14:05 / 29.08.2018
4919

Bastian Shvaynshtayger. Professionallikdan ochiq dars

Kecha Myunxenda «Bavariya» va nemis futboli afsonasi Bastian Shvaynshtaygerga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bastian faoliyatining o‘n besh yilini o‘tkazgan «Bavariya» va futbolchi bugungi kunda to‘p surayotgan «Chikago» klubi o‘rtasida xayrlashuv o‘yini tashkil qilindi.

Albatta, Shvaynshtayger ismi tilga olinganda, beixtiyor «Bavariya» va Germaniya terma jamoasi, bu liboslarda futbolchining ajoyib o‘yinlari, gollariyu muvaffaqiyatlari ko‘z oldimizga keladi. Karerasi mana shunday yorqin kechgan boshqa futbolchilar ham ko‘p, masalan: Xavi, Inesta, Buffon, Dzanetti, Giggz...

Ammo Bastian Shvaynshtayger nomini yanada fenomenga aylantiradigan boshqa hikoya ham bor. Uning «Manchester Yunayted»da o‘tgan bir yarim yili. Balki hozir ham, keyinchalik ham, bu bir yarim yil futbolchining eng og‘ir damlari sifatida tasavvur uyg‘otar, bilmadim. Ammo aynan o‘sha, Manchesterdagi Bastian haqida ko‘proq gapirish, uni ko‘proq namuna qilish kerakdek, nazarimda.  

O‘zimizga bog‘liq bo‘lmagan holda bizni ta'qib qiladigan yaxshilik ham, yomonlik ham aslida nisbiy. Biz o‘z munosabatimiz va harakatlarimiz orqali, har qanday yaxshilikni yomonlikka, yomonlikni yaxshilikka aylantirishga qodirmiz. Boylik isrof tufayli yomonlikka, kasallik esa, sabr tufayli, yaxshilikka aylanganidek…

Bastian Shvaynshtayger – nemis futboli afsonasi. Jahon chempioni. «Bavariya» safida 400ga yaqin o‘yinda maydonga tushib, 20dan ortiq sovrin yutgan. Uning nomi doim mana shu klub bilan bog‘lanadi va doim birga tilga olinadi.

U «Manchester Yunayted»ga katta maqsadlar bilan kelgandi, klub muxlislari aynan Bastiandan jamoani eski darajaga qaytishida katta hissa qo‘shishini umid qilgan bo‘lishsa-da, unday bo‘lib chiqmadi. U jamoa safida atigi 18 o‘yinda maydonga tushdi. Faqat 2015 yilning dekabrida «Lester» darvozasiga va 2017 yilning yanvarida «Uigan»ga qarshi kechgan kubok uchrashuvida gol urdi. Lui van Gaal davrida Bastian asosan jarohatlar girdobida qolgan bo‘lsa, Mourino unga ishonch bildirmadi. Keyin Bastian Shvaynshtayger MLS klubi bilan shartnoma imzolab, AQShga jo‘nab ketdi. Bir qaraganda, omadsiz transfer. Umuman bekor ketgan ikki yil. Bir qaraganda…

Bilasizmi, Bastian Shvaynshtayger kabi futbolchilar faqatgina maydondagi chiroyli o‘yinlar, gollar yoki golli paslar orqali esda qolmaydi. Ular futbolda sadoqat, jasorat, qat'iyat, professionalizm timsoli bo‘ladilar, tom ma'nodagi shaxsiyatga aylanadilar.

Aynan shu nuqtai nazaridan, Bastianning aynan «Manchester Yunayted»dagi faoliyati juda muhim ahamiyat kasb etadi. U haqida kelajakda eslanganda, kitoblar yozilganda, uning nafaqat «Bavariya»dagi sovrinlari-yu gollari, Manchesterdagi buyuk namunasi tilga olinaveradi.

Joze Mourino yozda jamoa murabbiyiga aylangach, birinchi ishi o‘ziga kerak bo‘lmaydigan futbolchilarni aniqlab olish edi. Joze Manchesterga kelmasidan oldin Shvaynshtayger uning rejalariga kirmasligiga qaror qilib bo‘lgandi. Boshqalardan farqli o‘laroq, Bastianga imkon ham berilmadi, hatto mavsumoldi yig‘inlarda futbolchiga jamoa bilan birga mashg‘ulotlarda qatnashishga ruxsat tegmadi ham.

«Men mavsumda o‘zimga kerak bo‘ladigan 23 futbolchini aniqlab oldim, boshqasi kerak emas», – dedi Joze Mourino.

