12:41 / 05.06.2018
10003

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Xorvatiya

XORVATIYa TeRMA JAMOASI
Laqabi: «Olovlilar»
Konfederatsiyasi: UYeFA
Libosi: oq-qizil (shaxmat)
FIFA reytingidagi o‘rni: 18
Jahon chempionati: 3-o‘rin (1998)
Yevropa chempionati: Chorak final (1996, 2008)
Jamoa sardori: Luka Modrich
Terma jamoa tarixida eng ko‘p gol urgan: Davor Shuker (45)
Terma jamoa tarixida eng ko‘p maydonga tushgan: Dario Srna (134)
Tarixdagi eng yirik g‘alaba: 10:0 - San Marino (2016)
Eng yirik mag‘lubiyat: Angliya 1:5 - (2009)

Tarixi
Xorvatiya va Serbiya futbolda qaysidir ma'noda Ukraina va Rossiyani eslatib yuboradi. Bu ikki davlat ham 1991 yilgacha bitta - Yugoslaviya tarkibida bo‘lishgan. Yugoslaviya futbol tarixida (JCh finalchisi, Yevropa chempioni) muhim o‘rinda turadi va jamoa merosxo‘ri sifatida ko‘proq serblar tilga olinadi. Ammo ajralgandan keyingi o‘yinlar, mamlakatda yetishib chiqqan yulduzlarga e'tibor bersangiz, Xorvatiya uloqni olib ketadi. Terma jamoa formasidan tortib, ular ijro etadigan romantik futbolgacha betaraf muxlislarni rom etgan. Har qanday turnirda xorvatlarga qandaydir iliq hislar bilan yondashadigan muxlislar yurtimizda ham topiladi.

Xorvatiya o‘zi ishtirok etgan ilk jahon chempionati saralashida bir yo‘llanmani aynan Ukraina terma jamoasidan tortib olganida ham ramziy ma'noda bordek. Ikki egizak jamoalar ichida o‘zini dunyoga tanitish navbati dastlab Xorvatiyaga berildi. JCh-98 da xorvatlar Argentina, Yamayka va Yaponiya bilan bir guruhga to‘p surib, ushbu guruhda 2-o‘rinni olishlari ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘lmadi. Jamoa tarkibidagi Prosinechki, Asanovich, Yarni, Shuker, Bilich, Shimich, Kovach, Vlaovich kabi futbolchilar aslida ikki yil oldin Angliyada o‘tgan Yevropa chempionatidayoq imkoniyatlarini namoyish etib ulgurishgandi.

Ammo chorak finalda Yevropa chempioni Germaniya ustidan g‘alabadan so‘nggina ko‘pchilikning e'tibori ularga qaratildi. Shaxmat libosdagi yigitlarga dunyoning katta qismi muxlislik qila boshladi. Germaniya 4 yil oldingi Bolgariyadan uchralgan mag‘lubiyatni juda yaxshi eslaydi va bu safar o‘yinga jiddiyroq yondashishni niyat qilgan bo‘lishi tabiiy. Lekin o‘sha kuni xorvatlar chindanam kuchli edi - 3:0.

Foto: Sport Ekspress

Yarim finalda xorvatlar Fransiyaga qarshi maydonga tushdi. Ikkinchi bo‘lim boshlarida Shuker turnirdagi o‘zining beshinchi golini urib, hisobni ochgach, maydon egalari juda qiyin vaziyatga tushib qolgandi. Chunki avvalgi bosqichda fransuzlar Paragvay darvozasiga zo‘rg‘a, so‘nggi daqiqalarda yo‘l topishgandi xolos. Ammo hech kim uchun kutilmagan, sodir bo‘lishi qiyin bo‘lgan voqea yuz berdi - Lilian Tyuram dubl qayd etdi.

