI
Laqabi – «Yevropa Braziliyasi»
Libosi: qizil
Konfederatsiya – UYeFA
Federatsiya – Portugaliya futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi
JCh yarim finalchisi – 1966, 2006
Yevropa chempioni - 2016
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Ronaldu (149)
Eng ko‘p gol kiritgan – Ronaldu (81)
Ilk o‘yin – 1921 yil. 18 dekabr. Ispaniya - 1:3
Eng yirik g‘alaba – 1994 yil. 18 noyabr. Lixtenshteyn – 8:0
1999 yil. 9 iyun. Lixtenshteyn – 8:0
2003 yil. 19 noyabr. Kuvayt – 8:0
Eng yirik mag‘lubiyat – 1947 yil. 25 may. Angliya – 0:10

Portugaliya futboli hozirda Yevropada yetakchi sifatida tilga olinsa-da, JCh tarixiga nazar tashlasak, muntazam Portugaliyani ko‘rmaymiz. Ushbu yurt vakillari atigi 6 marta jahon chempionati final qismida ishtirok etishgan. Ammo jamoa o‘zi qatnashgan musobaqalarda doimo barchani o‘ziga maftun etgan va asosiy da'vogarlar sifatida tilga olingan. Jamoaning «Yevropa Braziliyasi» deb atalishiga faqat Braziliyada portugallarning istiqomat qilishigina sabab bo‘lgan emas, albatta.

Portugaliya o‘zining ilk jahon chempionatiga Angliyada o‘tgan 1966 yildagi mundialda erishdi va to‘fon misoli futbol olamiga yorib kirdi. Jamoaning yetakchisi, asli mozambiklik bo‘lgan Eysebioni to‘fonga qiyoslashardi, xuddi shu shaklda jamoaning o‘yini ham barchaning tiliga tushdi. Guruh bosqichida Braziliya, Vengriya kabi gigantlar, Bolgariya kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushgan qahramonlarimiz har bir raqibi darvozasiga uch marotabadan to‘p kiritishni uddasidan chiqdi. Ayniqsa hal qiluvchi so‘nggi turda, futbol qiroli Pele ham hech narsa qila olmadi. Eysebioning ikki goli Portugaliyaga 3:1 hisobidagi g‘alabani olib berdi va so‘nggi ikki jahon chempionati g‘oliblari guruh bosqichidan uyga ravona bo‘lishga majbur bo‘ldilar.

Chorak finalda portugaliyaliklarga guruh bosqichida sensatsiya ko‘tarib, Italiyani dog‘da qoldirgan Shimoliy Koreya ro‘baru keldi. Sensatsiya davom etdi, shimolliklar ilk 25 daqiqadayoq Portugaliya darvozasini 3 bor aniq nishonga olishdi. Epchil va tezkor koreyslar butun nazoratni o‘z qo‘llariga olishadi va asosiy qurol Eysebio qattiq qo‘riqlanardi. 27-daqiqada to‘p avval Eysebioga, keyin esa darvoza to‘riga borib tushadi. O‘yin oxirigacha hujumchi ikki bor penaltidan va ikki bor o‘yindan to‘p kiritadi va Portugaliya 5:3 hisobida g‘alaba qozonadi.

Umuman Angliyada o‘tgan chempionat Eysebio va Portugaliya terma jamoasi faoliyatida yorqin iz qoldirdi. Portugaliya terma jamoachi hujumkor va texnik futbol ko‘rsatdi. Hatto ko‘pgina muxlislar terma jamoa finalga chiqishini chin dildan istashgandi. Eysebio to‘qqiz to‘p kiritib, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi va bombardiri unvoniga loyiq ko‘rildi. Lekin, jismoniy va taktik jihatdan shakllangan va Charlton, Mur kabi yulduzlarga ega bo‘lgan Angliya terma jamoasi yarim finalda g‘alaba qozondi. Charltonning uzoqdan berilgan ikki zarbasi golga aylandi, Eysebio esa atigi bir marotaba javob bera oldi. 3-o‘rin uchun bahsda Sobiq Ittifoq ustidan ham g‘alaba qozonildi - 3:1. Bu g‘alaba Portugaliya tarixida eng yuqori cho‘qqi edi va 2006 yilga kelibgina, terma jamoa Skolari boshchiligida yarim finalda o‘ynash baxtiga muyassar bo‘ldi.   

Portugaliya terma jamoasining ikkinchi mundiali Meksika-86 ga to‘g‘ri keladi. Bu safar jamoa o‘zining ajoyib o‘yinlarini ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, janjalli voqealar bilan esda qoldi. Mayli, boshidan boshlaylik...

