Stiv Jobsning qizi otasi haqidagi qiziq ma'lumotlar bilan bo‘lishdi
Liza Brennan-Jobsning otasi Stiv Jobs bilan murakkab munosabatlari haqidagi Small Fry kitobidan parchalar MakeRight.ru'da taqdim etildi.
Stiv Jobs dunyoga kelganida uning ota-onasi yosh bo‘lgan. Otasi - suriyalik Abdulfattoh Jandaliy Viskonsin universitetida o‘qituvchi yordamchisi bo‘lib ishlagan, xuddi shu oliygohning magistratura bo‘limida esa Stivning onasi - Joan Shible tahsil olgan. Juftlik moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lmagan, Joanning ota-onasi bu nikohga mutlaqo qarshi bo‘lishgan, otasi hatto yigit bilan aloqani uzmasa, uni merosdan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.
Joan bolani San-Frantsiskodagi xususiy shifokor huzurida dunyoga keltirib, uni Pol va Klara Jobslar qo‘liga topshirgan. 30 yil o‘tib, Stiv Jobs o‘zining biologik ota-onasini izlab topgan, biroq u Pol va Klarani haqiqiy ota-onasi deb bilgan. Zero ular oddiy odamlar (Pol - avtomexanik, Klara - hisobchi) bo‘lishiga qaramay, unga ko‘p narsani o‘rgatishgan. Shundan bo‘lsa-da, Stiv o‘z ota-onasi undan voz kechganini unuta olmagan va bu uning atrofdagi odamlar bilan munosabatlariga katta ta'sir ko‘rsatgan.
Ota va qiz tarixi
Rassom Kris Brennan Stiv Jobsning birinchi muhabbati bo‘lgan, ular 1972 yilda Kupertinodagi o‘rta maktabda tanishishgan. Kris bir guruh do‘stlari bilan multfilm ishlash bilan shug‘ullangan. Tez orada Stiv unga e'tibor qaratib, yordam bera boshladi. Ular tog‘li hududdan ijaraga uy olishgan. U paytlar Jobs Stiven Voznyak bilan blue box qurilmalarini sotgan, bu qurilmalar yordamida butun dunyo bo‘ylab bepul qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan. Kris Brennanning oilasidagi sharoit nosog‘lom bo‘lgan, otasi ko‘pincha safarda bo‘lar, onasi esa ruhiy jihatdan nosog‘lomligi sabab qizi bilan yomon munosabatda bo‘lar edi.
Yosh Jobs onasining eshigi tagiga qiziga mehrli bo‘lishni so‘rab xatlar qoldirgan, biroq bu yordam bermagan. Tez orada Jobs eng qimmat va nufuzli Rid kollejda o‘qish istagida Oregonga yo‘l olgan. Ma'lum bir muddat ular aloqada bo‘lishgan, keyin esa Kris boshqa yigit bilan uchrasha boshlagan. Stiv kollejni tark etgan. Krisning xiyonati unga og‘ir botgan va bu ularning keyingi munosabatlariga ta'sir ko‘rsatmay qolmagan.
Ma'lum bir vaqt o‘tgach, ular yana uchrasha boshlashgan. Ikkisi ham alohida Hindistonga borib, "ashram"larda yashashga ulgurgan, ayriliqdan so‘ng ikki yil o‘tgan bo‘lgan. Bu vaqtga kelib Jobs va Voznyak Kupertinoda yagona ofisga ega Apple kompaniyasiga asos solishgan. Kris qadoqlash bo‘limida ishga joylashgan. Ular umumiy kelajak rejalarini qurishmagan.
