15:00 / 07.03.2019
18474

Reja. Sulsher va uning buyuk g‘alabasi haqida

Foto: Getty Images Romelu Lukaku 7 marta 2019 «Manchester Yunayted» obygral «

Har xil g‘alabalar bo‘ladi. To‘g‘ri taktika asosida qo‘lga kiritilgan natija... Yoki qaysidir futbolchining individual mahorati taqdim qiladi ba'zida golni. Ba'zi paytlarda shijoat, iroda yordamida ham g‘alaba qozonish mumkin. Ha, har qanday muvaffaqiyatda bu omillardan qandaydir ulush bor, ammo masalan, «Manchester Yunayted»ning kechagi qahramonligi avvalo nimaning hisobiga yuzaga kelgani haqida o‘ylay boshlasam, bir so‘z xayolga keladi – ReJA!

«Old Trafford»dagi juda yomon natija va tarkibdagi juda ko‘p muammolar tufayli, Sulsher bemalol YeChL jamoa uchun yakunlanganini aytishi va asosiy e'tibor APLga qaratilishini aytishi mumkin edi. Uni hech kim ayblamasdi ham. Ammo murabbiy unday qilmadi, rostdan ham, imkon borligida oxirigacha kurashmay turib, yanagi yilgi YeChL yo‘llanmasi uchun kurashishdan ne mantiq? Beixtiyor ser Aleks Fergyusonning 20 yil oldin «Bavariya»ga qarshi final tanaffusida shogirdlariga aytgan gaplari esga tushadi:

«Siz hozir kubokdan ellik metr uzoqda turibsiz xolos. Unga teginish, ushlab ko‘rish uchun bugun bor imkoniyatni ishga solmay turib, ertaga yana bu sovrin uchun qaytish haqida o‘ylamang!».

Xullas, Ole Parijdagi javob o‘yini haqida fikrlar boshlanishi hamono oxirigacha kurashish, hisobni o‘zgartirishga urinish haqida ayta boshladi. «Cho‘qqilar ularni zabt etish uchun bor» – Sulsherning bu so‘zlari shunchaki, balandparvoz ibora emas, rejaning bir qismi ekani o‘z isbotini topdi.

To‘g‘ri, kecha o‘sha yarimta penalti belgilanmasligi, Parij ertaroq o‘yin taqdirini hal qilishi, umuman ushbu Chempionlar Ligasidagi «MYu» hammaning yodidan chiqib ketishi mumkin edi. Hammasini qandaydir soniyalar, vaziyatlar hal qilib yuborgan o‘yinda reja haqida aytish biroz erish tuyular balki, ammo murabbiyning o‘yindan oldingi so‘zlariga e'tibor bering:

«Hali hammasi tugagani yo‘q. Biz o‘yinning oxirgi qismida ham o‘yinda bo‘lishimiz kerak. Agar bunga erishsak, so‘nggi daqiqalarda bosim qila olamiz. U yerda esa, har qanday voqea sodir bo‘lishi mumkin».

APL jamoalari buni yaxshi tushunishadi. E'tibor bersangiz, liga o‘yinlarida raqib har qancha kuchli bo‘lmasin, jamoalar so‘nggi daqiqalargacha «o‘yinda bo‘lish»ga harakat qiladilar, ya'ni bir to‘p farqidan oshib ketmasa bo‘ldi. Baribir so‘nggi daqiqalarda bosim uyushtirish, so‘nggi hujumlar yomg‘irini amalga oshirish imkoniyati bo‘ladi. Uyog‘i birgina standart, birgina zarba, birgina VAR hammasini o‘zgartirib yuborishi hech gap emas.

Sulsher ham shuni nazarda tutgandi. Kecha hisob 1:2 bo‘lganida Xayrulla Hamidov qo‘ng‘iroq qilib, «ko‘nglim sezib turibdi, «MYu» keyingi bosqichga chiqadi» deganida ham, «ishqilib, oxirgi o‘n daqiqagacha shu hisob saqlanib tursin-da» deb javob bergandim. «Yunayted»da g‘alaba uchun yagona ehtimol shu ekanini murabbiy ham bilardi albatta. Sulsher Parijga xuddi shu reja bilan keldi va epladi.

