10:50 / 07.08.2018
5145

Investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha hujjatlar soni qisqartirildi

Foto: Depositphotos

Prezidentning 19.07.2018 yildagi PQ–3874-son qarori bilan Investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarning loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, kompleks ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Ma'lumot uchun: respublika bo‘yicha davlat tomonidan muvofiqlashtirilayotgan maxsus dasturlar (investitsiya dasturlari, rivojlantirish davlat dasturlari) asosida quyidagilar amalga oshirilmoqda:
 
• investitsiyaviy loyihalar – iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa naf olish maqsadida investitsiyalarni amalga oshirish yoki jalb etishga yo‘naltirilgan;
 
• infratuzilmaviy loyihalar – rentabelligi past yoxud norentabel bo‘lgan ijtimoiy, yo‘l-transport, suv xo‘jaligi va muhandislik-kommunikatsiya obektlarini qurish, modernizatsiya, rekonstruksiya qilish va kengaytirishga yo‘naltirilgan.
 
Ularni moliyalashtirishda investorlarning qo‘yilmalari bilan bir qatorda davlat mablag‘lari ishtirok etishi bois bunday loyihalarni boshqarish jarayoniga oid hujjatlar puxta rasmiylashtirilishi talab etiladi.
 
Sodda qilib aytganda, loyiha ishtirokchilari oldida aniq vazifa turibdi (masalan, metallurgiya zavodini qurish). Ushbu vazifa yechimining qaysi variantiga pul ajratish kerakligini aniqlash lozim, ya'ni samarali rejalashtirish va loyihalashtirish haqida so‘z bormoqda (masalan, u yoki bu xom ashyo va yoqilg‘idan foydalanilishiga qarab qaysi turdagi pechni tanlash kerak). So‘ng qurilishni amalga oshiradigan pudratchilarni belgilash talab etiladi, ya'ni mablag‘ samarali sarflanishi ta'minlanadi. Bunda qabul qilinayotgan qarorlarning to‘g‘riligi tegishli hujjatlarni ekspertiza qilish yo‘li bilan tekshiriladi.
 
Qabul qilingan hujjat byurokratik talablarni birmuncha bo‘shashtirdi.
 
Birinchidan, ilgari mustaqil bo‘lgan ikki turdagi hujjatlar – dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanmalar va hisob-kitoblar (DTIA/DTIH) hamda yakuniy texnik-iqtisodiy asoslanmalar va hisob-kitoblar (YaTIA/YaTIH) bittaga birlashtirildi. Endi faqat TIA/TIH bo‘ladi, unda variantlarni ko‘rib chiqish asosida loyihani amalga oshirishning eng samarali texnik-texnologik va tashkiliy yechimi tanlangani asoslanadi, loyihalarni moliyalashtirishning ishlab chiqilgan dastlabki shartlarini hisobga olgan holda loyihaning umumiy cheklangan qiymati hamda moliyalashtirishga ehtiyoj hajmi belgilanadi. 
 
Shu tariqa, loyihalar bo‘yicha hujjatlar ro‘yxati endi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• TIA/TIHni ishlab chiqish uchun texnik topshiriq;
• TIA/TIH;
• ishchi hujjatlar (ishchi loyiha);
• tender (tanlov) hujjatlari.
 
Bunda agar ilgari DTIA/DTIH va TIA/TIH ekspertizasi 50 ish kunigacha (DTIA/DTIH – 30 ish kunigacha, TIA/TIH – 20 ish kunigacha) vaqtni olgan bo‘lsa, ular birlashtirilgandan keyin bunga 30 ish kunidan ko‘p vaqt ketmaydi. 
 
Ikkinchidan, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import shartnomalarni kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi» DUKda (bundan keyin – Markaz) ekspertizadan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan hujjatlar loyihalari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi. 

Uchinchidan, ekspertizaga taqdim etiladigan hujjatlar paketi belgilandi.

Hujjat boshqa bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z ichiga olgan 23.07.2018 yildan kuchga kirdi. 

Top