11:40 / 22.12.2018
20153

Manchesterda superalmashtirish: Ole Gunnar Sulsher haqida batafsil

«Fergyusonning murabbiy sifatidagi oxirgi o‘yini 5:5 hisobida tugagandi – u uchun faoliyatining mukammal yakuni. Men ham futbolchilarning xuddi shunday harakat qilishlarini, Dunyodagi eng zo‘r muxlislar qarshisida futbol o‘ynashni yaxshi ko‘radigan bolalardek zavq olishlarini istayman» (Ole Gunnar Sulsher)

2013 yilning may oyida Aleks Fergyuson murabbiylikdan ketgach, «Manchester Yunayted» boshqa bir shotlandiyalik David Moyyes bilan olti yillik shartnoma imzoladi. Hali o‘sha shartnoma muddati tugagani yo‘q, «Yunayted»da esa, Moyyesdan keyin yana 3 murabbiy ishlab ulgurdi. To‘rtinchi, ya'ni Fergyusondan keyin «Old Trafford»ga taklif etilgan beshinchi murabbiy 19 dekabr kuni rasman e'lon qilindi. U futbolchi sifatida shu yerda afsonaga aylangan, norvegiyalik mutaxassis Ole Gunnar Sulsherdir. Xo‘sh, u haqida nimalarni bilamiz? Uning qo‘l ostida, umuman yaqin kelajakda «Manchester Yunayted»dan nimalarni kutish mumkin? Shu savollarga javob izlab ko‘ramiz. 

«SUPeRZAXIRA»

Ole Gunnar Sulsher «Manchester Yunayted»ning eng yorqin yillaridan bir parcha hisoblanadi. Zero, «Bavariya»ga qarshi YeChL finalidagi o‘sha afsonaviy gol ham aynan Ole tomonidan urilgan. O‘sha o‘yin, umuman juda ko‘p uchrashuvlarda zaxiradan tushib, «Manchester Yunayted»ning joniga oro kirgan sobiq hujumchi endi murabbiy sifatida mavsum yarmidan yordamga keldi. 

Sulsher 1973 yilda Norvegiyaning Kristiansun shaharchasida tug‘ilgan. Uning otasi Oyvind kurash bo‘yicha mamlakat chempioni sanaladi. Futboldagi ilk saboqlarini uchinchi ligadagi mahalliy klubda olgan Ole 1995 yilda «Molde»ga o‘tadi. Yuqori diviziondagi ilk mavsumida 42 o‘yindan 31 gol urgan va «norvegiyalik Alan Shirer» laqabiga loyiq ko‘rilgan yosh hujumchi Yevropaning mashhur klublari nazariga tushadi va ularning orasida «Manchester Yunayted» ham bor edi. 

1996 yilning yozida Fergyuson futbolchi uchun 1,5 million funtdan voz kechishga rozi bo‘ladi. «Blekbern»ga qarshi o‘zining debyut o‘yinida gol urishga muvaffaq bo‘lgan Ole tezda jamoaning asosiy hujumchilaridan biriga aylanadi va ilk mavsumdayoq 19 gol bilan jamoa bombardiri bo‘ladi. Qizig‘i, Sulsher Manchesterdagi so‘nggi golini ham aynan «Blekbern»ga qarshi o‘yinda, 2007 yilning mart oyida urgan.  

O‘sha afsonaviy 1998/99 mavsumi oldidan Sulsherning Manchesterni tark etishi haqida xabarlar ko‘payib ketgandi. Sababi, o‘shanda klub Duayt York bilan 12 millionlik shartnoma tuzgan va katta ehtimol bilan norvegiyalik hujumchi zaxirada qolishi mumkin edi. Fergyusonning ishonchi va muxlislarning quvvatlashi bilan Sulsher jamoada qolishga va asosiy tarkib uchun kurashishga bel bog‘laydi. O‘shanda «MYu»da Koul-York juftligi haqiqatan ham asosiy o‘ringa chiqib qolgandir, ammo bu sharoitlarda ham Sulsher o‘ziga xos rolini topa oldi. «Liverpul»ga qarshi kubok uchrashuvidagi hal qiluvchi gol, va albatta, «Bavariya» darvozasiga urilgan o‘sha mashhur gollar Sulsherni «Yunaytedning superzaxirasi»ga aylantiradi. 