Kris ishini o‘zgartirib, qaysar va og‘ir xarakterli Stivni tark etmoqchi bo‘lganida homilador ekanini bilib qoladi. Stiv otalikni tan olmaydi. Kris Apple'dan ketib, pul topishning turli yo‘llarini izlaydi, farzandli bo‘lgach esa bola uchun to‘lanadigan pulga kun ko‘radi. Uning hech qanday doimiy daromadi, mashinasi va uyi bo‘lmagan. Qizi Lizani u do‘stlarining fermasida dunyoga keltiradi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning suratini Jobsga yuborishadi va u o‘ziga o‘xshash qizchani ko‘rishga keladi. Shunday bo‘lishiga qaramay, u otalikni rad etishda davom etadi. Shundan so‘ng Stiv anchagacha Krisning hayotiga aralashmaydi. U kompyuter ixtiro qilib, uni Lisa deb nomlaydi, biroq umrining so‘nggi kunlarigacha qizining sharafiga shunday qilganiga iqror bo‘lmaydi.
Kris farzandi bilan yolg‘iz qoladi. Dastlab moliyaviy qo‘llab-quvvatlashsiz juda qiynaladi, hatto ota-onasi unga yordam bera olmagan vaqtlarda u Lizani boshqa oilaga berish haqida ham o‘ylagan, lekin bunday qila olmagan. Sekin-asta ularning hayotida barqarorlik paydo bo‘la boshladi: 2 yoshli Liza bolalar bog‘chasiga joylandi, Kris esa ofitsiant bo‘lib ishlaydi. Stiv ularning hayotida paydo bo‘lmagan va umuman yordam ham bermagan.
1980 yilda Kris Brennan okrug prokurori bilan birga alimentga da'vogarlik qiladi: bundan tashqari Jobs davlat tomonidan bolaga to‘langan pulning o‘rnini to‘ldirishi kerak bo‘lgan. Jobs bepusht ekani va farzand ko‘ra olmasligini aytib, qasam ichgan. U Lizaning otasi mutlaqo boshqa inson ekanini ta'kidlagan, biroq DNK tahlil aynan Stiv qizning otasi ekanini tasdiqlagan. U oyiga 500 dollar to‘lashga va ijtimoiy xarajatlar o‘rnini 6 ming dollar bilan qoplashga hamda Liza 18 yoshga to‘lgunga qadar tibbiy sug‘urtani to‘lashga mas'ul bo‘lgan.
Ish uzoq davom etgan va oxir-oqibat Jobs da'vogarning barcha talablarini qoniqtirgan. Bir necha kundan keyin Apple Jobsga ulkan boylik - 200 million dollar keltiradi.
Tez orada Stiv vaqti-vaqti bilan qizidan xabar ola boshlaydi. Uni uyiga olib ketib, joiz deb hisoblagan paytda barcha kerakli narsalarni sovg‘a qilardi. Liza otasi, uning mashhurligi, chiroyli uyi bilan faxrlana boshlagan. Stiv uylanganidan keyin Liza to‘rt yil ularning uyida yashagan va juftlikka Ridni katta qilishda ko‘mak bergan. Shunday bo‘lsa-da, Stiv Lizaning kollejdagi o‘qishi uchun pul to‘lashdan bosh tortgan. Bunga birinchidan, qizning uy ishlaridagi yordami tegayotgani sabab bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchidan, u kollejlarni mustaqil fikrlashga emas, birovlarning fikrlarini yodlashga o‘rgatuvchi keraksiz muassasa deb hisoblardi. Qizning kollejdagi o‘qishi uchun qo‘shni - badavlat yuristlar oilasi pul to‘lagan, zero ular otaning Lizaga bo‘lgan munosabatidan taajjubga tushishgan.
Liza kollejni tugallab, voyaga yetganida uning otasi bilan munosabatlari kichik tanaffuslar bilan davom etgan. Ular bir urishib, bir yarashishgan. Stiv o‘limiga yaqin qolgandagina otalikni tan olmagani, yetarlicha e'tibor qaratmagani, uning ta'limi bilan shug‘ullanmagani uchun qizidan kechirim so‘ragan. Qiz otasini kechirgan, biroq bu vaqtga kelib uning yoshi ulg‘aygan, vaziyatni to‘g‘irlash uchun allaqachon kech bo‘lgandi.
Lizaning kitobi nafaqat Jobsga, balki uning bolaligi, katta bo‘lishi, onasi va atrofdagilar bilan munosabatlariga ham bag‘ishlangan.
