14:07 / 31.01.2019
24801

Iguainning APLdagi debyuti dahshatga aylandi, Sarri futbolchilarni kiyim almashtirish xonasida qamab qo‘ydi

Foto: Getty Images

APLning 24-turida «Chelsi» «Bornmut»ga 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi va kuchli to‘rtlikni tark etdi.

Bu londonliklar jamoasi premer-liga tarixida ikkinchi marta 4ta to‘p farqi bilan yutqazishi bo‘ldi, birinchi marta bunday ko‘rsatkich 1996 yil sentyabrida «Liverpul»ga qarshi o‘yinda qayd etilgan (1:5). O‘shanda mersisaydliklar safida Patrik Berger, Jon Barns va Robbi Fauler gol urishgan, 23 yoshli Jyeymi Rednapp zaxirada o‘tirgan, yana bir zaxira futbolchisi, 16 yoshli Maykl Ouenni hech kim tanimasdi. «Chelsi» safida Mark Xyuz, Janluka Vialli, Dennis Uayz va Roberto Di Matteo to‘p surishgan.

O‘yindan keyin Maurisio 50 daqiqa kiyim almashtirish xonasida ushlab turdi. Janfranko Zola va boshqa yordamchi murabbiylar bu yopiq suhbatga kiritilmadi, ular shunchaki eshik ortida kutib turishdi.

«Muammomiz, birinchi navbatda, psixologiya bilan bog‘liq. Biz muayyan o‘yin uslubini o‘zlashtirib oldik, deb hisoblagandik; lekin aslida bunday bo‘lib chiqmadi va hozir buning uchun to‘lov qilyapmiz. Birinchi taymni haqiqatan ham yaxshi o‘tkazdik, ammo tanaffusdan keyin darhol gol o‘tkazib yubordik, shundan so‘ng jamoaviy o‘yinimiz yo‘qolib qoldi. Biz hujum uyushtirmay qo‘ydik, jamoa sifatida himoyalanganimiz ham yo‘q: barcha individual harakat qilishga o‘tib ketdi. Nega bunday bo‘lganini tushuna olmayapman. Oldimizda hali 45 daqiqa bor edi. Agar diqqatni jamlay olsak, vaziyatni o‘nglash imkonimiz bor edi. Hozircha o‘yin uslubimning eng asosiy elementlarini ham o‘zlashtirib ololganimiz yo‘q», – dedi u kutib turgan jurnalistlarga intervyu berar ekan.

Bu «Chelsi»ning keyingi 6 o‘yindagi uchinchi mag‘lubiyati bo‘ldi. Sarri jamoasi «Bornmut»ni to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi bo‘yicha ortda qoldirdi (68%-32%). Lekin jamoa zarba berish borasida ortda qoldi: 11 (7tasi aniq) - 12 (7tasi aniq).

O‘yinning asosiy qahramoni - Devid Bruks bo‘ldi. 21 yoshli uelslik futbolchi gol urdi, golli uzatma muallifi bo‘ldi, o‘yin davomida Jorjinoni qo‘riqladi. 

Natijada Jorjino o‘yin davomida atigi 59ta pas amalga oshirdi (aniqlik - 86,4 foiz). APLning joriy mavsumida u faqat ikki top-klubga qarshi o‘yinlarda bundan pastroq ko‘rsatkich qayd etgandi («Tottenhem» bilan o‘yinda 51, «Siti» bilan o‘yinda 50), u shuningdek, «Everton»ga qarshi o‘yinda faqat 64 daqiqa o‘ynagani uchun bundan kamroq pas bergandi.

«Bornmut»ning norvegiyalik hujumchisi Joshua King 2ta gol urdi va bir golga uzatma berdi, endi u APLdagi gollari sonini 38taga yetkazdi, endi bu borada u Jon Karyu hamda Tore-Andre Flu bilan tenglashib oldi. APLda faqat ikki norvegiyalik undan ko‘proq gol urgan, biri Steffen Iversen (40ta, King uni tez orada quvib o‘tishi tayin), ikkinchisi Ole-Gunner Sulsher (91ta, King uchun bu qiyin ish).

«Chelsi» bilan shartnoma imzolaganida Gonsalo Iguain Maurisio Sarri bilan yana birga ishlash imkoniyatidan xursandligini, murabbiy esa londonliklarga aynan shunday hujumchi kerakligini aytgandi. U avvaliga Angliya Kubogi o‘yinida, uch kun o‘tib APL o‘yinida maydonga chiqdi. Natija taassurotli emas.

Gonsalo Iguainning APLdagi ilk o‘yini: 0 zarba, zarba berish uchun 0 pas, 64-daqiqadayoq almashtirish. U o‘zi uchun ham, jamoadoshlari uchun ham vaziyat yaratolmadi, ikki marta ofsaydda qoldi. «Hozir u yaxshi sport formasidamas, bu balki transfer tufayli o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani uchundir, qolaversa uning belida og‘riq bor. Yaqin vaqtlar ichida u avvalgi holatiga qaytadi», – dedi Sarri bu bo‘yicha.

Endi «Chelsi» 24 o‘yindan keyin 47 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida beshinchi o‘ringa tushib ketgan. Sarri jamoasi to‘rtinchi o‘rinni «Arsenal»ga bo‘shatib bergan (Emeri shogirdlarida ham 47 ochko, lekin to‘plar nisbati yaxshiroq). Oltinchi o‘rindagi «MYu» londonliklarni 2 ochkolik farq bilan ta'qib qilib kelmoqda. 10 fevral kuni «Chelsi» «Manchester Siti»ga qarshi o‘ynaydi.

Bornmut – Chelsi 4:0 (0:0, 4:0)
Gollar:
 1:0 – 47 King, 2:0 – 63 Bruks, 3:0 – 74 King, 4:0 – 90 Deniels.
Bornmut – Boruts, Klayn, Kuk, Ake, Smit, Stanislas (Mifem, 90), Gosling, Serman, Freyzer (Deniels, 90), Bruks (Ayb, 68), King.
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Ryudiger, David Luiz, Emerson, Kante, Jorjino, Kovachich (Loftus-Chik, 77), Pedro (Villian, 61), Iguain (Jiru, 65), Azar.
Ogohlantirish: Serman (72).

Top