Yuqorida tilga olingan hujumchilardan keyin, klub jamoaga Ruud van Nistelroyni, Ronalduni, Runini, Saani va boshqa bir qator hujumchilarni olib keldi, ammo doim Sulsher o‘z o‘rniga ega bo‘ldi, 2007 yilgacha «Old Trafford»da qolib, olti karra APL chempioniga aylandi. Shuningdek, bir qator rekord ko‘rsatkichlar qayd etdi. Masalan, u 150 marta zaxiradan maydonga tushib, 28 gol muallifi bo‘lgan. «Notingem Forest»ga qarshi o‘yinda esa, u ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, to‘rt gol uradi va bu borada Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiradi.

MURABBIYLIK

Mourino iste'foga chiqarilgan kuni «MYu» mavsum oxirigacha murabbiylik vazifasi Maykl Karrikka topshirilgani haqida xabar bergandi. Ko‘pchilik Karrikning tayinlanishini «Real»dagi Zidan va Solari yoki «Barselona»da bir paytlar Pepning kelishiga o‘xshatishdi va optimistik qarashlar paydo bo‘ldi. Ammo e'tibor bersak, Mayklning holati yuqoridagi nomlarnikidan farq qiladi. Agar o‘xshatish mumkin bo‘lsa, Pep yoki Zidanning tayinlanishiga aynan Sulsher varianti yaqinroq. Chunki, Maykl Karrik faqat Mourinoning yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan, mustaqil ravishda biror jamoani shug‘ullantirish tajribasi yo‘q. Sulsher esa, xuddi Zidan yoki Pep singari, o‘z vaqtida «Manchester Yunayted»ning yoshlar jamoasiga ustozlik qilgan. 

2007 yilda «Manchester Yunayted»da o‘rinbosarlar tarkibi hujumchilarini shug‘ullantirgan Sulsher mustaqil murabbiylik faoliyatini aynan shu yerda boshladi. 2008 yildan u yoshlar jamoasini shug‘ullantira boshladi va hatto jamoa finalda «Liverpul» ustidan g‘alaba qozonib, Katta Lankashir kubogini (1969 yildan beri ilk marotaba) qo‘lga kiritdi. Keyingi yili shu tarkibi bilan zaxira jamoalar o‘rtasidagi Premer Ligani ham yutib oldi. O‘sha jamoa tarkibida hozirda «Manchester Yunayted»ning yetakchisi bo‘lgan Pol Pogba va albatta, Jyessi Lingardning ham borligini alohida ta'kidlash kerak. Sulsherning aytishicha, o‘sha paytlarda u akademiyadagi Markus Reshfordni ham kuzatgan, faqat u 3-4 yosh kichik bo‘lgani uchun, o‘z jamoasida o‘ynatib ko‘rishga ulgurmagan.

2010 yilda u «Molde» bosh murabbiyiga aylandi va ilk mavsumdayoq sobiq jamoasini tarixda ilk bor mamlakat chempioniga aylantirdi. Keyingi mavsumda ham «Molde» Norvegiya chempioniga aylandi, bir yil o‘tib, u klub bilan uchinchi sovrin – Norvegiya kubogiga ega chiqdi. 

O‘z vatanidagi muvaffaqiyatli mehnat murabbiyga APL tomonidan ham qiziqishga sabab bo‘ldi. 2014 yilning yanvarida mavsumni juda yomon boshlab, turnir jadvalini so‘nggi pog‘onasida borayotgan «Kardiff» uni «qutqaruvchi» sifatida taklif etdi. Ammo Sulsherning Angliyada omadi kelmadi. Dastlab u uelsliklarni Premer Ligada olib qololmadi, kelasi mavsumda Chempionshipdagi natijalar ham qoniqarli bo‘lmagach, sentabr oyidayoq iste'foga chiqarildi. 

2015 yilning oktyabrida u «Molde» bilan yangi, uch yarim yillik shartnoma imzoladi. Ikkinchi davr xuddi birinchisidek muvaffaqiyatli chiqmadi, sababi, «Rusenborg» endi ancha kuchaygan va chempionatdagi gegemonlikni o‘z qo‘liga olgandi.

19 dekabr kuni «Manchester Yunayted» Sulsher bilan aloqaga chiqdi va yil oxirigacha klub bosh murabbiyligini taklif qildi. Norvegiya chempionati mart oyigacha tanaffusga chiqqanini e'tiborga olsak, «Molde» bilan kelishuvda muammo bo‘lmadi. Norvegiya klubi, xabarlarda keltirilishicha, 500 ming funtdan kamroq pul evaziga bosh murabbiyini «ijaraga berib turadigan» bo‘ldi. Agar Sulsher bilan shartnoma uzaytiriladigan bo‘lsa, «Molde» yana qo‘shimcha mablag‘ga ega bo‘ladi. Zero, ma'lum bo‘lishicha, Sulsherning «Molde» bilan shartnomasida «agar «Manchester Yunayted»dan taklif bo‘lsa, qarshiliksiz qo‘yib yuborilishi haqida» alohida band bor ekan.