Tushuntirish uchun, bugungi avlodga, masalan, Maskeranoning bir o‘yinda ikki gol urishidek gap edi o‘shanda. Qizig‘i, Tyuram Fransiya terma jamoasi tarixida eng ko‘p maydonga tushgan rekordchi sanaladi. U 147 o‘yinda o‘ynagan va atigi 2 gol muallifi bo‘lgan. O‘sha ikki gol, o‘sha oqshomda xorvatlar darvozasiga kirgandi.

Uchinchi o‘rin uchun bahsda xorvatlar ancha kuchli va yulduzli Niderlandiyani mag‘lub etishgandi. Davor Shuker esa bu o‘yinni ham golsiz tark etmadi va 7 o‘yinda 6 gol bilan turnir to‘purari bo‘ldi.

Keyingi mundiallarda Xorvatiya yaxshi natija ko‘rsata olmadi va doim turnirda guruh bosqichidan tark etdi. Ammo baribir, Italiya ustidan 2002 yildagi juda chiroyli g‘alaba va ayniqsa, Yevro-2008 chorak finalida turklar bilan dramatik qo‘shimcha vaqtlar hammaning esida bo‘lsa kerak. Yoki o‘sha Yevropa chempionati saralashida guruhda yorqin o‘yin o‘tkazib, hech narsa kerak bo‘lmagan so‘nggi turda Angliyani mag‘lub etganliklari va inglizlarni turnirdan chetda qoldirganliklari ham katta voqea.

Umuman, natijadan qat'i nazar, Xorvatiya chiroyli va hujumkor o‘yin bilan doim muxlislarni o‘ziga jalb qila oladi. Ayniqsa, bu safar balki o‘sha 1998 yildan buyog‘iga paydo bo‘lgan eng yulduzli tarkib o‘zining so‘nggi haqiqiy mundialiga kelayotganini tasavvur qilsak, natija e'tibori bilan ham xorvatlar hayron qoldirishi ehtimoli bor.

Bugungi Xorvatiya

Foto: Sport Ekspress

Rostan ham, bugungi Xorvatiya juda kuchli va yulduzli tarkibga ega. Va bu faqat ilk bor hammaning ko‘z oldiga keladigan Luka Modrich, Ivan Rakitich va Mario Manjukichgina emas.

Himoya markazida «Liverpul» a'zosi Deyan Lovren to‘p suradi. APL muxlislari uni ko‘proq xatolari orqali bilishsa-da, Van Deyk bilan birga to‘p surish Lovrenni yangi bosqichga olib chiqdi. So‘nggi Chempionlar ligasi finalining eng yaxshi o‘yinchilaridan biri aynan Lovren bo‘lganini ta'kidlash lozim. Kiyevning «Dinamo»si sobiq futbolchisi Domagoy Vida ham saralash o‘yinlarida terma jamoaning asosiy himoyachilardan biriga aylandi. U bilan Kiyevda birga o‘ynagan Yosip Pivarich haqida ham iliq fikrlar aytish mumkin. Shuningdek, «Atletiko» tarkibida mavsum kashfiyoti bo‘lgan Shim Vrsalkoni ham unutmaslik kerak. U nafaqat himoyada, balki hujumda ham juda foydali o‘yinchilardan biridir. Bekorga «Manchester Yunayted» ushbu futbolchi bilan jiddiy qiziqib qolgani yo‘q. 

Mourino muxlis bo‘lgan yana bir futbolchi Ivan Perishich yulduzli yarim himoyaning muhim bo‘lagi hisoblansa, uning jamoadoshi Marselo Brozovich ham «Inter»da juda yaxshi mavsum o‘tkazdi. A Seriyada toblanayotgan Milan Badel («Fiorentina») va Margo Rog («Napoli») kabi futbolchilarga ham kerak bo‘lganda ishonish mumkin.

Hujumda esa, Mario Manjukichga «Hoffenhaym» a'zosi Kramarich yordam beradi. Bu tandem saralash bahslarida birgalikda 8 golga mualliflik qilishdi.

