16:10 / 17.06.2018
29211

Yot g‘oyalar ta'sirida guldek oila parokanda bo‘ldi: sobiq kelin va nevaralar taqdiri esa noma'lum

Foto: Getty Images

Yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolib, adashganlar haqida ko‘p eshitganmiz, o‘qiganmiz. Ularning aksariyati tog‘ni urib talqon qiladigan, xalqqa, vatanga foydasi tegishi mumkin bo‘lgan, ayni kuchga to‘lgan yoshlar ekanligi g‘oyatda achinarlidir.

O‘zini sarson-sargardonlikka, mudom tahdid ostida yashashga giriftor qilibgina qolmasdan, butun bir oilasini, ota-onasini, xotiniyu bola-chaqasini ham bu boshi berk ko‘chaga olib kirsa-chi?

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida 60 yoshni qarshilagan Toshpo‘lat Avazovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi.

Uning bir emas ikki farzandi xorijdagi jangari terrorchilik guruhlariga borib qo‘shilgan. Katta o‘g‘li Sherzod Suriyada IShID a'zosi bo‘lsa, kichik o‘g‘li Shehroz Pokistonda faoliyat olib borayotgan «Turkiston islomiy harakati» terrorchilik guruhi saflarida qo‘poruvchilik harakatlari bilan band.

Kichik o‘g‘li otasini Turkiya davlatiga kelishga, o‘zi bilan onasi, rafiqasi va uch nafar norasida o‘g‘illarini ham olib kelishga da'vat etadi.

Ota T.Avazov ularni olib 2013 yilning avgustida xotini Barno Avazova, kelini Feruza Avazova va o‘g‘illari 4 yoshli Shohjahon va 2 yoshli Hasan-Husanlarni olib Turkiyaga boradi.

U yerda T.Yo‘ldosh tomonidan asos solingan terrorchilik harakati a'zolari yordamida oila ishga kiradi, so‘ngra vaqt o‘tishi bilan Eron, Afg‘oniston orqali Pokiston islom respublikasiga borib yetishadi.

Eng achinarlisi, Pokistonga yetib borishganidan so‘ng o‘g‘li Shehroz kelini Feruzani «uni taloq qilganman, farzandlarimni olib kelishi uchun aldab chaqirdim», deb ochiqchasiga aytadi. Biroz o‘tgach, Feruza terrorchilik harakati a'zolaridan biri tojikistonlik Olim ismli shaxsga nikohlab beriladi.

Bu orada T.Avazov terrorchilik tashkilotining xo‘jalik ishlarini boshqaradi, terrorchilik tashkilotiga tegishli «Jundulloh» radiosi orqali chiqish qilib, O‘IHga kelib qo‘shilganidan mamnun ekanligini bayon etib, u yerdagi go‘yoki ajib sharoitlarni so‘zlab berib, boshqalarni ham kelib qo‘shilishga da'vat etadi.

Pokiston davlati tomonidan mazkur terrorchilik tashkiloti doimo ta'qib qilingani bois, ular mudom bir nuqtadan ikkinchisiga ko‘chib yurishga mahkum edilar. Ular turgan joylar bombardimon qilinar, joni omon qolishlari uchun tashkilot a'zolari, jumladan, T.Avazov Afg‘onistonga o‘tadi va bir muddat Maymanak, Badaxshon va Mozori Sharif shaharlarida istiqomat qiladi.

Shunday kunlarning birida Maymanak shahrida u hamtovog‘i Xolid ismli shaxs bilan afg‘on politsiyasining nazariga tushadi va hujjatlari joyida bo‘lmaganligi sababli hibs etiladi va Afg‘oniston xavfsizlik tashkiloti — amniyatga topshiriladi.

Keyinchalik O‘zbekiston va Afg‘oniston maxsus xizmatlarining o‘zaro maxsus operatsiyasi bilan u O‘zbekistonga keltiriladi.

Eng achinarlisi, terrorchi o‘g‘illarining taqdiri u yoqda tursin, T.Avazov rafiqasi, sobiq kelini va o‘z avlodining davomchilari bo‘lmish shirindan shakar nevaralarining taqdiri qanday bo‘lganidan mutlaqo bexabar. Ayni paytda ularning qayerda ekanligini ham bilmaydi.

Sud majlisida guvohlik berganlar T.Avazovning o‘g‘illari Sherzod va Shehroz ishlayman deb Rossiya Federatsiyasiga chiqib ketganidan buyon qaytishmagani, mazkur oilada avval boshdan qandaydir mutaassiblik kuzatilmaganini ta'kidlab o‘tishdi.

Bu achchiq kechmishlarda kelin bo‘lmish Feruzaning taqdiri juda achinarli. U shu niyatda mazkur xonadonning ostonasidan xatlagandimi? U qayerlarda hozir?.. Uning ota-onasi ham sudda chiqish qilishdi va o‘z iztiroblarini bayon etishdi.

JIB Samarqand viloyat sudi T.Avazovning iqrorliklari, guvohlarning ko‘rsatmalari va ishda mavjud ashyoviy dalillarni inobatga olib, uni O‘zbekiston Respublikasi JK 153-moddasining 1-qismi va 242-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topdi. U jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi va jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘taladigan bo‘ldi.

Qilmish-qidirmish, deydilar. Ayni qarilik gashtini suradigan, nevaralariga bosh-qosh bo‘lib, ularning kamolini ko‘radigan yoshda T.Avazov umrini simtikan ortida o‘tkazadigan bo‘ldi. Axir farzandlariga yoshlikdan to‘g‘ri tarbiya berganida, oq va qoraning farqlay oluvchi zakiy ota bo‘lganida bir guldek oila mana shunday parokanda bo‘larmidi? Albatta, yo‘q.

Lekin nega unda bu yo‘l tanlandi? Bunga bir so‘z bilan javob berish qiyin. Sudda ming tavba tazarru qilindi, afsus nadomat chekildi. Lekin endi bularning foydasi bormikan? Kuygan taqdirlarga, ayniqsa, norasida go‘daklarga ichi achiydi kishining. Ushbu voqea faqatgina boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, bu ko‘chaning boshi berk ekanligi, hech kimga saodat keltirmasligi yuzasidan har kim o‘ziga xulosa chiqarishi mumkin, xolos.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist

Top