15:11 / 22.02.2019
9341

«Chelsi»ga yangi futbolchilarni transfer qilish taqiqlandi

Foto: David Klein/Reuters

FIFA «Chelsi»ni voyaga yetmagan futbolchilarning xalqaro transfer huquqlarini buzishda aybdor deb topdi.

Tashkilot rasmiy saytida yozilishicha, 29ta holatda «ko‘klar» tomonidan yosh futbolchilarni transfer qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalari buzilgani aniqlangan. Shu boisdan klubga keyingi 2ta transfer oynasida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlab qo‘yildi.

Taqiq «Chelsi»ning ayollar va mini-futbol tarkiblaridan tashqari barcha jamoalariga taalluqli. Shu tariqa, «aristokratlar» 2019 yil yozida va 2020 yil yanvarida yangi futbolchi xarid qila olmaydigan bo‘lishdi. Shuningdek, klub 600 ming frank jarimaga ham tortilgan.

Qayd etish kerak, FIFAning qarori hali kuchga kirganicha yo‘q. «Chelsi» FIFA Apellyatsiya qo‘mitasiga mazkur taqiq bo‘yicha shikoyat qilish huquqiga ega. Qo‘mita qarorni o‘z kuchida qoldirgan taqdirda London klubi Sport arbitraj sudiga murojaat etishi mumkin.

Hozircha FIFA belgilagan jazo ijara muddati yakunida to‘la transfer huquqini sotib olish imkoni qayd etilgan futbolchilarga nisbatan ham tatbiq etilishi (masalan, Gonsalo Iguain) yoki bunga daxldor emasligi noma'lum. Shuningdek, klub o‘z futbolchilarini boshqa klublarga sotishi yoki ijaraga berishi taqiqlanmagan.

FIFA yaqin yillarda «Atletiko» va «Barselona»ga nisbatan ham shunday sanksiya qo‘llagandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil noyabr oyida Football Leaks surishtiruv guruhi «Chelsi» voyaga yetmagan 14 nafar futbolchining transferini amalga oshirishda noto‘g‘ri yo‘l tutganini ma'lum qilgandi.

Top