21:48 / 21.11.2018
4454

Apple’ning eng yirik yetkazib beruvchisi “og‘ir yil” sababli xarajatlarni keskin qisqartirmoqchi

Apple’ning eng yirik yetkazib beruvchisi, Tayvanning Foxconn kompaniyasi 2019 yilda xarajatlarni 2,9 mlrd dollarga kamaytirmoqchi. Bu haqda kompaniya ichki hujjatlariga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi. Hujjatlarda Foxconn’ni oldinda “og‘ir va raqobat yili” kutayotgani aytilgan. Kompaniyaning oxirgi 12 oy ichidagi xarajatlari 6,7 mlrd dollarni tashkil qilgandi.     

Kompaniya 2019 yilda Apple smartfonlarini ishlab chiqarishga xarajatlarni 865 mln dollarga kamaytirmoqchi. Shuningdek, kompaniya notexnik xodimlarini 10 foizga qisqartirmoqchi.
 
Bloomberg agentligi Foxconn’ning bunday yo‘l tutishini iPhone’ning qolgan yetkazib beruvchilari to‘qnash kelgan qiyinchiliklar bilan bog‘lamoqda: avvalroq Apple hamkorlik qiladigan 4 ta kompaniya smartfonlarga talab kamligi sababli daromadlari kamayishini ma'lum qilishgan.   

Apple iPhone’ning uchta yangi modeli: XS, XS Max va XR’ni 12 sentabrda taqdim qilgandi. Noyabrda Nikkei yapon nashri kompaniya XR smartfonlarini talab kamligi sababli qo‘shimcha ishlab chiqarishni bekor qilganini ma'lum qilgandi. Kompaniya buning o‘rniga hozirda arzonlashgan iPhone 8 va iPhone 8 Plus smartfonlariga buyurtmalar olishni ko‘paytirgan. Nashrning ko‘rsatishicha, Foxconn dastlab iPhone XR uchun 60 ta yig‘ish liniyasini tayyorlab qo‘ygan bo‘lgan. Biroq bu liniyalardan 45 tasini ishlatgan, chunki asosiy xaridor unga smartfonlardan hozircha bunday ko‘p miqdorda kerakmasligini aytgan. 19 noyabrda Apple barcha yangi modellari ishlab chiqarilishini qisqartirgani ma'lum qilingan. Manbalarning tushuntirishicha, bu qadam talab kutilgandan kamroq bo‘lgani bilan bog‘langan.

Mavzuga oid
Top