Sport | 10:59 / 13.09.2018
23463
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyoning to‘rt davlati birgalikda JCh-2030ga mezbonlik qilishi mumkin

Foto: Getty Images

JCh-2030 Osiyoda bo‘lib o‘tishi mumkin, deya xabar tarqatdi Yonhap agentligi. Manbaga ko‘ra, Janubiy Koreya hukumati ushbu mundialga Xitoy, Yaponiya va KXDR davlatlari bilan birgalikda qo‘shma ariza topshirishni rejalashtirmoqda.

«Shu tariqa biz Osiyo shimoli-g‘arbini Koreya yarimoroli bilan bog‘lashga erishishimiz mumkin», - deya tushuntirgan Janubiy Koreya sport vaziri To Chon Xvan.

Ta'kidlash o‘rinliki, JCh-2002ga Yaponiya va Janubiy Koreya birgalikda mezbonlik qilgan edi.

Agentlik xabarida qo‘shimcha qilinishicha, janublik koreyslar 2032 yilgi yozgi Olimpiada mezbonligi uchun KXDR bilan birgalikda ariza topshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Avval o‘zaro urush vaziyatida bo‘lgan mamlakatlar ushbu turnirni o‘z poytaxtlari – Seul va Pxenyanda tashkil etishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, 2020 yilgi yozgi Olimpiada Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lib o‘tadi.

Umuman olganda, JCh-2018dan so‘ng 24-jahon chempionati mezbonligi uchun da'vogarlar soni oshib bormoqda. Dastlab Argentina, Urugvay va Paragvay mamlakatlari buning uchun kurashishi e'lon qilingandi. So‘ngra Afrika qit'asidan Jazoir, Marokash va Tunis davlatlari ham shunga da'vogar ekani xabar qilindi. Sentyabr oyi boshida esa Buyuk Britaniya va Irlandiya JCh-2030ni o‘zida o‘tkazmoqchi ekani ma'lum bo‘lgandi.

Ta'kidlash joiz, 2030 yilda ilk mundial tashkil etilganiga 100 yil to‘ladi. JCh-2022 Qatar, undan keyingi chempionat esa Kanada, Meksika va AQSh maydonlarida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid