O‘zbekiston | 20:30 / 23.10.2018
6630
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh savdo vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 oktabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari savdo vaziri Uilbur Rossni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Davlat rahbarlarining muntazam uchrashuv va muloqotlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarib, strategik sheriklikning yangi davrini boshlab berdi.

AQSh savdo vazirining O‘zbekistonga ilk tashrifi tomonlar erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar doirasida munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor va ularning bu boradagi intilishi mushtarak ekanidan dalolat beradi», deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘zaro savdo hajmini oshirish, AQSh yetakchi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va tajribasini jalb etgan holda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida ta'kidlagan.

AQShning jahonga mashhur sanoat xoldinglari, moliya-investitsiya korporatsiyalari va banklari rahbarlari va vakillari ishtirokida o‘tgan O‘zbekistonda AQSh biznesi haftaligi tadbirlarining samarali natijalari qayd etilgan.

Uchrashuvda savdo, sanoat va yuksak texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, logistika va transport sohalarida aniq loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarishda amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekiston bozorida Amerika kompaniyalarining faoliyatini kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, jumladan, qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish xususida fikr almashilgan.

AQSh savdo vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Uilbur Ross, shuningdek, AQSh Prezidenti Donald Tramp geosiyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning barcha masalalarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yuqori darajada ishonishini ta'kidlagan. Donald Tramp O‘zbekiston rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.  

Uilbur Ross O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan hamda AQSh biznesida katta qiziqish uyg‘otayotgan, uning O‘zbekistonda faoliyat yuritishi uchun yangi imkoniyatlar ochayotgan islohotlar sur'ati va miqyosini yuqori baholagan.

O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirilgan.

Mavzuga oid