Jahonning yetakchi nashrlari O‘zbekistondagi vizasiz rejim haqida bong urmoqda
5 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning "O‘zbekiston Respublikasida turizmni tezkor rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni hamda tegishli qarori haqida e'lon qilinganidan so‘ng barcha mahalliy ommaviy axborot vositalari (OAV) hamda xorijiy mamlakatlarning yetakchi nashrlari vizasiz rejim, E-VISA, xorijliklar uchun O‘zbekistondan turar-joy xarid qilish imkoni hamda mehmonxonalarda sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar va umuman turizm yo‘nalishidagi yangiliklar haqida bong ura boshladi.
Jumladan, Buyuk Britaniyaning Independent nashrida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston 2019 yilning 1 fevralidan xorijiy sayyohlar uchun yanada ochilayotgani va yana 45 mamlakat bilan vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilishi haqida maqola berildi.
Shu o‘rinda o‘tgan yili joriy qilingan elektron vizalar va vizasiz rejim e'lon qilingan mamlakatlar haqida qayd etildi.
"Germaniyalik turistlar 15 yanvardan mamlakatga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin, Buyuk Britaniya bilan birga Kipr, Avstriya va Italiya kabi davlatlar esa fevral oyidan bunday imkoniyatni qo‘lga kiritishadi", - deyiladi maqolada.
Shuningdek, unda mavjud elektron viza sxemasi kengaytirilayotgani va 76 mamlakatni o‘z ichiga qamrab olayotgani ta'kidlangan.
2018 yilgi turizm sohasidagi islohotlardan so‘ng O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni o‘tgan yilgi 2,6 milliondan 5,3 millionga oshgani qayd etilgan. 2019 yilda bu ko‘rsatkichlar yanada oshishi kutilayotgani qo‘shimcha qilingan.
Manbaning "O‘zbekiston havo yo‘llari"ga asoslanib ta'kidlashicha, 2019 yilning bahor oylarida ikki Airbus A320neos va uch Boeing 787 Dreamliner samolyotlarining qo‘lga kiritilishi davlatlararo reyslar uchun yangi yo‘nalishlarni qo‘shish imkonini beradi. Bu esa Britaniya turistlari uchun yanada qulaylik yaratadi. Flagman aviatashuvchisi Londonning Xitrou aeroporti va Toshkent aeroporti o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshiradi. 2019 yilning yozidan esa Britaniyaning yana bir aeroporti bu ro‘yxatga qo‘shiladi.
Independent'da yozilishicha, so‘nggi yillarda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlarga qiziqish shiddat bilan o‘smoqda.
Sayyoh-muxbir Saymon Kolderning so‘zlariga ko‘ra, "sayyoh nuqtai nazaridan, O‘zbekiston Buyuk Ipak yo‘lining yuragi hisoblanadi va 2019 yilda u turistlar uchun har qachongidan ochiq bo‘ladi".
Bundan tashqari, manbada Airbnb hamda Abta O‘zbekistonni yilning sayyohlik uchun eng mashhur yo‘nalishlaridan biri, deya e'lon qilgani alohida ta'kidlangan.
Xorijiy OAVda 5 yanvardagi farmon va qarorlar O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgani e'tirof etilgan. Mehmonxonalarning yashash joyi, fuqaroligi, qarindoshlik va oilaviy rishtalaridan qat'i nazar xizmat ko‘rsatishi ma'lum qilingan.
Maqolada 1 fevralga qadar foto va videoga olish taqiqlangan joylar ro‘yxati ishlab chiqilishi, qolgan barcha joylarda istagan narsani surat va videoga tushirish mumkinligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, ziyoratchilar, talabalar, olimlar va davolanishga kelgan xorij fuqarolari uchun maxsus vizalar joriy qilingani qo‘shimcha qilingan.
Sayyohlik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi mashhur TheTravelMagazine nashri ham O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar haqida yozgan.
1 fevraldan O‘zbekistonda ko‘plab mamlakatlarga nisbatan vizasiz rejimning joriy qilinishi YuNeSKO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan joylarga, Buyuk Ipak yo‘nalishi bo‘ylab sayohat qilish imkonini berishi ta'kidlangan.
"O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati britaniyaliklar va Yevroittifoq mamlakatlarining boshqa fuqarolari, shuningdek kanadaliklar, avstraliyaliklar, yangi zelandiyaliklar va shveysariyaliklarni o‘z ichiga olgan", - deyiladi manbada.
Maqolada O‘zbekistonga sayohat qilishga doir qo‘shimcha savollar yuzaga kelgan taqdirda O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi bilan bog‘lanish tavsiya etilgan.
Hindistonning IndiaBlooms nashri Shavkat Mirziyoyev 2016 yilning dekabrida davlat rahbari lavozimiga kirishganidan so‘ng turizm va xorijiy investitsiyalarni ikki ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab bergani haqida yozadi.
Turizm sohasidagi islohotlar 2018 yilning o‘zidayoq xorijiy sayyohlar sonining oshishiga olib kelgani va kelgusida bu ko‘rsatkichlar yanada oshishi kutilayotgani ta'kidlangan.
Manbada 2019 yilning 1 fevralidan fuqarolari O‘zbekistonga 30 kunlik muddatgacha vizasiz sayohat qilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxati to‘liq taqdim etilgan. 2018 yilda vizasiz rejim e'lon qilingan mamlakatlar ro‘yxati ham qo‘shimcha qilingan.
Shu bilan birga, elektron viza tizimi kengayishi va alohida toifa xorijliklar uchun yangi viza turlari yo‘lga qo‘yilishi haqida e'lon qilingan.
Bundan tashqari, maqolada mehmonxonalar xizmatlari hamda foto va videoga olish tartibi bilan bog‘liq yengilliklar haqida qayd etilgan.
LonelyPlanet'da prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni turizm va savdo uchun ochish ustida jadal ishlarni olib borayotgani ta'kidlangan.
"So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston turistik yo‘nalish sifatida o‘sdi. Turizmni rivojlantirish qo‘mitasining ma'lum qilishicha, 2017 yildan O‘zbekistonda turizmning yillik 40 foiz o‘sishi qayd etilgan. Mamlakat o‘zining dunyodagi eng boy Buyuk Ipak yo‘li merosi obektlari, jumladan YuNeSKO jahon merosi obektlari hisoblangan Samarqand va Buxorodagi tarixiy markazlari bilan maqtana oladi", - deyiladi manbada.
Unda shuningdek O‘zbekiston sayyohlar uchun yengilliklar yaratayotgani, sayyohlik yo‘nalishlarini birlashtiruvchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi temir yo‘l tarmog‘i haqida yozilgan.
Elmundook'da ham O‘zbekistonda turizm sohasidagi qilinayotgan ishlar e'tirof etilib, prezidentning yangi farmon va qaroridan o‘rin olgan yangiliklar haqida ma'lum qilingan.
Shu bilan birga, xorijiy mamlakatlarning qaysi shaharlaridan O‘zbekistonga parvoz qilish mumkinligiga oid ma'lumotlar taqdim etilgan.
"Ko‘rib turganingizdek, endi O‘zbekistonga vizasiz sayohat qilish osonlashdi", - deyiladi maqolada.
Mavzuga oid
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
23:32 / 13.11.2024
Florensiya «haddan ziyod turizm»ga qarshi kurash bo‘yicha yangi choralar qabul qildi
19:32 / 07.11.2024