Ko‘p bolalarda ota-onasidan uyaladigan davrlar bo‘ladi
Liza 7 yoshigacha deyarli tanimagan otasidan emas, real hayotga moslashmagan, lekin shu bilan birga qat'iy va mard onasidan uyalgan. U onasi o‘ziga munosib bo‘lmagan kishilar bilan uchrashganidan uyalgan, ularga onasini rashk qilgan. Onasi esa nochorlikdan, qiziga u istaganicha sharoit yaratib bera olmayotganidan qiynalgan.
Liza onasini yaxshi ko‘rgan, lekin uning nazdida Kris haddan tashqari sodda bo‘lgan.
Jobs Kris va qizini o‘zining 30 yoshligini nishonlashga taklif qiladi. Kiyishga tuzukroq kiyimi bo‘lmagan ayol so‘nggi daqiqalarda tadbirga bormaslikka qaror qiladi. Kris tez-tez depressiv kayfiyatda bo‘lgani uchun Liza aynan shu omil onasini barcha imkoniyatlardan mahrum qilgan degan xulosaga kela boshlaydi.
Ba'zan muvaffaqiyatsizlik va yoqimsiz holatlar insonda iliqlik uyg‘otadi
Og‘ir xarakteriga qaramay, Jobs yovuz yoki nodon inson bo‘lmagan. Har holda qizi shunday fikrda. U kitobda otasini baholashdan yiroq, shunchaki hayotiy dalillarni keltiradi.
Stiv keyingi tug‘ilgan kun marosimlaridan biriga yana Liza va Krisni taklif qiladi va ular nihoyat kelishadi. Bu vaqtga kelib qizi otasining badavlat va mashhur inson ekanini bilar edi. Hovlining o‘rtasida ulkan batut bo‘lib, Jobs qizini unda birga sakrashga taklif qiladi. Bunday lahzalarda ular baxtli ota-boladek tasavvur uyg‘otishardi.
Tez orada Jobsning hayotida kutilmagan hodisalar ro‘y bera boshladi - uni faqat direktorlar kengashida qoldirib, Apple'dan haydashadi. U yangi Next kompaniyasi faoliyatini yuritadi, Pixar studiyasi bilan shug‘ullanadi. U qizi va Krisdan tez-tez xabar ola boshlaydi, uchovlon ko‘pincha rolikda uchishar edi. Stivning muvaffaqiyatiga qaramay Kris u bilan munosabatlarni tiklashga harakat qilmaydi - u shunchaki qiziga hamrohlik qilardi.
Stiv Jobsning obrazida o‘ziga xos qarama-qarshiliklar bor edi: u yirtiq jinsi shimda yuruvchi badavlat kishi bo‘lgan, uning do‘stlari va tanishlari juda ko‘p bo‘lgan, lekin u odamlar bilan qanday muomala qilish kerakligini bilmagan, u mashhur bo‘lishiga qaramay, yolg‘iz bo‘lgan.
Nasl va taqdir
Bir kuni Jobs Kris va Lizaning oldiga yosh ayol bilan birga boradi va uni o‘zining tug‘ishgan singlisi - yozuvchi Mona Simpson sifatida tanishtiradi, ularning o‘zi ham yaqindagina tanishgan bo‘ladi.
Jobs tanilib, boyib ketganidan keyin o‘zining biologik ota-onasini izlab topishga qaror qiladi. U bazo‘r o‘zini dunyoga keltirishga yordam bergan shifokorni izlab topadi, biroq u shifokorlik siri sabab Stivga onasining ismini ayta olmasligini aytadi. G‘azabnok Jobs ketganidan keyin doktor uning tug‘ilishi bilan bog‘liq qog‘ozlar va alohida konvertni tayyorlab, unga "Vafotimdan so‘ng Stiv Jobsga yo‘llansin" deb yozadi va yurak xuruji sabab hayotdan ko‘z yumadi. Shu tariqa u onasi va tug‘ishgan singlisini izlab topadi.
