Sport | 11:58 / 09.01.2019
10094
5 daqiqa o‘qiladi

Temurxo‘ja Abduxoliqov: «Xorij klublaridan takliflar bor, ammo «Lokomotiv» bilan OChLda o‘zimni ko‘rsatmoqchiman»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston chempioni «Lokomotiv» bugun, 9 yanvar kuni o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun BAAning Dubay shahriga jo‘nab ketdi. «Temiryo‘lchilar» shu mamlakatda o‘tayotgan Osiyo Kubogini yoritish maqsadida yo‘lga chiqqan Kun.uz muxbirlari bilan bir reysda amirliklarga uchib ketishdi. Parvoz oldidan jamoa hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqovga ba'zi savollar bilan yuzlandik.

Ma'lumot uchun, 27 yoshli hujumchi 2018 yil yozida, Qatarning «Al-Sayliya» klubi bilan shartnomasi yakunlanib erkin agentga aylanganidan so‘ng «Loko» safiga qaytdi. U 2017 yil yanvarida qatarliklar bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagan edi.

«Jamoaga mavsum o‘rtasida keldim, bu vaqtda Chempionlar ligasidagi ishtirokimizni yakunlagan, eng asosiy maqsad chempionat va kubokda muvaffaqiyat qozonish edi. Chempionat ancha qiyin bo‘ldi, «oltin ochkolar» tufayli oxirgi bosqichda eng kuchli jamoalarga qarshi o‘ynadik, bu biz uchun yangilik edi. Har bir o‘yin finalga teng bo‘ldi», – dedi Abduxoliqov.

«Yangi formatning menga yoqqan tomoni – unda markaziy uchrashuvlar ko‘p bo‘ldi. Oxirgi o‘nta o‘yin ancha qiziq bo‘ldi. Ayniqsa, «Bunyodkor» bilan bahslar. Bu klubga qarshi uchta o‘yinda maydonga tushdim, har uchala uchrashuv ham tomoshabop kechdi, deb o‘ylayman.

Yangi format menga yoqdi, lekin «oltin ochkolar»ning bo‘lishi biroz o‘ylantirib qo‘ydi; chunki oxirrog‘ida keraksiz o‘yinlar ko‘payib ketdi. Quyi oltilikda qoladigan klublar bilan o‘ynaganda yutqazsangiz ham, yutsangiz ham, farqsiz edi», – deya fikr bildirdi hujumchi.

Temurxo‘janing aytishicha, o‘tgan mavsumlar bilan solishtirganda muxlislarning stadionlarga kelishi ko‘paygan va buni futbolchilar ham his etishgan. «To‘g‘ri, Toshkent shahrida emas, lekin masalan Namanganda, Buxoroda... Albatta, viloyatlarda aynan «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinlarda muxlislar ko‘p bo‘lgani tabiiy hol», – deydi Abduxoliqov.

«Mavsum yakunlangach, tarkibimiz 90 foizga saqlanib qoldi. Bu klublarimiz ichidagi eng kuchlisi deb hisoblayman. Yangi mavsum oldidan, «Biz eng kuchli ekanimizni isbotlashimiz kerak», degan shijoat bo‘ladi. Eng asosiy maqsad – Chempionlar ligasi», – dedi Temurxo‘ja.

Abduxoliqov O‘zbekiston terma jamoasining Ektor Kuper boshchiligidagi ilk yig‘iniga jalb etilgan bo‘lsa-da, undan keyingilariga chaqirilmadi. U termadagi faoliyatidan so‘z ochilganda, bu haqdagi juda ko‘plab savollarga javob beraverib charchaganini yashirmadi:

«7-8 yildan buyon kutaman, ammo terma jamoada doimiy ravishda to‘p surgan vaqtlarim deyarli bo‘lmadi. Mening o‘z maqsadlarim bor; to‘g‘risi, Osiyo Kubogi haqida deyarli o‘ylamayapman. Mavsumoldi tayyorgarlikdagi har bir mashg‘ulotda jiddiy shug‘ullanmoqchiman.

Chet el jamoalariga o‘tish variantlari ham yo‘q emas. Koreys va arab klublaridan moliyaviy tomonlama manfaatli 2-3ta variant bor edi, lekin ko‘r-ko‘rona bunday qarorga kelishni istamadim. O‘z klubimda, «Lokomotiv» safida Osiyo Chempionlar ligasida ko‘proq o‘zimni ko‘rsatmoqchiman», – deydi Temurxo‘ja Abduxoliqov.

«Loko»ning Dubaydagi yig‘ini 23 yanvarga qadar davom etadi. Bu vaqt ichida uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ilk o‘yin 16 yanvarda Moskvaning «Spartak» klubiga qarshi kechadi. 18 yanvar kuni jamoa Slovakiyaning 7 karra chempioni «Jilina», 21 yanvarda Daniyaning 10 karra chempioni «Brondbyu» klublariga qarshi nazorat bahslari o‘tkaziladi.

Ma'lumot uchun, «Lokomotiv»ning 6 futbolchisi Osiyo Kubogi uchun O‘zbekiston terma jamoasiga jalb etilgan.

Mavzuga oid