«OLD TRAFFORD»GA QAYTISh
Sulsherning «Old Trafford»dagi debyuti 26 dekabr, «Boksing dey» kuni bo‘ladi. Ya'ni, klub rahbarlari muxlislar uchun o‘ziga xos bayram sovg‘asi tayyorlashdi, deyish mumkin. Ilk o‘yin esa, safarda, bir paytda Sulsher bosh murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatgan «Kardiff»ga qarshi bo‘lib o‘tadi. 

Klubning hozirda bo‘sh bo‘lgan Zidan yoki Konte kabi nomzodlar bilan shoshilinch muzokaraga kirishmay, mavsum oxirigacha vaqtincha murabbiy tayinlagani shuni ko‘rsatmoqdaki, klubda nafaqat murabbiy, shuningdek ishlash tizimi, rivojlanish yo‘nalishlari ham yangicha tashkil qilinishi mumkin. Xususan, shu paytgacha klubda mavjud bo‘lmagan sport direktori lavozimi ham tashkil qilinmoqda, hatto bu vazifa uchun bir qator nomzodlar bilan munozaralar boshlandi. Sport direktori tayinlash borasida Ser Aleks Fergyuson bevosida o‘zi ishtirokchi bo‘layotgani esa, vaziyatga naqadar jiddiy qaralayotganiga isbotdir. Demak, klub «MYu»ning muvaffaqiyatli yillarida ahamiyatli bo‘lgan faktorlar bo‘yicha ish olib boradi – hujumkor futbol, yosh futbolchilarga e'tibor berish, aqlli transferlar eng muhim nuqtalardir.

Bugungi jamoani mana shu yo‘nalishga tayyorlash va «Manchester Yunayted» DNKsini uyg‘otish uchun ham, aynan Sulsher kabi buni ichkaridan yaxshi his qila oladigan odam kerak edi. Albatta, Maykl Karrik ham «MYu»ning «o‘z odami», lekin tajribaliroq Sulsherga murojaat qilinganidan yana bir narsani tushunish mumkin – klub rahbariyati uchun bu mavsum ham butunlay yakunlanmadi: albatta, jamoa o‘zi ishtirok etayotgan turnirlarda muvaffaqiyat qozonish, APLda kuchli to‘rtlik uchun ham harakat qilish vazifasini hech kim kun tartibidan olmaydi. 

Hammasini juda pozitiv nuqtada boshlash va jamoa bilan tanishish uchun juda qulay fursat. To‘g‘ri, APLda eng qiyin palla boshlanmoqda, jamoa 11 kun ichida 4 o‘yinda maydonga tushadi. Ammo raqiblar yangi o‘yinga moslashish, murabbiy uslubiga moslanish uchun qulayroq ekanini ta'kidlash kerak. Yuqorida tilga olingan «Kardiff» va «Haddersfild»dan tashqari, «Bornmut» va «Nyukasl»ga qarshi o‘yinlar bor. Keyin esa, Angliya Kubogida «Reding» bilan «Old Trafford»da o‘yin bo‘ladi. Ya'ni, 13 yanvar kuni «Tottenhem»ga safar oldidan 5 o‘yinda Sulsher muhim o‘yinlar uchun poydevor qo‘yib olishi, jamoa bilan yaqindan tanishishi mumkin. So‘nggi paytlardagi natijalar esa, hech bo‘lmasa, ilk fursatlarda Sulsherni ortiqcha bosimdan ham xalos qiladi.  

«Qisqa vaqtda 3-4 o‘yinda maydonga tushish jamoa uchun muammo tug‘dirmasligi kerak, chunki bizda 23-24 nafar saviyali futbolchilar bor. Ularni yaqindan kuzatish, turli bosim va sharoitlarda o‘zlarini qanday namoyish qilishlarini ko‘rishim mumkin. Futbolchilardan «Manchester Yunayted» futbolchisi bo‘lish imkoniyatidan qanday foydalanmoqchi ekanliklarini namoyish qilish talab etiladi», – dedi Sulsher bu vaziyat haqida savolga javoban. 