Xullas Portugaliya terma jamoasi JCh-86ga yo‘llanmani GFRdagi ajoyib g‘alaba evaziga qo‘lga kiritdi va butun xalq ushbu jamoaga qattiq ishona boshladi. Haqiqatdan ham jamoa kuchli edi va milliy federatsiya ham tayyorgarligiga original sur'atda yondoshdi. Yechimini kutayotgan eng katta muammo Meksika shaharlarining ancha balandlikda joylashgani edi. Guruh bosqichidagi ilk o‘yinlar o‘tkazilishi kerak bo‘lgan shaharlar - Monterey va Gvardilaraxara xavotir oladigan darajada baland bo‘lmasa-da, asosiy tayyorgarlik Mexiko (balandlik – 2238 m) shahri uchun amalga oshirilishi zarurligi ta'kidlangandi. Jamoa uchun tanlangan Saltilio shaharchasiga kelgan futbolchilar tayyorgarlik uchun haddan ziyod e'tibor qaratib yuborilganini sezishdi. Go‘yoki, jurnalist-u muxlislardan tinch, iqlim jihatidan ham Mexiko uchun yaqin hisoblangan bu shaharcha taraqqiyotdan ancha orqada edi. Portugaliyalik futbolchilar u yerda qattiq qiyinchiliklarga uchrashdi, dam olish kunlarini oddiy ishlab chiqarish sexida o‘tkazishar, shahardan ul-bul xarid qilib kelish uchun jo‘natilgan odam ham pulni olib g‘oyib bo‘ladi. Sparring raqibni-ku qo‘yaverasiz, jahon chempionatida o‘ynashga kelgan portugallar mahalliy ishchilarning havaskor jamoasiga qarshi maydonga tushishga majbur bo‘lgandi. Hatto bir portugaliyalik jurnalist futbolchidan o‘yin paytining o‘zida intervyu olishga muvaffaq bo‘lganini uzoq vaqt eslab yurishgandi.

Bu sharoit albatta futbolchilarga yoqmadi va ular «yo mukofot pullarimizni oshirasizlar yoki biz o‘ynamaymiz» deb shart qo‘ya boshladilar. Federatsiya va jamoa til topishdi, jamoa ilk o‘yinda Angliya terma jamoasi ustidan g‘alaba qozondi. Ammo keyinchalik o‘sha mundial kashfiyotlaridan biri Polsha terma jamoasidan minimal hisobda mag‘lubiyatga uchradilar, so‘nggi turda esa Marokash terma jamoasi 3:1 hisobida ustun kelib portugaliyaliklarni guruhda so‘nggi o‘ringa tushirib yubordi. Va tabiiyki, bu natija federatsiyani ham, muxlislarni ham g‘azablantirdi. «Oldin yutib, keyin mukofot talab qilinglar» deyishdi tepadagilar. Natijada juda ko‘p futbolchilar diskvalifikatsiya qilindi, terma jamoadan chetlatildi.

Portugaliya osmonidagi yangi umid uchqunlari 80-yillar oxirida kuzatildi. Ketma-ket ikki bor yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida (1989, 1991) g‘alaba qozongan avlod nafaqat Portugaliyada, balki butun Yevropada «oltin avlod» deb tilga olina boshlandi. Baya, Koutu, Figu, Konsensayo, Koshta, Pauleta, Pintu, Dimash kabi futbolchilarning ulg‘ayishi-yu, barchaning «enasini ko‘rsatishi» kutila boshlandi. Afsuski, bu oltin tarkib yoshligidagi kabi katta g‘alabalarni qo‘lga kirita olmadi.

Bu avlodning ilk yirik turniri Angliyada o‘tkazilgan Yevro-96 bo‘ldi. Turkiya, Xorvatiya va Daniya terma jamoalari joy olgan guruhdan eson-omon chiqib olgan «oltin avlod»ni birgina Karel Poborskining ayyorona zarbasi to‘xtatib qoldi.

Fransiyadagi mundialga bora olmagan Portugaliya keyingi Yevropa chempionatlarida kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Jumladan Yevro-2000 da yarim finalga, o‘z maydonida o‘tgan keyingi chempionatda esa finalgacha bordi. JCh-2002da esa jamoa umuman o‘ziga o‘xshamadi. Hammasi yaxshi ketayotgan bir paytda AQShga yutqazib qo‘ydi va guruh bosqichidan turnirni tark etdi.