Mona Stivdan bir necha yosh kichik edi. Stivni boshqa oilaga topshirgandan keyin juftlik oxir-oqibat oila qurgan va qiz farzandli bo‘lgan. Turmush uzoqqa cho‘zilmagan, ota oilani tark etib, Mona bilan deyarli muloqot qilmagan. Simpson - keyinchalik qizga otalik qilgan kishining familiyasi bo‘lgan. Mona va Stiv go‘yo uzoq yillardan beri tanish odamlardek muloqot qila boshlashgan.
Mona akasining qizi Lizaga yaxshi munosabatda bo‘lgan, unga sovg‘alar bergan, xat yozgan. U Kris va Liza uchun mebel xarid qilgan, akasini ular haqida qayg‘urishga, ularga yaxshi uy sotib olishga chorlagan. Oxir-oqibat Stiv shunday qilgan ham.
Jobs biologik otasi bir vaqtlar universitetda dars bergani, keyinchalik kafe ochgani va hatto u yerda Stiv Jobs tushlik qilishi bilan maqtangan ham (u vaqtlar Jobs o‘g‘li ekanini bilmagan). Stiv u bilan uchrashishni xohlamagan, otasi ham bunga katta qiziqish bildirmagan. Shunday bo‘lsa-da, otasi Jobsning o‘limi oldidan u bilan telefon orqali bog‘lanishga uringan, biroq bu hech qanday natija bermagan - Jobs biologik otasini kechira olmagan.
Stivning otasiga o‘xshash yagona jihati - otalik oldidagi qo‘rquv bo‘lgan. Jobs otasinining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lsa ham, uning o‘zi shu xatti-harakatlarni qanchalik takrorlayotganini sezmagan. Uning yaqin do‘stlari guvohlik berishicha, Stiv doim cho‘ntagida qizi Lizaning suratini olib yurgan, biroq u haqidagi savollarga shunchaki qizi yolg‘izligi sabab qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Uy o‘z egasining tabiatini aks ettiradi
Lizaning xotirlashicha, uy xonalari shunchaki mebel bilan jihozlangan apartamentlarga o‘xshagan bo‘lgan. Stivning yotoqxonasida faqat gilam, matras va ulkan televizor bo‘lgan. Uyda hamma narsa ulkan bo‘lgan: bo‘m-bo‘sh oshxona, engashmay o‘tish mumkin bo‘lgan kamin, baland shiftli vannaxona - qisqa qilib aytganda, qulayligi bo‘lmagan tashlandiq mehmonxona.
Uyni ko‘rganda go‘yoki Jobs bu uyda yashamagan, vaqti-vaqti bilan mehmonga kelib turgandek tasavvur uyg‘otgan. Lizani otasidan qolgan xonalarda nima borligini so‘raganida u bilmasligi, chunki hali ularni ko‘rmaganini aytgan. Vaqt o‘tishi bilan Liza ularni ko‘zdan kechirgan va ularni ham bo‘m-bo‘sh ko‘rgan. Hovlida suzish havzasidan tashqari daraxtlar va o‘t-o‘lanlar orasida katta tennis korti ham bo‘lgan. Jobs tennis o‘ynashni bilmagan va undan foydalanmagan ham, ammo u pianino chalgan.
Jobs va Liza uydan chiqayotganida qizi otasidan nima uchun eshikni yopmasligi haqida so‘ragan. U uyda o‘g‘irlash mumkin bo‘lgan narsaning o‘zi yo‘qligini aytgan.
Lizaning fikricha, mana shu ulkan, bo‘m-bo‘sh uy egasining tabiatini aniq aks ettirgan. U qanchalik baland ko‘tarilgani sari hayotidagi bo‘shliq va yolg‘izlik ko‘proq sezilardi. U qizi bilan munosabatlarini yaxshilashga harakat qilgan, biroq buni qanday qilish kerakligini bilmagan. Jobs boy va mashhur bo‘lgan, bu bilan faxrlangan, ammo bu unga katta xursandchilik olib kelmagan.