KeLAJAK

Fergyusondan keyingi davrda Sulsher kabi vaqtinchalik murabbiy holati bo‘lgan. 2013/14 mavsum so‘ngida David Moyyes iste'foga chiqariladi va chempionat tugashiga 4 tur qolganda boshqa bir «Old Trafford» afsonasi Rayan Giggz futbol o‘ynash bilan birgalikda, bosh murabbiylikni ham o‘z qo‘liga oladi. To‘rt uchrashuvda ikki g‘alaba, bir mag‘lubiyat va bir durang. Giggz bu lavozimda vaqtincha ekanini bilib turgan va mavsum so‘ngida Lui van Gaal jamoaga taklif etilgan. Ammo Giggzning Luiga yordamchi bo‘lib qolishi va niderlandiyalik mutaxassisdan so‘ng, aynan Rayan bosh murabbiy sifatida ishlashi rejalashtirilgandi. Ammo Luining «Old Trafford»dagi faoliyati u qadar muvaffaqiyatli chiqmadi, uning o‘rniga kelgan Mourino esa, boshqa yordamchilar bilan ishlashni ma'qul ko‘rdi. 

Sulsherning holati Giggznikidan farq qiladi. Oldinda uni bemaqsad to‘rt o‘yin emas, APLda kuchli to‘rtlikka kirish, Angliya kubogi va Yevropa Chempionlar Ligasidagi mas'uliyatli uchrashuvlar kutib turibdi. Ya'ni, oqibatda Sulsher rahbariyat va futbolchilarni to‘liq qanoatlantirishi va yana bir necha yilga bu lavozimda qolishi ehtimoli ham yo‘q emas. 

Ammo bugun Sulsher o‘zining vaqtinchalik ekanini biladi. «Manchester Yunayted» bemalol Pochettino yoki Zidan bilan muzokaralar o‘tkazishi, bunday xabarlar matbuotlarda tez-tez paydo bo‘lishi mumkin – bunday holat Sulsherga ham u qadar yomon ta'sir qilmaydi. «MYu» rahbarlari esa, shoshilmasdan muzokaralarda orqalarida Sulsherdek «kozir» bilan harakat qilishlari mumkin. Ya'ni, Manchesterda hozir hech kim mag‘lub bo‘lmaydigan variant hukm surmoqda. 

Futbolchilarni boshqarish nuqtai nazaridan esa, Sulsherda yanada oson pozitsiyada turibdi. So‘nggi oylarda «MYu»da har bir futbolchi o‘z darajasidan ancha yomon o‘ynaganda ham, bosh aybdor sifatida Joze Mournio tilga olinaverdi. Futbolchilar esa, hech qanday bosimni his qilmagan holda mag‘lub bo‘laverishdi, motivatsiya kamaydi. Hech qaysi o‘yinchi o‘z darajasida yuqori o‘ynolmadi. Yangi murabbiy bilan esa, bosim yanada oshadi. Endi masalan, Sulsher har qanday futbolchini tarkibga kiritmasligi mumkin. Bu qarorda murabbiy ayblanmaydi, «Joze davrida ham bu futbolchi o‘ynolmayotgandi, demak gap o‘zida ekan, murabbiyda emas», deb tushunilaveradi. Qaysidir futbolchining yaxshiroq o‘ynab ketishi esa, murabbiyning yutug‘i sifatida baholanadi. Demak, endi har bir futbolchi Sulsher qo‘l ostida eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishi shart – bu uning kelajagiga katta ta'sir etishini seza olsa, albatta. 

«Men murabbiy bo‘lganimda, o‘yinni Pol Pogba atrofida qurgan bo‘lardim», – bu ham Sulsherning bir paytlar, Manchesterga kelmasidan oldin aytgan fikrlari. Demak, yoshligidan fransiyalik yulduzni tanigan Sulsher davrida Pogba yana eski darajasiga chiqishi kerak. Umuman, Pogba, Sanches, Marsiyal, Shou kabi kreativ futbolchilar aynan Joze Mourinoning o‘yin uslubidan norozi bo‘lishgan, buning natijasida asosiy tarkibga tushish borasida muammolar vujudga kelgandi. 

«Sulsher aslida Mourino emas, Lukakuning o‘rniga kelishi kerak edi», – internetning hazillari tinmayapti. Ikkinchi mavsumida biroz tezlik yo‘qotgan bo‘lsada Romelu ham balki Sulsherning asosiy quroli bo‘lishi mumkin. O‘yin uslubi unga o‘xshab ketadigan Erling Holand «Molde»da asosiy figuralardan biri bo‘lgan va 18 yoshli hujumchi ishonchni oqlay olgandi. 

Shuningdek, Sulsher bilan birga jamoaga Mayk Felan qaytgani ham juda muhim voqea. Felan o‘z vaqtida Fergyuson shtabida asosiy figuralardan biri bo‘lgan, keyin esa, Moyyes kelishi bilan Manchesterni tark etgandi. U xuddi Melesten kabi mustaqil shug‘ullanib ko‘rdi, «Norvich» va «Hall Siti» kabi klublarda ishlab tajriba orttirdi. Uning ham «Old Trafford»ga qaytishi, Manchesterda nimadir tubdan o‘zgarish arafasida ekanidan darak bermoqda. 

