O‘zbekiston | 19:31 / 03.01.2019
13991
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ShHT bosh kotibini qabul qildi

Bugun, 3 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 1 yanvaridan Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimini bajarishga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

“Mamlakatimiz rahbari O‘zbekiston vakilining bunday yuksak va mas'uliyatli lavozim – ShHT bosh kotibi lavozimiga tasdiqlanishi tarixiy ahamiyatga ega voqea ekanligini ta'kidladi. Xalqaro tashkilotga ilk bor yurtimiz fuqarosi rahbarlik qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston prezidenti ochiq va konstruktiv muloqot maydoniga, ko‘p tomonlama hamkorlikning ta'sirchan mexanizmi hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi. 

Xorijiy davlatlar va xalqaro tuzilmalarning mazkur nufuzli tashkilot bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga bo‘lgan qiziqishlari o‘sib borayotganligi ta'kidlandi.

O‘zbekiston prezidenti tashkilot doirasida ishga solinmagan ulkan hamkorlik salohiyati mavjudligiga e'tibor qaratdi.

Xavfsizlikni ta'minlash, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport kommunikatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi va mintaqalararo hamkorlik kabilar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida e'tirof etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari Vladimir Norovga ShHT bosh kotibi lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Mavzuga oid