22:35 / 15.06.2018
6181

Aziz Abduhakimov Parijda YuNeSKO qoshidagi xorijiy mamlakatlar elchilari bilan uchrashdi

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyaga tashrifining ikkinchi kunida YuNeSKO qoshidagi Baxrayn elchisi Muhammad Abdul G‘affor, Braziliya elchisi Mariya Reis, Gvatemala elchisi Luis Falla, Xitoy elchisi Shen Yang, Kuvayt elchisi o‘rinbosari Muhammad Al-Mutairiy va Uganda elchisi Elli Kafero bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. KUN.UZ hukumatdagi manbasiga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Muzokaralar doirasida chet el diplomatlariga O‘zbekistonda noyob me'morchilik yodgorliklari, tarixiy obektlari va diqqatga sazovor joylarni saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Uchrashuvlarda madaniy-tarixiy merosni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga, shuningdek prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘zbek xalqining boy madaniy merosini saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha boshlangan keng ko‘lamli loyihalar taqdimotiga alohida e'tibor qaratildi. 

Uchrashuv davomida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 iyundagi "YuNeSKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi hududlarini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qarorida ko‘rsatilgan ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar haqida batafsil ma'lumot berildi. Xorijiy mamlakatlar diplomatlari respublikamizning iqtisodiy va madaniy, shuningdek turizm sohalaridagi salohiyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishlari uchun O‘zbekistonga taklif qilindi. 

Bundan avval KUN.UZ'da Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning ta'lim, ilm-fan va madaniyat masalalari bo‘yicha maxsus muassasasi va uning Parijda ro‘yxatdan o‘tgan a'zolari bilan o‘zaro konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Fransiyaga tashrifni amalga oshirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Baxrayn elchisi Muhammad Abdul G‘affor bilan 

Braziliya elchisi Mariya Reis bilan

Gvatemala elchisi  Luis Falla bilan

Xitoy elchisi Shen Yang bilan

Kuvayt elchisi o‘rinbosari Muhammad Al-Mutairiy bilan

Uganda elchisi o‘rinbosari Elli Kafero bilan

Top