Albatta, klub murabbiyning aytganini qiladi, Bastianni sotishga hech kim qarshi emasdi. Ammo futbolchi klubda mo‘may shartnomaga ega, har qanday klub ham uni sotib olishga ep ko‘rmas, Bastianning o‘zi esa, o‘zi yoshligida muxlislik qilgan «MYu» tarixida iz qoldirish umididan voz kechmasdi.

Hali hech narsaga erishmay turib ham, yosh futbolchilar katta shartnomalarga ega bo‘layotgan, biror narsaga erishib esa, murabbiylarga qarshi chiqish, hatto ularning iste'fosiga sabab bo‘lish oddiy normaga aylanib borayotgan bugungi zamonda jahon chempioni, JCh finali eng yaxshi futbolchisiga qilinayotgan muomala edi bu.

Keyinchalik, Shvaynshtayger «MYu»ning yoshlar tarkibi bilan shug‘ullana boshladi. Hech kim haqida hech narsa demadi. Uning futbol olamidagi e'tibori yuqori. Goh unisi, goh boshqasi, ko‘pincha, «Bavariya» vakillari Bastian bilan ro‘y berayotgan bu xunuk holat haqida tanqidiy gaplar aytishdi, murabbiyni ayblashdi, tabiiyki, futbolchining o‘zidan ham fikr olishga harakat qilingandir. Futbolda boriga erishgan va faoliyatini yakunlash arafasida bo‘lgan futbolchining yo‘qotadigan narsasi yo‘q, go‘yoki, baribir, bir kun Bastian portlashiga, Mourino bilan katta janjal yuzaga kelishiga hamma ishonardi.

Bastian esa, shug‘ullanishda davom etdi. Mourino ishongan o‘sha 23 futbolchining ba'zilari ishonchni oqlay olmaganda esa tarkibga qaytdi. Ilk o‘yinida olqishlar ostida zaxiradan maydonga tushdi, golli vaziyat yaratdi. Yana indamadi.

Keyingi safar, yangi murabbiy ostida ilk marta maydonga tushganida, chalqancha zarba bilan gol urdi, o‘sha uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb tan olindi.

Mourino Bastianga tan berdi – «Shvaynshtayger kerak bo‘lganda jamoaga yordam berishi mumkinligi»ni aytdi.

Basti baribir «MYu»da asosiy tanlov emas, ba'zi o‘yinlarda zaxira o‘rindig‘ida o‘tirar, ba'zida esa, umuman zayavkaga kiritilmasdi.

U shug‘ullanishda davom etdi. Nihoyat AQShga ketishga qaror qildi. Barchaga, klub shtabiga, jamoadoshlariga («do‘stlarim» deb xitob qildi), klub muxlislariga, hamma-hammaga minnatdorchiligini aytib, klubda o‘tkazgan unutilmas kunlar ajoyib xotira sifatida qolishini ta'kidlab, xayrlashdi.

Lui van Gaalning 12 transferi ichida eng salmog‘i og‘iri va eng foydalisi aynan Shvaynshtayger bo‘lib qoladi, deb o‘ylayman.

Bastian Shvaynshtayger maydonda «MYu» uchun kutilgan samarani bermagandir, bu shubhasiz. Ammo u shunday iz qoldirdiki, hech qanday muhim gol, hech qanday ajoyib pas yoki driblinglar buning o‘rnini bosa olmaydi. U mana shu so‘nggi yarim yillik faoliyati orqali, hammaga, xususan, «Manchester Yunayted»ning har bir yosh futbolchisiga professionalizmni o‘rgatib ketdi. Endi, qarang, mana shunday holatga yana kimdir tushsa, bunday holatning mantiqsiz, xunuk, adolatsiz bo‘lganini ayta boshlaydimi yoki aynan shu holatda jahon chempioni, YeChL g‘olibi, sakkiz karra bundesliga g‘olibi Bastian Shvaynshtayger o‘zini qanday tutganini eslaydimi?

U butun futbol olamini soat sayin yo‘qolib borayotgan buyuklikka da'vat qilib ketdi. Da'vatning eng go‘zali va ta'sirlisi, bilamizki, o‘z amali bilan qilingan da'vatdir…

O‘sha yaxshilik va yomonlik haqidagi abzatsga qaytadigan bo‘lsak, faqat buyuklargina, mana shunday omadsizlik va muvaffaqiyatsizlikdan ham shu darajada go‘zal hikoya yarata oladilar.

Qahramon Aslanov Manchester Yunayted

Mavzuga oid
Top