20:33 / 31.08.2018
71475

Aleksandr Zaxarchenko Donetskda o‘ldirildi

Tan olinmagan «Donetsk xalq respublikasi» rahbari Aleksandr Zaxarchenko Donetsk markazida ro‘y bergan portlash oqibatida halok bo‘ldi.

«Interfaks» manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Zaxarchenko Donetskdagi Pushkin ko‘chasida, o‘z qarorgohidan bir necha yuz metr masofada joylashgan «Separ» kafesidagi portlashda o‘limga olib keluvchi jarohat olgan va shifoxonaga olib borilgach, jon bergan.

Portlash vaqtida yana 3 kishi jarohatlangan, ulardan biri DXRning daromadlar va soliqlar bo‘yicha vaziri Aleksandr Timofeyev bo‘lib, u ayni vaqtda shifoxonaga joylashtirilgan. Ikki jabrlanuvchining shaxsi hozircha ma'lum emas.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Zaxarchenko suiqasd qurboni bo‘lgan. «Interfaks» ma'lumotiga ko‘ra, unga suiqasd uyushtirganlikda gumonlangan bir necha shaxs qo‘lga olingan. 

Zaxarchenko 42 yoshda edi. 

U 2014 yil avgustidan buyon DXR ministrlar kengashiga rahbarlik qilib kelayotgandi. U bu lavozimda Aleksandr Borodayni almashtirgan. U o‘sha yilning noyabrida respublika rahbarligi uchun saylovlarda g‘alaba qozonib, shu kungacha shu lavozimda qolayotgandi.

Mavzuga oid
Top