17:53 / 11.08.2018
7100

Ilmiy faoliyat natijalari tijoratlashtirilishini prezident jamg‘armasi qo‘llab-quvvatlaydi

Foto: Depositphotos

Innovatsion rivojlanish vazirligida tarkibiy o‘zgartirishlar yuz bermoqda, Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish Prezident jamg‘armasi, shuningdek Fanlar akademiyasining Ilmiy-texnikaviy markazi tashkil etilmoqda. Bu Prezidentning 6.08.2018 yildagi PQ–3899-son qarorida nazarda tutilgan, deb yozadi Norma.

Qaror zamonaviy talablar hisobga olingan holda fan va ishlab chiqarish oqilona va samarali integratsiyalanishi, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi va innovatsion faoliyat kompleks rivojlanishini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.  
 
Innovatsion rivojlanish vazirligi tuzilmasida:

• ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy ishlanmalari, texnologiyalari va boshqa innovatsion dasturlari tijoratlashtirilishi va transferini ta'minlash uchun mas'ul bo‘lgan vazir o‘rinbosari qo‘shimcha lavozimi joriy etilmoqda;
• innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish bo‘limi negizida O‘zbekiston Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan 11 shtat birligidan iborat boshqaruv xodimlari sonini qo‘shimcha ravishda ajratgan holda ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish va transfer qilish boshqarmasi tashkil etilmoqda.
 
Quyidagilar yangi joriy etilayotgan lavozimdagi vazir o‘rinbosarining asosiy vazifalari etib belgilangan:

• amaliy natijaga yo‘naltirilgan mahsulotlar va texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlarni o‘tkazishda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ishini muvofiqlashtirish;
• ilmiy-tadqiqot muassasalari amalga oshirayotgan ilmiy ishlanmalarni iqtisodiy rentabelligi yuzasidan muntazam ravishda tahlil qilish va tanlab olish, shuningdek joriy etish va tijoratlashtirish;
• yuksak texnologik va tijoratlashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqish maqsadida ilmiy, ilmiy-ta'lim muassasalari va ishlab chiqarish sektori o‘rtasida integratsiyani ta'minlash;
• ilmiy va innovatsion faoliyat natijalari mualliflariga ilmiy-texnikaviy hujjatlar, biznes-rejalarni tayyorlashda, texnologiyalarni patentlash va litsenziyalashda har tomonlama yordam berish;
• ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish tadbirlarini moliyalashtirish uchun mahalliy va xorijiy investitsiyalar, xalqaro va xorijiy moliya institutlarining grantlari, mablag‘larini jalb etish ishini tashkillashtirish;
• shu sohadagi xorijiy ilmiy va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan ilmiy xodimlar, mutaxassislar va yosh olimlarning xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalarida qisqa muddatli stajirovka o‘tashlari va malaka oshirishlarini tashkil etish;
• ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari bilan aloqasini ta'minlash.
  
Jamg‘arma yuridik shaxsni tashkil etmasdan Innovatsion rivojlanish vazirligi (mablag‘larni tasarruf etuvchi) huzurida faoliyat yuritadi.
 
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari, shuningdek xarajatlar moddalari quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan:

U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutining ixtisoslashtirilgan konstruktorlik-texnologik byurosi negizida Fanlar akademiyasining konstruktorlik byurosi va tajriba ishlab chiqarishiga ega bo‘lgan Ilmiy-texnikaviy markazi tashkil etilmoqda.
 
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan:

• fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish hamda bevosita amalga oshirishda ishtirok etish, shuningdek vakuum-plazma va lazer texnologiyalari sohasidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
• vakuum va plazma texnologiyalari, himoya va manzarali qoplamalar tushirishning yangi usullarini ishlab chiqish, tajriba namunalarini tayyorlash va ularni sinash, import o‘rnini bosuvchi mobil va turg‘un ozon generatorlarini yaratish;
• fanning turli sohalari, yuksak texnologik sohalar va iqtisodiyot tarmoqlari uchun samarali bo‘lgan, quyosh bilan quvvatlantiriladigan lazerlar va quyosh lazerlarini yaratish;
• quyosh nurlanishi konsentratorlarining energetik xususiyatlarini tadqiq qilish hamda olingan innovatsion ishlanmalarni sanoat va qishloq xo‘jaligining turli sohalariga joriy etish;
• ta'limning tegishli bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura ixtisosliklari bo‘yicha ta'lim jarayoni doirasida foydalanish uchun yangi o‘quv dasturlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda ko‘mak berish orqali oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik qilish, o‘quv-uslubiy ish sifati va darajasini oshirishga doir tadbirlarni ishlab chiqish va o‘tkazish;
• priborlar, asbob-uskunalar va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarining tajriba namunalarini yaratish yo‘li bilan fundamental, amaliy fan va innovatsion loyihalar izchilligini ta'minlash;
• mudofaa sanoati uchun mahsulotlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda iqtisodiyotning turli sohalari buyurtmalari bo‘yicha eskirgan asbob-uskunalarni modernizatsiyalash;
• harbiy va ikki xil maqsadda ishlatiladigan mahsulotlar, butlovchi buyumlar, eng yangi materiallar va xom ashyo ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish.
 
Markaz Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Do‘rmon yo‘li ko‘chasi, 33-uy manzilidagi U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti binosida joylashadi.
 
Hujjat 7.08.2018 yildan kuchga kirdi. 

Top