01:44 / 22.10.2018
6558

Bekzod Abdurahmonov jahon chempionati bronza medali sohibi bo‘ldi

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati start oldi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Bugun erkin kurash bo‘yicha musobaqada medallar uchun bahslar o‘tkazildi. Quvonarlisi, -74 kg vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Bekzod Abdurahmonov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Abdurahmonov musobaqada gurjistonlik raqibga mag‘lub bo‘lgandi. Ammo, keyinchalik unda bronza medali uchun kurash olib borish imkoniyati paydo bo‘ldi. U avvaliga Polsha, keyin esa Ozarboyjon vakillarini mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medali uchun jang qilish huquqiga ega bo‘ldi.

Medal uchun jangda turkiyalik raqibini mag‘lubiyatga uchratdi va O‘zbekiston hisobiga ushbu jahon chempionatidagi dastlabki medalni qo‘shib qo‘ydi.

Bekzod Abdurahmonov ikki marta Osiyo o‘yinlari g‘olibi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi 9 vazn toifasidagi erkin kurashchilar hamda 8 vazn toifasidagi yunon-rum kurashchilari bilan Vengriyaga yo‘l olishgan. Ushbu nufuzli musobaqada jahonning 75 dan ortiq mamlakatidan 600 ga yaqin sportchi qatnashmoqda.

Top