10:19 / 01.10.2018
6033

Yevropaning eng yaxshi futbol menejyeri «Yuventus»dan nega ketayotganini tushuntirdi

«Yuventus»ning sobiq bosh direktori Juzeppe Marotta o‘z lavozimini tark etishi sabablariga to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, klub prezidenti Andrea Anelli bilan o‘rtasidagi munosabatlari sovuqlashi sabab iste'fo berishga qaror qilgan. Bu haqda Corriere della Sera gazetasi ma'lum qilgan.

«Klub prezidenti Andrea Anelli bilan ishdagi aloqalarimiz yo‘qolib qoldi. Bu kishining xafsalasini pir qiladi. Qaror qabul qilib bo‘lindi va men ortiq «Yuventus» direktorlar kengashi a'zosi emasligimni e'lon qildim. Bu qaror aynan «Yuventus»ning o‘z tashabbusi, FIAT`niki emas», - deya ta'kidlagan Marotta klub homiysi hisoblanuvchi «FIAT Group» avtokonsernini nazarda tutib.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yildan buyon «Yuve» bosh direktori vazifasida ishlab kelgan 61 yoshli funktsioner kecha A Seriyaning navbatdagi turida «Napoli» ustidan qozonilgan g‘alabali o‘yindan keyin (3:1) o‘z lavozimini tark etishini e'lon qilgan edi.

«Vakolatim muddati 25 oktabr kuni tugaydi va uzaytirilmaydi. Men Italiya Futbol Federatsiyasi prezidentligiga nomzodligim haqidagi xabarlarni butkul rad etaman. Bu meni qiziqtirmaydi. Ketishim tafsilotlarini keyinroq ma'lum qilaman», – deb aytgan edi Marotta.

Ma'lumot o‘rnida, 2010 yili klub prezidenti etib saylangan Andrea Anelli bosh direktor lavozimiga Juzeppe Marottani olib kelgan edi. Oradan bir yil o‘tib, Marotta «Yuventus»ga Antonio Konte bosh murabbiy etib tayinlanishiga erishgan, 2012 yilda esa «Yuve» 6 yil ichida birinchi marta Italiya chempioni bo‘lishni uddalagan edi.

Umuman olganda, Marottaning 8 yillik boshqaruvi davrida «keksa sinora» 7 marta Italiya chempioni bo‘lishga erishdi.

Tajribali mutaxassis 25 sentyayur kuni Yevropada yilning eng yaxshi futbol menejyeri deb e'tirof etilgan edi.

Top