09:16 / 31.12.2018
8875

«Robototexnika mutaxassislari faqat Inha va Turin universitetlaridan chiqayotgani achinarli holat»​. Yosh mutaxassis bilan suhbat

Robototexnika XXI asrda eng jadal rivojlanib borayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Ushbu jabha yaqin kelajakda barcha tarmoqlarga kirib, mamlakatlar iqtisodiyoti va sanoati qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborishi ham mumkin. Jahonning qudratli davlatlari allaqachon robototexnika imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligini anglab yetishgan. Boshqa davlatlar-chi? Uning qudratini to‘g‘ri anglamoqdami?

O‘zbekiston uchun bu soha hali ochilmagan qo‘riq misoli. Mamlakatda uni ommalashtirish uchun nimalar qilinmog‘i lozim? Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida tashkil etilgan Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori o‘rinbosari Akbarxon Sobirxonov robototexnikani rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bayon etdi. 

Uning aytishicha, robototexnikadan sanoatda foydalanish ish unumdorligini oshiradi, manufakturaga butunlay barham beradi. Ta'lim sohasida robototexnika qo‘llansa, bolalar atroflicha fikrlash, mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganishi oson kechadi, chunki murakkab konstruktorni yasash davomida u detallarni qanday joylashtirishni o‘zi mustaqil hal qiladi, texnikaning ishlash prinsipini o‘rganadi, maktabda aniq fanlar bo‘yicha olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llaydi.

«Xorijiy mamlakatlarning oliygohlari, jumladan, Turin va Inha universitetlari faoliyatining ilk davridan robototexnika fanlari o‘qitila boshlandi. Ilk mutaxassislar aynan shu joydan chiqqan. Xorijlik professorlar va o‘qituvchilar talabalarga ham nazariy, ham amaliy bilim berib kelishmoqda. Yetarlicha sharoitda tarbiyalangan kadrlar ayni paytda robototexnika maktablarini ochib, bolalarga bilim berishmoqda. Shu tariqa robototexnika sekin-asta ommalashib boryapti. Lekin biz hali uni real hayotda ko‘rishimiz uchun katta vazifalarni amalga oshirishimiz kerak», - deydi yosh mutaxassis.

Sobirxonov bolalarda robototexnikaga qiziqishni uyg‘otish sohani O‘zbekistonda ommalashtirish yo‘lidagi asosiy qadam bo‘lishini aytmoqda. So‘ng sohani ichiga kirish oson bo‘ladi, texnik vazifalar oson bajarilishi mumkin.

«Bolalarning e'tiborini qanday tortamiz? Bunda musobaqalarni tashkillashtirish kerak. Unda iqtidorlilar o‘z ishlanmalari bilan qatnashadi. Bellashuvda g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlanishi lozim. Rag‘batlantirilgan bola o‘z ustida ishlaydi, atrofidagi tengdoshlarini ham jalb qila oladi. Musobaqalarni nafaqat, respublika, balki mintaqa, jahon bo‘ylab o‘tkazishimiz qamrovimizni kengaytirishga xizmat qiladi. Amalga oshirgan muhim qadamlarimizdan biri robototexnika bo‘yicha ilk marotaba International robotics challenge xalqaro tanlovini Toshkentda o‘tkazganimiz bo‘ldi. Unda 6ta davlatdan jami 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Eng muhimi, bolalar o‘z qobiliyatlarini namoyish etishdi va raqobatdoshlari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Ushbu chempionat noyob platforma vazifasini o‘taydi»​, -  deya umid bildiradi mutaxassis.

Robototexnika darslarini maktablarga joriy etish vaqti kelmadimikin? Bu borada Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktori o‘rinbosari​ biroz shoshmay qaror qabul qilishni ma'qul ko‘rmoqda. 

«Yuqorida aytib o‘tganimdek, hali qilinadigan ishlar talaygina. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktablarga kirib borolmaymiz. Kadrlar masalasi eng og‘riqli nuqtamizdir. Hozircha robototexnika haqida faqat markaziy hududlar xabardor. Olis tumanlarda esa ahvol ancha og‘ir. Bunga mutaxassislar faqatgina Inha va Turin universitetlaridan chiqayotganini sabab qilib, ko‘rsatish mumkin. Boshqa tayanch o‘quv yurti mavjud emas. Shuning uchun robototexnika darslarini birdaniga maktablarga joriy qilishimiz salbiy natijaga olib keladi.

Mutaxassislar yetishmovchiligi mavjudligi uchun avvaliga hududlardagi «Barkamol avlod»​ markazlarida bepul to‘garaklarni tashkil etganmiz. O‘quvchilarni qamrab olish uchun maktablarda robototexnika bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazib kelyapmiz. Shuningdek, robototexnika bo‘yicha tuman, viloyat, respublika va xalqaro olimpiadalarni tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. G‘olib bo‘lganlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi juda katta rag‘bat bo‘lishi tayin. Qozog‘istonda Robototexnika Federatsiyasi faoliyat yuritadi. Bizda ham shunday tashkilot ochilsa, keng vakolatlar berilsa, g‘oyalar faqat nazariyada emas, balki real hayotga ham tatbiq etilgan bo‘lardi»​, - deya sohadagi kamchiliklarni sanab o‘tdi u.

Bu jabhada qanday muammolar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda?

Akbarxon Sobirxonov rivojlanib borayotgan soha bo‘yicha kadrlar tayyorlashdagi sustkashlikdan tashqari, yana bir hal qilinishi zarur bo‘lgan masalalardan biri haqida gapirib o‘tdi. 

«Bu - robototexnika nimaligini xalqqa tushuntira olish. Yoshlarga uning imkoniyatlarini to‘g‘ri yetkaza olishimiz kerak. Afsuski, yosh innovatorlar orasida robototexnikaning to‘la mohiyatini tushunmaydiganlar ham bor. Metalldan yasalgan, ozgina ishlov berilgan har qanday texnika robot bo‘lolmaydi. Uni yasashning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Vazifamiz yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish, ularning qobiliyatini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishdir. Yoshlarga maktab yoshidanoq robototexnika sirlarini o‘rgata olsak, menimcha, shu kabi muammolarga samarali yechim topgan bo‘lamiz va ko‘plab sohalarda mislsiz natijalarga erisha olamiz», - deydi u.​

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid
Top