00:36 / 27.08.2018
15839

Investorlarni loyihalarga qanday jalb qilish mumkin?

Sizda misli ko‘rilmagan daromad keltirishi mumkin bo‘lgan g‘oya paydo bo‘ldi va siz shaxsiy biznesingizni ochishga qaror qildingiz. Tez orada badavlat va muvaffaqiyatli bo‘lishga umid qilyapsiz. Biroq g‘oya qanday zo‘r bo‘lmasin, loyihaga pul tikilmasa, bari bekor. Shu o‘rinda pullarni qayerdan olish mumkinligiga doir savol paydo bo‘ladi. 

Albatta, bunday holatlarda inson o‘zining butun mol-mulkni sotishi, do‘stlari yo qarindoshlaridan qarz olishi yoxud kredit olish uchun murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, biroz fikr yuritib, kamxarj yo‘lni tanlash imkoni ham bor, bu - investorlarni jalb qilish. Bugunga kelib muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalarning aksariyati aynan shunday yo‘l tutgan. Ta'kidlash joizki, investitsiyalar nafaqat loyihani boshlab olishga, balki uni kelgusida rivojlantirish uchun ham kerak bo‘ladi. Har kuni dunyoda qandaydir yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi va hech bir loyiha moliyaviy qo‘llab-quvvatlashsiz bozorda uzoq qola olmaydi.

Kerakli kishilar bilan tanish bo‘lsangiz, investorlarni topish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Biroq bunday tanishlaringiz bo‘lmasa-chi? Investorlarni qayerdan topish va ularni qanday qilib aynan sizning loyihangizga pul kiritishi daromad keltirishiga ishontirish mumkin? Buning uchun, birinchidan, mamlakatda biznesga sarmoya kiritishga doir barcha imkoniyatlardan xabardor bo‘lish, ikkinchidan esa, har bir qadamni yaxshilab o‘ylab rejalashtirish kerak.

Biznesga investitsiyalarni qayerdan topish mumkin?

Biznes-loyihalarni moliyalashtirish manbalari yetarlicha. Kerakli mablag‘ni jalb qilishda muvaffaqiyatga erishish uchun barchasi haqida bilish kerak.

Birinchidan, bu - investitsion fondlar. Bu - daromad olish maqsadida ma'lum bir loyihalarga pul kiritishga tayyor jismoniy yoki yuridik shaxslar guruhi. Bunday fondlarning ma'lum bir turlari biznesning aniq yo‘nalishlari uchun javob beradi. Ular qiziq, daromad keltiruvchi loyihalarga faol pul kiritishadi, biroq bu loyihalar sinalgan sohalarga tegishli bo‘lishi kerak. Ular innovatsion g‘oyalar, mutlaqo yangi va original loyihalarga homiylik qilishmaydi. Biroq o‘z g‘oyangiz muvaffaqiyatiga ishonchingiz komil bo‘lsa va u fondlar faoliyat sohalaridan biriga to‘g‘ri kelsa, dadil murojaat qilishingiz mumkin.

Ikkinchidan, venchur tashkilotlar - kapitali xususiy shaxslar mablag‘laridan iborat kompaniyalar bor. Bu tashkilotlar original, ilmiy loyihalarga ko‘p pul kiritadi, biroq bu yerda muayyan jihatlar mavjud. Bunday kompaniyaga pul kiritishni taklif qilib, siz aslida ularga o‘z biznesingizning bir qismini sotasiz. Ulushni keyinchalik sotib olish mumkin, lekin u investor tasarrufida bo‘lganida sarmoyachi ishlarni yuritishga aralashish huquqiga ega bo‘ladi.

Uchinchidan, qiziqarli loyihaga o‘z mablag‘larini kiritishga tayyor muvaffaqiyatli tajribali ishbilarmonni topish mumkin. Bunday ishbilarmonlarning o‘ziga xosligi shundaki, ular odatda g‘oya bosqichidagi biznes-loyihalarga pul tikishadi. Bunday biznes “farishtalari” sizning g‘oyangiz daromad keltirishini oldindan sezishsa, tez orada boyib ketishingizga ishonavering.

Ikkita oxirgi uslub – davlat va banklar. U holatda ham, bunisida ham pullarni qaytarishingizga to‘g‘ri keladi. Bu o‘rinda bank sizdan foizlarni ham talab qiladi. Davlat tashkilotlari esa juda ko‘plab qog‘oz yig‘ishga majbur qiladi. Imkon qadar bu yo‘llarni tanlamagan ma'qul, lekin har ehtimolga qarshi shunday uslublar ham borligini yodda tutgan yaxshi.

Investorlarni jalb qilish – bosqichma-bosqich harakatlar rejasi

Biznesga investitsiya topishga qaror qilgan bo‘lsangiz, biror bir sarmoyachi shunchaki g‘oya unga yoqqani uchun pul bermasligini yodda tuting. Moliyaviy mablag‘ kiritish bilan shug‘ullanuvchilarni birinchi navbatda o‘z daromadi qiziqtiradi. Shu bois mablag‘ jalb qilishda eng asosiysi – investorni kiritilgan pul vositalari unga daromad keltirishiga ishontira olish.