Portugaliya uchun hisobdagi to‘rtinchi mundial Germaniyada o‘tgan so‘nggi jahon chempionatida «oltin avlod»dan asar ham qolmagan, ammo Ronaldu, Deku, Almeyda, Gomish kabi yangi va kuchli avlod paydo bo‘lgandi. Guruh bosqichida Angola, Eron va Meksika jamoalari mag‘lub bo‘ldi va Portugaliya guruh bosqichini yuz foizlik natija bilan yakunlagan to‘rt jamoadan biri bo‘ldi. Nimchorak final esa ancha kuchli sanalgan Niderlandiya terma jamoasi edi. Rossiyalik hakam Ivanov boshqargan ushbu o‘yin barchaning yodida bo‘lsa kerak, sariq va qizil kartochkalar bosib ketgan ushbu o‘yinda Portugaliyaning yagona goli barcha masalani hal qilgandi.

Chorak final Angliyaga qarshi kechdi. Ushbu jamoalar o‘rtasida azaldan qarama-qarshilik mavjud bo‘lib, JCh-66 da Angliya, JCh-86 da Portugaliyaning qo‘li baland kelgani yuqorida aytildi. So‘nggi ikkita Yevropa chempionatida futbol vatandoshlari yo‘liga aynan Portugaliya terma jamoasi to‘g‘anoq bo‘lgandi. Bu safar ham «Yevropa Braziliyasi»ning qo‘li baland keldi, Ueyn Runining maydondan chetlatilishi oqibatida Portugaliya bir o‘yinchi ko‘p bo‘lib o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi va hisob ochilmagach, penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Jamoa tarixidagi ikkinchi yarim final ham raqib foydasiga yakunlandi. O‘sha o‘yinga kelib «quturib ketgan» Zidan va uning jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. «Yupatuvchi o‘yin»da esa ikkita og‘ir o‘yindan chiqqan Portugaliya o‘ziga kela olmadi – Germaniyaga mag‘lub bo‘lindi – 1:3

2010-2012 yillarda jahon va Yevropa chempionatlarida Ispaniya tengsiz bo‘ldi. Mana shu musobaqalarda Ispaniyaga eng yaqin kela olgan, eng munosib qarshilik qila olgan jamoa aynan Portugaliya edi. Avvaliga jahon chempionatida qo‘shnilar 1/8 finalda to‘qnashishdi. David Vilyaning yagona goli uchrashuv taqdirini hal qildi. Yevropa chempionatida esa, yarim finalda Ispaniya faqat penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi. Ispanlar finalda 4:0 hisobida yutgani hisobga olinsa, muddatdan oldingi final aynan Portugaliya bilan kechgandi deyish mumkin.

So‘nggi jahon chempionatini esa, Portugaliya juda yomon boshladi. Germaniya bilan o‘yindagi 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat guruhdagi keyingi o‘yinlarga ham ta'sir qildi. AQSh bilan durang, Gana ustidan g‘alaba keyingi bosqich uchun yetarli bo‘lmadi. To‘plar nisbatiga ko‘ra amerikaliklar guruhda ikkinchi o‘rinni olishdi.

Bugungi Portugaliya

Foto: Sport-Ekspress

Portugaliya tarixidagi yagona yirik g‘alaba ikki yil oldin Fransiyada ro‘y berdi. O‘n ikki yil oldin Yevropa chempionatini o‘z maydonidagi finalda boy bergan Portugaliya bu safar xuddi shu uslubda mezbonlarni mag‘lubiyatga uchratishdi. Portugaliya ikki yil oldin Yevropada tengsiz deb topilgan va muhimi, o‘sha turnirda bir qator yosh futbolchilar yorqin o‘yin ko‘rsatishgan bo‘lsa-da, bugunga kelib, hech kim Portugaliyani yaqqol favorit deya olmayapti. Sababi, o‘sha ikki yil oldin yorqin chaqnagan yulduzlar keyingi mavsumlarda so‘nib qolishdi. Musobaqa kashfiyoti bo‘lib, bir qator grandlar ortidan quvgan Renatu Sanshesh oqibatda «Bavariya»ni tanlab, u yerda o‘zini ko‘rsata olmay, «Suonsi»ga borib qoldi. Andre Gomish «Barselona»da asosiy futbolchi bo‘lolmadi. Joze Fonte va Vilyam Karvalyu o‘z vaqtida top klubga o‘tish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Joau Mariu, Adriyen Silva kabi futbolchilar ham o‘rtamiyona jamoalar safida yuribdi.

Faqatgina Bernardu Silva o‘z faoliyatida o‘sishga erishganini aytish mumkin. U «Monako»da juda kuchli mavsum o‘tkazdi va Pep Gvardiola jamoasiga trancfer qilindi. Angliyada ham Silva yo‘qolib qolmadi va «Manchester Siti»ning muhim futbolchilaridan biriga aylandi. Katta ehtimol bilan jahon chempionatidagi asosiy figuralardan biri aynan Bernardu bo‘ladi.