«Old Trafford»dagi o‘yinda aynan o‘yin uchun reja qurish Sulsherda asosiy muammo keltirib chiqarganini eslasangiz kerak. «Neymar va Kavani sog‘ bo‘lganlarida menga osonroq bo‘lardi, chunki o‘shanda raqibning imkoniyatlarini chamalab, ularga qarshi reja qurish mumkin bo‘lardi. Hozir ulardan nima kutishni bilmayapman va bu qiyinroq», – degandi o‘shanda norvegiyalik murabbiy.

Rostan ham, Tuxel Markinosni markazga, Alveshni deyarli hujum chizig‘iga o‘tkazib, o‘ziga xos syurpriz tayyorlagan, mezbonlar «PSJ»ning haqiqiy kuchini qanday o‘lchashni bilmay qolishgandi. Kecha esa, aksincha bo‘ldi. «PSJ»ning qanday va kimlar bilan o‘ynashi mumkinligini Sulsher bilardi, bu borada endi Tuxelga qiyinroq bo‘lib qolgandi.

Aslida gol mehmonlarga kerak bo‘lgan paytda ham asosiy e'tiborni himoyaga e'tibor qaratish – reja. So‘nggi pallada esa, Perreyra o‘rniga Chong, Yang o‘rniga Grinvud (Chong, Grinvud, nimalar deyapman, kim o‘zi ular?) tushirilishi aynan o‘sha so‘nggi bosim uchun tashlangan qadam edi. Menimcha, agar «Yunayted» golni ertaroq urganida, imkoniyat kamroq bo‘lardi, chunki Parij bor kuchi bilan, yanada shiddatli hujumga o‘tar va gol urib ruhiy ustunlikka erishardi. Kecha esa, go‘yoki tabloda «PSJ» qoniqtiradigan hisob, ammo birgina gol «Yunayted»ni g‘olibga aylantiradi – bu bosimda o‘ynash mezbonlarga oson bo‘lmadi. «Yunayted» o‘ziniki bo‘lmagan o‘ljani poylar, «PSJ» esa, qo‘lida turgan yutuqni yo‘qotishdan qo‘rqardi. Bunday holatda «PSJ»ga qiyinroq bo‘lgani tayin.

Umuman, «PSJ» futbolchilarning individual xatolaridan tashqari, biror narsani noto‘g‘ri qildi, deb o‘ylamayman. O‘yinga bo‘lgan munosabat, tanlangan taktika bo‘yicha hech qanday e'tiroz bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun, «Kamp Nou»dagi 1:6 hisobini eslash o‘rinsiz, o‘shanda «PSJ» aynan o‘yinga bo‘lgan munosabati tufayli mag‘lub bo‘lganini hamma e'tirof etgandi. Kecha unday bo‘lmadi, «PSJ» o‘yinga yetarlicha jiddiy yondashdi. Hisobdagi o‘zgarishlarga ham to‘g‘ri reaksiya berdi, imkon qadar ikki to‘p farqini ushlash, ya'ni o‘sha o‘yin oxirlarida «MYu»ni o‘yinda qoldirmaslikka urindi. Ammo bu futbol va raqib ham o‘z vazifasini maydonda yaxshi uddalaganini aytish kerak. 

Sulsherga esa, faqat qoyil qolish mumkin. Uning Fergyusondan keyin Manchesterda ishlagan boshqa murabbiylardan asosiy farqi shundaki, Sulsher atrofdagilarni o‘ziga emas, g‘oyalarga ishontirishga harakat qilmoqda. Bir inson emas, bir g‘oya atrofida birlashish esa, doim samaraliroqdir. O‘yindan keyin murabbiy o‘zining o‘xshab qolgan rejasi yoki taktikalari haqida maqtanmadi. Javob qisqa bo‘ldi:

«This is what we do. We are Manchester United»

«Biz «Manchester Yunayted»miz. Bizning ishimiz shu».

Qahramon Aslanov

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top