Ko‘pchilik agar g‘oya juda original bo‘lsa, 100 foizlik muvaffaqiyatni kafolatlaydi deb o‘ylaydi. Bu yanglish fikr. Aslida kompaniya, fond va xususiy tadbirkorlarning aksariyati bunday loyihalarga shubha bilan qaraydi. Ularga sizning g‘oyangiz emas, barqaror daromad kerak. Barqarorlikni esa odatda sinalgan, odatiy sohalar ta'minlaydi.

Sizning biznes g‘oyangiz qanchalik kattaligi muhim emas. Uni qanday taqdim etishingiz, sarmoyachilarni loyihaning daromad keltirishiga ishontira olishingiz muhim.

1-qadam. Bu yerda asosiy gap biznes-rejada. Investorlar birinchi navbatda shunga e'tibor qaratishadi. U har tomonlama o‘ylab tuzilgan bo‘lishi, imkon qadar ko‘proq ma'lumotni o‘zida jamlashi kerak. Bular:

  • Loyiha tavsifi;
  • Talab qilinayotgan summaga doir hisob-kitob;
  • Sarmoyachi qo‘lga kirituvchi daromad tahlili;
  • Kiritilgan mablag‘ning qoplanish muddati;
  • Ish rivoji istiqbollari.

Bundan tashqari, mayda detallarga ham katta e'tibor berish kerak. Bu yerda hamma narsa ahamiyatli, hatto rejaning qanday sifatdagi qog‘ozga tushirilgani ham.

2-qadam. Investorga ma'qul keluvchi hamkorlik shaklini to‘g‘ri tanlash juda muhim. Bu shakl biznes-rejada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Investor kiritilgan mablag‘dan qanday qilib daromad olishiga doir jami uch asosiy usul mavjud:

  1. Kiritilgan summadan foizlarni chiqarish;
  2. Kompaniya daromadi foizi;
  3. Biznesdagi ulush.

Siz uchun ikkinchi variant qulayroq. Biroq investorlar bunga har doim ham ko‘naverishmaydi. Bu masala odatda loyiha namoyish qilinganidan keyin muhokama qilinadi. Taklif etilgan hamkorlik usuli investorga ma'qul kelmasa va u boshqa usulda qat'iy tursa, uning shartlariga ko‘ngan yaxshi. Biznesda qat'iylikni namoyish qilish kerak, biroq bu masalada emas.

3-qadam. Muzokaralar. Ularning muvaffaqiyatiga ko‘p narsa bog‘liq. Ularga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish juda muhim. O‘z g‘oyangizning sifatli taqdimotini tayyorlang. Investorlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha ehtimoliy savollarga tayyor turing. Loyihaning hatto eng mayda detali ham shubha tug‘dirmasin.

Agar siz professionalga biznes-reja buyurtma qilgan bo‘lsangiz, muzokaralarga uni maslahatchi sifatida olgan yaxshi. U sizga eng nozik savollarga ham javob topishga yordam beradi va bo‘lg‘usi biznesning barcha jihatlarini izohlay oladi.

Shuningdek, o‘zingizni qanday tutishingiz ham juda muhim, albatta. Bunda so‘zlayotgan ohangingiz, nutqingiz tezligi va tashqi ko‘rinishingiz ham rol o‘ynaydi. Mayda detallar haqida hech qachon unutmang, investitsiyalarni jalb qilishda ular juda muhim.

Agar muzokaralar muvaffaqiyatli tugallansa, sizga shartnomani imzolash taklif etiladi. Tabiiyki, uni diqqat bilan o‘qish kerak. Unda kiritilayotgan mablag‘ summasi, hamkorlik muddati, tomonlar huquq va majburiyatlari yozilganini yaxshilab tekshiring.

Yosh ishbilarmonlarning odatiy xatolari

Tajribasiz, endigina ish boshlayotgan ishbilarmonlar odatda juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishadi. Ularning barchasiga to‘xtalib o‘tirmaymiz. Eng keng tarqalgan to‘rt xatoni keltiramiz:

  1. Aniq daromad miqdorini bilmaslik – muvaffaqiyatsizlik garovi.
  2. Loyihaga zarur mablag‘ summasini bilmaslik. Biznes-reja tuzib, uni amalga oshirishga qancha pul talab etilishini aniq bilish kerak.
  3. Haddan tashqari original g‘oyalar. Agar sizga hali hech kimning xayoliga kelmagan g‘oya kelgan bo‘lsa, bu qanchalik foyda keltirishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Ehtimol, bu g‘oya daromad keltira olmasligi sabab hech kimning xayoliga kelmagandir.
  4. Raqiblar oldida ustuvor jihatlarga ega bo‘lmaslik. Raqobatbardosh ustuvor jihatlarsiz mablag‘ jalb qilib bo‘lmaydi. U muzokaralarga ketayotganda yo‘lda o‘ylab topilgan bo‘lishi kerak emas, haqiqiy bo‘lishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, investorlarning mablag‘larini jalb qilish – amalga oshirish mumkin bo‘lgan vazifa. Shunchaki bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rish kerak.

Top