08:41 / 31.08.2018
42382

Yeltsin va Klinton 1999 yilda Putin haqida gaplashgan. Suhbat tafsilotlari oshkor etildi

Foto: Vladimir Rodionov / RIA Novosti

Internetda Rossiya sobiq prezidenti Boris Yeltsin va AQSh sobiq yetakchisi Bill Klintonning telefon so‘zlashuvlari rasshifrovkasi paydo bo‘ldi. Hujjatlar Bill Klinton kutubxonasining veb-saytida e'lon qilindi.

Suhbatlardan biri 1999 yil 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan. Uning davomida Yeltsin Klintonga yaqinda bosh vazir vazifasini bajaruvchi lavozimini egallab turgan Vladimir Putin bilan uchrashishi haqida aytgan. 

Shu munosabat bilan Yeltsin Putinning shaxsi haqida bir oz ma'lumot bermoqchi ekanini ta'kidlagan. Bundan tashqari, u aynan uni o‘zining vorisi sifatida tayinlashga qaror qilganini tan olgan.

«Men 2000 yilda kim Rossiya prezidenti bo‘lishi mumkinligini uzoq o‘yladim. Afsuski, o‘sha paytda men munosib nomzodni topa olmadim. Va nihoyat, men uni topdim, Putinni, hamda uning tarjimai holi, qiziqishlari, tanishlari va hokazolarni o‘rganib chiqdim. Men u o‘z mas'uliyati bo‘lgan sohaga e'tibor qaratishi, ishonchli shaxs ekanini aniqladim», - degan suhbat davomida Yeltsin.

Shuningdek, uning ishonch bildirishicha, Klinton Putinni yuqori malakali sherik sifatida ko‘ra oladi. Bundan tashqari, Yeltsin 2000 yilgi saylovlarda xalq Putinni nomzod sifatida qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yulduzlar Putinga yordam berayotgani ma'lum qilingandi.

Top