Bosh murabbiy: Fernandu Santush

Foto: Sport-Ekspress

1954 yil 10 oktabrda tug‘ilgan. 1987 yildan murabbiylik faoliyatini boshlagan Santush Portugaliyaning uchala gigant klubi - «Portu», «Benfika» va «Sporting»da ham ishlashga muvaffaq bo‘lgan. U 1999 yilda «Portu» bilan mamlakat chempioniga ham aylangan.

2010 yildan 2014 yilgacha esa, Gretsiya terma jamoasi boshqardi va greklarni o‘z tarixida ilk marotaba jahon chempionati nimchorak finaliga olib chiqdi. O‘sha paytda guruh masalasini hal qilolmay Paolo Bentuni iste'foga chiqargan portugallar e'tiborlarini yurtdoshlariga qaratishdi va terma jamoani Santushga topshirishdi. Natija yomon bo‘lmadi, murabbiy ilk urinishdayoq Portugaliyani Yevropa chempioniga aylantirdi. O‘sha musobaqada tarkib jihatidan ko‘p jamoalardan ortda bo‘lgan Portugaliyaning natijalari aynan Santushning taktik bilimi va qarorlari evaziga bo‘lganini ko‘pchilik e'tirof qildi. Misol uchun, final o‘yini oxirlarida Santush zaxiradan maydonga tushirgan Eder g‘alaba golini urib, Portugaliyani chempionga aylantirgandi.

Santush terma jamoadagi yosh futbolchilarni ham, Krishtianu Ronalduning bu jamoadagi o‘rni va ahamiyatini ham juda yaxshi his qiladi, kerak bo‘lganda aralashmaslik, kerak bo‘lganda o‘z qarori bilan natijani ijobiy tomonga o‘zgartirishda benazirdir. Yevropa chempionati guruh bosqichida Portugaliya qiynalib qolganda ham, bosim ostida qolganda ham birlikni saqlay olgani va yakunda g‘olibga aylangani murabbiyning qat'iy ruhiyat sohibi ekanini ham ko‘rsatadi. 

E'tibor berish kerak: Gonsalu Guedesh

Foto: Sport-Ekspress

Yevropa chempinatidan so‘ng Portugaliya osmonida paydo bo‘lgan umidlardan biri Gonsaludir. U 1996 yilning noyabrida tug‘ilgan. «Benfika» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. «Benfika» safidagi yaxshi mavsumdan keyin unga «PSJ» e'tibor qaratdi va 30 million yevro evaziga sotib oldi. Shundoq ham yulduzlarga to‘la Parijda Guedeshga joy topish oson emasdi. Natijada o‘tgan yilning yozida «Valensiya»ga ijaraga berib yuborildi.  

Ispaniyadagi mavsumni Guedesh barqaror o‘tkazdi va «Valensiya» safida aksariyat o‘yinlarda maydonga tushdi. Uning besh goli va 10 golli uzatmasi «Valensiya»ga yana Chempionlar Ligasiga qaytishiga katta yordam berdi. Uni nafaqat «Valensiya» o‘z safida olib qolmoqchi bo‘lyapti, balki «Manchester Yunayted» va «Barselona» kabi klublar ham u bilan jiddiy qiziqishmoqda. Jahon chempionati esa, Guedeshga o‘zini isbotlash va yangi darajaga chiqishga yaxshi imkoniyat bo‘ladi.

JCh-2018

Rossiyada Portugaliya V guruhida yana o‘sha eski do‘sti Ispaniyaga qarshi bir guruhda to‘p suradi. Portugaliya uchun chempionat ham aynan shu o‘yin bilan boshlanadi. O‘yin 15 iyun kuni Sochida bo‘lib o‘tadi. Marokashga qarshi 2-tur o‘yini 20 iyun kuni Moskvada, so‘nggi tur esa, Eronga qarshi 25 iyun kuni Saranskda. Yevropa chempionatidagi g‘alabadan so‘ng mundialda ham g‘alaba qozonishni 1974 yilda Germaniya, 2010 yilda Ispaniya uddasidan chiqqan. Portugaliya aynan shu natijani takrorlash uchun Rossiyaga bormoqda.

Qahramon Aslanov

Mavzu
Rossiya mundiali

2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11ta shahrida 12ta stadionda JCh-2018 bo‘lib o‘tadi. Rossiya ilk bor mundialga mezbonlik qilmoqda.

Barchasi
Top