15:28 / 05.10.2018
21184

«Allo, yong‘in xavfsizligimi? Yordam bering, uyimni suv bosdi!»

Kulmang! Kulishga shoshmay turing. Agar sizning uyingizni suv bossa, «Suvoqova» korxonasiga telefon qilib, uch marta borib ham ishingiz bitmasa, barcha tegishli tashkilotlarga kirib chiqsangiz-u hech kim eshitishni istamasa, bir umr mehnat qilib, epaqaga keltirgan uyingiz ko‘z oldingizda avariya holatiga kelib qolishiga tomoshabin bo‘lib tura olasizmi? Najot kutib, yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi tugul, o‘simliklarni himoya qilish inspeksiyasiga ham telefon qilib yuborasiz.

Bundan bir necha kun oldin — 30 sentabr kech soat 18:00 atrofida Samarqand shahri, Dahbed ko‘chasida joylashgan 83-uy yerto‘lasidan suv chiqa boshladi. Avval salgina sizib chiqayotgan suv bosimi biroz vaqt o‘tib kuchaya boshlagach, uy egalari sarosimada qoladi. Xonadon sohibi, III guruh nogironi Jahongir Halimov Samarqand shahar «Suvoqova» korxonasiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntiradi. Ammo hadeganda bu tashkilot ishchilari kelavermaydi. Suv esa borgan sari ko‘tarilib borardi. Fuqaro korxonaga o‘zi yetib boradi.

— Butun boshli korxonada meni eshitadigan odam yo‘q, — deydi uy egasi Jahongir Halimov. — Navbatchilarga vaziyatni tushuntirdim, iltimos qildim, asablarim qaqshab baqirdim ham, qani birov tushunsa. «Hozir butun shaharda ichishga suv yo‘q-ku, uyingizni qanday suv bosadi?» deyishgach, uyga qaytdim. Yerto‘ladagi suv yarim metrdan oshgan, allaqachon hamma joy nam tortgan. Uy qulab, biror falokat bo‘lishidan qo‘rqib, oilamni, zarur narsalarni olib ko‘chirdim. Yana «Suvoqova» korxonasiga bordim. O‘sha ahvol, butun shaharga faqat bitta ekskovator va bitta suv tortadigan mashina xizmat qilishi, Cho‘ponota mavzeida avariya bo‘lgani uchun texnika o‘sha yerga yuborilganini aytishdi. Bu orada uydan qo‘ng‘iroq qilib, suv ko‘tarilayotganini aytishgach, uyga yugurdim. Tanish-bilish orqali suvni tortish bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona topdim. Uch mashina suv chiqardik, ammo qolganiga mablag‘ yetmadi. Yana «Suvoqova» korxonasiga bordim. Rahbarlariga vaziyatni tushuntirib, yordam so‘ramoqchi edim, lekin biror-bir xodim rahbarining ham, bosh muhandisning ham telefon raqamini berishni istamadi: «Aytsak, ishdan ketamiz!».

Nimadir qilish kerak: kechasi bo‘lsa ham, tavakkal qilib, Samarqand shahar hokimligiga bordim. Ehtimol, hokimlik vakillari qo‘ng‘iroq qilishsa, yordam berishar degan umidda edim. Ammo navbatchi qo‘riqlash xizmati xodimidan boshqa hech kim bo‘lmagach, tabiiyki, ichkariga ham kiritishmadi. Mas'ullarning telefon raqamini so‘rab iltimos qilib ko‘rdim, foydasiz. Shundan so‘ng viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga bordim. Yordam so‘radim, holatni tushuntirdim, qani endi sal jiddiyroq qabul qilishsa: «Odam o‘ldimi yo biror mashina pachoq bo‘lib ketdimi? Bizga nima aloqasi bor?»

Xullas, uyini suv bosayotgan J.Halimov tungi soat 1:00 gacha idorama-idora sarson bo‘lib, uyga noumid qaytadi. Endi bittagina najot bor, iltimos qilib, yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi texnikalari bilan suvni tortib olish mumkin. Ammo vaziyatni tushunarmikan, axir ularda ham uy-joy bordir… Shu umidda qo‘ng‘iroq qilib, yong‘in xavfsizligi bo‘linmasiga boradi. Afsuski, boshiga ish tushgan bu odam bo‘linmada ham kulgiga qoladi. Qo‘yingki, kechasi uyini suv bosayotgan fuqaroga butun boshli Samarqandda hech kim yordam qila olmaydi yoki istamaydi.

Yaxshiyam qo‘shnilar, oshna-og‘aynilar bor ekan, suv tortish uchun yana xususiy korxona xodimlarini topib kelishgach, jami 10 mashina (70 tonna) suv chiqariladi.

— Ertasi kuni Samarqand shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi haqida eshitib, o‘sha yerga bordim, — davom etadi J.Halimov. — Bo‘lim boshlig‘i kelib ahvolni ko‘rgach, shahar «Suvoqova» korxonasiga qo‘ng‘iroq qildi. Hech qancha o‘tmay, kerakli texnikalar bilan «Suvoqova» xodimlari yetib kelishdi. Tezda yorilgan suv quvurini topib, yamashdi. Avvaliga yorilgan quvurga shunchaki yog‘och tiqin qo‘yishmoqchi edi, oxirgi hafsalam bilan ularga qarshilik qildim, viloyat uy-joy kommunal xizmat boshqarmasi rahbariga murojaat qilib, payvandlattirdim. Meni hayron qoldirgan narsa — «Suvoqova» korxonasi xodimlarining bir fuqaro kechasi bilan yalinib-yolvorganiga pinagini buzmagani holda mas'ul idora rahbarining bitta qo‘ng‘irog‘iga yetib kelgani edi. Axir avariya-dispetcherlik bo‘limlari aholi bilan ishlamaydimi?

Voqeani joyida o‘rganish uchun ushbu xonadonga borganimizda, uyning devorlari shiftgacha darz ketib, yorilganiga guvoh bo‘ldik. Uy egalari ijaraga joy topib chiqib ketishgan. Hatto, qo‘shni xonadonlar ham zarar ko‘rgan. Holbuki, fuqaro murojaati o‘z vaqtida ko‘rib chiqilganida, bu uylarni saqlab qolsa bo‘lar edi. Xo‘sh, endi bu zararni kim qoplaydi? Umuman, fuqarolarning murojaatlariga bu qadar e'tiborsizlik, bu qadar bepisandlik qachongacha davom etadi? Masalaga tegishli tashkilotlarning izohini kutib qolamiz.

Anvar Mustafoqulov,

jurnalist

Top