Maktabgacha ta'lim Vazirligi Ichki auditi xizmati Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida auditorlik tekshiruvi o‘tkazdi.
Avvaliga ota-onalardan bir banka bo‘yoq olib kelish talabi bilan bog‘liq shikoyat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv ortidan bog‘chadagi ko‘p qing‘irliklar fosh bo‘lgan.
«MTM mudirasi xonasida vazirlik auditorlarini o‘zini metodist deb tanishtirgan ayol kutib oldi. Tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan ayol, aslida amaldagi mudiraning onasi ekanligini tan oldi va bu yerda ishlamasligini aytdi. Keyingi tergovlar shuni ko‘rsatdiki, avvallari jinoiy javobgarlikka tortilgan bu ayol aslida MTMning pul oqimlarini shaxsan o‘zi nazorat qilib kelgan.
Shu shikoyatlar asosida o‘rganib chiqilganida, ota-onalar hamda xodimlar «Nodira opa» degan ayolni mudira deb bilishlarini aytishgan.
O‘tkazilgan tekshirish ishlari davomida misli ko‘rilmagan miqyosdagi o‘g‘rilik va poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yilgani ma'lum bo‘ldi. Amaldagi mudiraning onasi uzoq yillar davomida daxlsizlik va jazosiz qolishga odatlangan ekan. U MTV auditorlariga do‘q-po‘pisalar qilib, jismoniy putur yetkazish tahdidi bilan MTMga tegishli hujjat va ma'lumotlarni taqdim etishdan bosh tortdi. Tekshirish ishlari ota-onalar tez-tez so‘raydigan savollarga javoblarni aniqlab berdi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.
Bog‘cha bolalarini ovqatlantirish holati
Ma'lum bo‘lishicha, auditorlik ishlari o‘tkazilgan kuni menyu uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan 56,2 kg go‘sht ombordan olingan, ammo u qozonlargacha yetib bormagan. Ajratilgan mahsulotning o‘rniga bir kun avval qaynatilgan 8,98 kg miqdoridagi go‘sht topilgan.
Aniqlanishicha, amaldagi «qo‘g‘irchoq» mudiraning onasi har kuni go‘shtning yarmini o‘zi uchun olib qo‘yishni odat qilgan.
MTV auditorlari «navbatchi go‘sht» deya talqin qilinadigan go‘shtni topishgan, bunday go‘sht odatda komissiya vakillari va tekshiruvchilarga namoyish qilish uchun saqlanadi. Muassasa tez-tez va oshkor tekshirishlar obektiga aylangach, MTM xodimlari eski go‘shtni chiqindilar idishiga solishgan va hujjatlarni yashirish uchun «Maxsustrans» mashinasini chaqirishgan.