Rossiyaga boradigan tarkib

Darvozabonlar: Dominik Livakovich (Dinamo Z), Lovre Kalinich (Gent), Daniyel Subashich (Monako)
Himoya: Shim Vrsalko (Atletiko), Ivan Strinich (Milan), Vedran Chorluka (Lokomotiv), Deyan Lovren (Liverpul), Tim Yyedvay (Bayyer), Duye Chaleta-Sar (Red Bull), Domagoy Vida (Beshiktosh), Yosip Pivarich (Dinamo K)
Yarim himoya: Luka Modrich (Real), Ivan Rakitich (Barselona), Ivan Perishich (Inter), Mateo Kovachich (Real), Marselo Brozovich (Inter), Milan Badel (Fiorentina), Filip Bradarich (Reka)
Hujumchilar: Mario Mandjukich (Yuventus), Andrey Kramarich (Xoffenxaym), Nikola Kalinich (Milan), Ante Rebich (Ayntraxt), Marko Pyasa (Shalke)

Murabbiy

Foto: Sport Ekspress

Deyarli butun saralash bosqichini xorvatlar Ante Chachich qo‘l ostida o‘tkazdi. Ammo Islandiya va Turkiyaga qarshi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlar, hamda Finlyandiya bilan durang uning iste'fosiga sabab bo‘ldi. Terma jamoa esa Zlatko Dalichga topshirildi.

Ko‘pchilik uchun noma'lum bo‘lgan bu ism mamlakat futbol jamoatchiligida noroziliklarni keltirib chiqargandi. Ammo Dalich belgilangan vazifani a'lo darajada uddaladi - avval xorvatlar Ukrainadagi qiyin o‘yinda g‘alaba qozonib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, u yerda esa, Gretsiya ustidan ishonchli zafarga erishildi.

Aslini olganda, tushunmovchiliklarga asos bor, Zlatko Dalich 12 yillik murabbiylik faoliyatida aytarli natijalarga erishmagan. Faqat kamtargina «Varteks»ni 2006 yilda Xorvatiya kubogi finaliga olib chiqqanini eslash mumkin. Albaniya, Saudiya Arabistoni va Kuvaytdagi faoliyat, u yerlarda ham pichoqqa ilinarli natija qayd etilmagani Dalich nomzodining shubha ostiga olinishiga sabab bo‘lgandi. Aytishlaricha, uni terma jamoaga olib kelish mamlakat futbol federatsiyasi prezidenti, futbol afsonasi Davor Shukerning shaxsiy qarori bo‘lgan ekan.

Zlatko katta bosim ostida ishlagan bo‘lishiga qaramasdan, dastlabki vazifani uddaladi. Endi esa, u uchun oldinga yana bir qadam tashlash va yigirma yillik tanaffusdan so‘ng Xorvatiyani jahon chempionati pley-off bosqichiga olib chiqish vazifasi turibdi.

JCh-2018

Qur'a xorvatlarga saralash o‘yinlarida ham guruhdosh bo‘lgan Islandiyani ro‘baru qildi. Saralashda har ikki o‘yinda ham maydon egalari ustun kelgandi. Shuningdek, o‘sha yorqin JCh-98 da Xorvatiya bilan guruhdosh bo‘lgan Argentina ham shu yerda. Nigeriya esa pley-off uchun yevropaliklarga eng asosiy raqib rolini o‘ynab beradi.

Mundial ham Xorvatiya uchun aynan Nigeriyaga qarshi muhim o‘yin bilan boshlanadi. Bu o‘yin 16 iyun kuni Kaliningradda bo‘lib o‘tishi belgilangan. 21 iyun kuni Nijniy Novgorodda Messi jamoadoshlariga qarshi o‘yin o‘tkazilsa, guruhdagi so‘nggi match 26 iyun kuni Rostovda Islandiyaga bilan kechadi.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzu
Rossiya mundiali

2018 yilning 14 iyunidan 15 iyuliga qadar Rossiyaning 11ta shahrida 12ta stadionda JCh-2018 bo‘lib o‘tadi. Rossiya ilk bor mundialga mezbonlik qilmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top