USLUB
«Manchester Yunayted» an'analarini his qila olish va ularga sodiqlik – Sulsherning boshqa ba'zi hamkasblardan ko‘ra ajratib turgan asosiy jihatlardan biri shu, albatta. Ammo murabbiy qanday futbol g‘oyalarini targ‘ib qiladi va qanday falsafaga ega, bu ham muhim. Joze Mourino bir paytlar «Barselona» tizimida ishlaganiga ishonish qiyin, to‘g‘rimi?

Shu o‘rinda Ole Gunnar Sulsherning aynan Ser Aleks falsafasining davomchisi ekanini payqasa bo‘ladi. U futboldagi ilk murabbiylik faoliyatiga Fergyuson boshqargan «MYu»ning rezerv jamoasini shug‘ullantirish bilan boshlagan. Demak, yoshlardan asosiy tarkibga mos va o‘xshash falsafada to‘p surish talab etilishini hisobga olsak, Sulsherni bemalol Fergyusonning shogirdi deyishimiz mumkin. Uning «Molde»dagi ishlari ham shu yo‘nalishda davom etgan, hatto bir kuni u Norvegiyada o‘zining kichik «Yunayted»ini qurganini ham aytib bergandi. 

Birinchidan, u futbolchilik paytida hujumda to‘p surgan. Ko‘pincha, zaxirada o‘tirgan futbolchilardan yaxshi murabbiy chiqishi, haqida hazil gaplar yuradi. Sulsherga kelganda, bu farazning jiddiy isbotini ko‘rish mumkin. 

«Men zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, raqib himoyachilarini kuzatardim. Qaysi himoyachi qayerda ko‘proq xato qilyapti, qaysi biri ko‘proq charchadi, qaysi biri bilan yuqori qavatda kurashmaslik lozim – shu savollarga javob axtarardim. Maydonga tushish paytim kelganda esa, to‘plagan «ma'lumotlarim» menga asqotardi», – degan edi o‘yinga samarali qo‘shila olish sirlari haqida so‘ralganda Sulsher. 

Ya'ni, undagi tahliliy, murabbiycha fikrlar o‘sha paytlardan beri bo‘lgan va albatta, uning faoliyatida hujumlarni tashkil qilish katta ahamiyat kasb etadi. 

«Manchester Yunayte«»ga tayinlanishi aniq bo‘lgan hamono, ijtimoiy tarmoqlarda uning «Molde»dagi mashg‘ulotlardan birida futbolchilarga bergan tanbehi aylana boshladi. Albatta, Jozening himoyaviy uslubidan zerikkan muxlislar uchun Sulsherning qanday g‘oyalarni targ‘ib qilishi juda qiziq tuyuladi. 

«Sen nega darvozaga tepmayapsan? Seni goldan atigi 18 yard masofa ajratib turganida, to‘pni tepish o‘rniga, boshqaga pas berishga balo bormi?», – shogirdiga shunaqa ma'noda baqirib tanbeh berayotgan Sulsher manchesterlik muxlislar uchun chindan ham «qutqaruvchi» qiyofasida ko‘rinib ketgani tabiiy. 

Umuman olganda esa, Sulsherni Mourino yoki aytaylik, Gvardiola singari, ma'lum bir yo‘nalishga tobe deyish ham xato. Uning «Molde»si Norvegiya chempionatida to‘pni nazorat qilish, to‘p uzatmalar miqdori, gol urish, krooslar, raqib maydonidagi pressing va yana bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rtamiyona ko‘rsatkichlar qayd etgan. Ya'ni, «Molde» ma'lum bir jihatga urg‘u qaratmagan, aksincha, Sulsherning uslubi ko‘proq taktik moslashuvchan va o‘zgaruvchan. Raqibning holatiga qarab qarshi hujumda ham, to‘p nazorati yoki yuqori pressingda ham o‘ynash mumkin. 

«Men alohida uslub haqida gapirmoqchi emasman. «Manchester Yunayted» ixtiyoridagi futbolchilar qaysi uslubda yaxshiroq o‘zlarini ko‘rsata olishsa, shunga murojaat qilaman. Maqsadim ularga g‘alaba qozonishni singdirish», – Sulsherning bu gaplari biroz nokamtarlikdek tuyulsa-da, «Manchester Yunayted»ga boshqacha mentalitetdagi murabbiyning ishlashi tasavvurga sig‘maydi.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid
Top