Mukammallashtirilgan obraz haqiqatda sinovlarga dosh bermasligi mumkin
Liza Jobsning uyiga ko‘chib o‘tganidan so‘ng otasining ishonchini oqlashga astoyidil harakat qildi. U bolalarga qarashda ko‘maklashar, Lorenga yaxshi munosabatda bo‘lar edi - u oilaning bir qismiga aylanishni xohlardi. Dastlab biroz qiynaldi, lekin keyinroq hammasi iziga tushdi. Stiv unga familiyasini Jobsga almashtirishni taklif qildi, lekin Liza bu onasiga nisbatan ikki baravar adolatsizlik deb hisoblardi. Oxir-oqibat u Liza Brennan-Jobs bo‘lishga rozilik beradi. Lizaga kiyim-kechakni Loren xarid qilardi, Stiv ba'zan qizining maktab hayotida ishtirok etar, ekskursiyaga borish kerak bo‘lsa, transport bilan yordam berardi.
Stiv bir tomondan qizining maktabdagi yutuqlaridan quvonardi: u sinf prezidenti etib saylangan, turli spektakllar va sinfdan tashqari tadbirlarda ishtirok etgan, biroq bularning bari vaqt talab qilar edi.
Loren o‘zining sog‘lom taom kompaniyasini yaratish ustida ishlardi. Ularning uyida soat 17:00 gacha ishlaydigan xizmatkor bor edi, ammo Stiv uyga qaytganida unda begonalar bo‘lishini istamas edi. Bu esa xizmatkor ketishi bilan Liza uning o‘rnini bosishi kerak, degani. Shu bois tez orada Stiv qizining maktabdagi yutuqlaridan quvonmay qo‘ydi.
Liza imkoni boricha ularga yordam berishga harakat qilar edi, biroq o‘zini doim ularning ishonchini oqlay olmayotgandek va to‘laqonli oila a'zosi bo‘la olmayotgandek his qilardi. U haqida qayg‘urishar edi, uni xafa qilishmasdi, biroq shugina xolos. Bu yerda hech kim unga onasi kabi xayrli tun tilamas edi. U otasidan mehr istardi. Masalan, Stiv kichik Ridni suratga olayotganida Lizadan chetga o‘tib turishni so‘rardi va bu bilan uning dilini og‘ritayotgani haqida o‘ylmasdi. Hatto Stivning turmush o‘rtog‘i Loren ham unga bunday munosabatda bo‘lmagan.
Shunday paytlarda Liza ko‘p kitob o‘qir edi va Harvardga o‘qishga kirish haqida orzu qilardi. U bu otasiga yoqmasligini bilardi.
Sekin-asta Liza ko‘proq onasi bilan qola boshladi. U onasiga otasining mehrsizligini aytib arz qilardi. Kris qiziga otasi uni yaxshi ko‘rishi, lekin "yo‘qotilgan yuragi" sabab bu haqida o‘zi ham bilmasligini aytardi.
Liza faqat ukasi Ridga emas, balki qo‘shnilar - advokatlar Kevin va Dorotilarning ham 3 yoshli o‘g‘liga qaragan. Ular Lizani yaxshi ko‘rishar, boz ustiga ko‘pincha qizni mazali taom bilan mehmon qilishar edi. Jobs qizining Harvarddagi o‘qishi uchun pul to‘lashdan voz kechganida aynan Kevin va Doroti to‘lovni kiritishadi.
Shu kabi voqealardan keyin Jobsning mukammallashtirilgan obrazi o‘z jozibasini yo‘qotadi. U endi qizi uchun bolaligidan undan xabar olmagan sovuq xudbin kishidek ko‘rinardi. Biroq qanday bo‘lmasin, u otasi edi, ota-onani esa tanlab bo‘lmaydi.
Ba'zan xatolarni juda kech tushunib yetamiz
Harvardda o‘qib yurgan kezlarida Liza talabalarga yordam beruvchi bepul psixoterapevtga murojaat qiladi. Psixoterapevt ertami-kechmi Jobs buni tushunishi, lekin juda kech bo‘lishini aytadi.
