Jahon | 23:22 / 30.11.2018
30115
2 daqiqa o‘qiladi

Buenos-Ayresda G20 sammiti ochildi

Foto: RIA Novosti / Vladimir Astapkovich

Argentina poytaxti Buenos-Ayresda “Katta yigirmatalik” sammiti davlatlar yetakchilarining ishchi yig‘ilishi bilan boshlandi. 

Yig‘ilishni guruhda raislik qilayotgan Argentina prezidenti Maurisio Makri ochib berdi. Yig‘ilish “Halol va barqaror kelajak” shiori ostida o‘tadi.

Germaniya kansleri Angela Merkel samolyoti bilan yuz bergan muammo sababli sammitning birinchi kunini o‘tkazib yuboradi. Ta'kidlanishicha, kansler Argentinaga 30 noyabr kechki payt yetib keladi. Shu sababli uning AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Tszinpin bilan 30 noyabrga belgilangan uchrashuvlari bekor qilindi.

Sammitning asosiy mavzusi an'anaviy ravishda savdo, raqamli iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishlari, barqaror rivojlanish va gender tenglik bo‘ladi.

Biroq AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo ziddiyatlari sammitning muvaffaqiyatli o‘tishini shubha ostiga qo‘ymoqda. 

“Yigirmatalik guruhi” (G20)  global iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun mo‘ljallangan yirik forum hisoblanadi. G20 dunyoning yirik rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarini birlashtiradi, bu davlatlar hisobiga dunyo yalpi ichki mahsulotining 85 foizga yaqini to‘g‘ri keladi.  

Mavzuga oid