Stiv keyinchalik ham Lizaga nisbatan o‘zini g‘alati tutdi. U qizining Harvarddagi bitiruv tadbiriga keldi. Bu vaqtga kelib uning Loren bilan uchinchi farzandi dunyoga kelgandi. Ba'zi intervyularda u uch farzandi borligini aytgan, holbuki Liza bilan hisoblaganda u to‘rt farzandning otasi edi. Krisning talabiga binoan Stiv Jobs qizining universitetdagi o‘qishiga pul sarflagan qo‘shnilarining pullarini qaytardi.
Ota va bolaning munosabatlari tiklanganida Liza 30 yoshga yaqinlashib qolgan edi - bu vaqtga kelib u moddiy jihatdan otasiga qaram emasdi. Jobs uni oilasi bilan birga yaxtada sayr qilishga taklif qilar va imkon qadar ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qilardi. Bir kuni u qizini yaxtada do‘sti, musiqachi Bononing oldiga olib bordi. Liza bilan tanishgan Bono Stivdan ilk kompyuterlaridan birini uning sharafiga nomlagan yoki yo‘qligiga qiziqdi. Bunga qadar bu savol juda ko‘p marta berilgandi, biroq Jobs bunga rad javobini berib, boshqa bir sabablarni o‘ylab topishga harakat qilardi. Bonoga esa u xuddi shunday bo‘lgani, qurilmani qizining sharafiga nomlaganiga iqror bo‘ladi. Liza Bonoga savol uchun minnatdorchilik bildiradi, zero birinchi marta bu savolga tasdiqlovchi javob qaytarilgandi.
Bir necha yildan so‘ng, Stiv bedavo dardga yo‘liqib, saratonga qarshi kurashayotgan vaqtda Liza u bilan uchrashib, hammasi uchun undan minnatdor ekanini aytadi. Jobs bundan juda quvonadi. Shundan keyin unda jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi o‘tkaziladi, biroq bu yordam bermaydi - saraton rivojlanishda davom etdi. Uning ahvoli borgan sari yomonlashib borardi, lekin Lizaga qandaydir mo‘'jiza ro‘y berib, otasi tuzalib ketadigandek tuyulardi.
Lizaning onasi Kris ham dardga chalinadi, Liza otasi, onasi va aspirantura o‘rtasida yugurardi. Bir kuni Jobs Lizaga xat yozib, undan uyiga kelishni so‘raydi. Qiz Stivning uyiga kelganida otasi to‘shakda yotib, suratlarni ko‘zdan kechirar edi. U Lizani ko‘rib, kutilmaganda yig‘lab yubordi. Stiv qiziga bu oxirgi uchrashuv ekanini aytib, barchasi - bolaligida yetarlicha e'tibor bermagani va bundan keyin ham imkoni bo‘lmasligi uchun kechirim so‘radi. U qizining oldida doimo qarzdorligicha qolishi, biroq bu qarzni uza olmasligini aytib, ko‘z yosh to‘kkan.
Ota va bola yana bir necha marta ko‘rishashadi va Stiv qiziga bo‘lgan voqealarda faqat o‘zi aybdorligini aytadi. Liza butun umr otasining uzr so‘rashini kutgandi, u yengil tortdi va yashashda davom etdi. U o‘zi istagandek ish topib, Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tdi, u yerda sevimli insonini uchratadi. Uning bolalikdagi armonlari otasi bilan birga ketadi va qiz onasi bilan yaqinlashadi.
Liza Brennan-Jobs ushbu kitobni sevimli kishisiga bag‘ishlagan - endi otasi uning kumiri emas. Kitob qiziqarli va aksariyat tanqidchilar Lizaning yozuvchilik iste'dodini qayd etishmoqda.
Mavzuga oid
14:39 / 06.12.2024
Angela Merkelning kitobi startdayoq bessellerga aylandi
13:34 / 07.10.2024
Turkiyada Islom Karimov haqida kitob nashr qilindi
11:53 / 06.10.2024
O‘quv markazi, kitob do‘koni va SMM: Ikki yilda uchta biznes ochgan yosh tadbirkor hikoyasi
14:40 / 31.08.2024