15:04 / 02.04.2019
13588

Boksdagi 4 jang, «Tottenhem»ga muxlislik va Fergyusonning ayg‘oqchilari. Roy Kin haqida

1993-2005 yillarda «Manchester Yunayted» safida deyarli barcha sovrinlarni yutgan, jamoa sardori bo‘lgan, keyinchalik murabbiy sifatida ham Britaniyaning bir qator klublarida ishlagan Roy Kin o‘zining sobit xarakteri, faolligi va g‘alaba uchun bor kuchini ishga solishi bilan hatto o‘sha paytlarda ham ajralib turardi. Biroz o‘zgargan bugungi futbolda esa uning o‘xshashishi topish mushkul. Roy ham ustozi va ba'zi jamoadoshlari yo‘lidan borib, o‘z biografik kitobini chop ettirgan. E'tiboringizga futbolchi biografiyasidan qiziq satrlarni havola qilamiz.

Biz irlandiyaliklar hammasini o‘zimizcha qilamiz. Qonimizda bor. Bizni yaxshi ko‘rishadi, lekin boshqa tarafdan qaraganda, birovning to‘yiga taklif qilingan san'atkorlarga o‘xshab qolmaganmidik? Jiddiy o‘yinlar boshlangach, biz chetga chiqar, uyga borib, yagona g‘alabamizni nishonlar, keyin televizorda mundialning qolgan qismini ko‘rardik. Ammo men bunday bo‘la olmayman. Men «Manchester Yunayted» futbolchisi edim va biz faqat sovrinlar yutsak bayram qilardik...

Men boks klubiga qatnashganman. Atigi to‘rt marta ringga chiqdim va barchasida g‘alaba qozondim. Jismoniy jihatdan kuchli va g‘alabalarga och edim. Shu bilan birga, «Rokmaunt» klubida futbol o‘ynardim. Nihoyat bir kuni boks murabbiyim shart qo‘ydi: yo futbol yoki boks. Oqibatda boksdan ketishga to‘g‘ri keldi. 

«Tottenhem»ga muxlislik qilganman. Nega? Sababi, juda ko‘p o‘rtoqlarim «Manchester Yunayted», «Arsenal» yoki «Liverpul» tomon edi. Men uchun esa, Glenn Hoddl eng sevimli futbolchi bo‘lgan. 

Men maydonda yorqin ijrochi emas, ko‘pincha mehnatkash rolida edim. Yo‘qotilgan har bir to‘p uchun bor kuchim bilan kurashardim, xullas faol bo‘lishga intilganman. O‘sha paytdagi murabbiylarim Timmi Myorfi va Jyen Sallivanning o‘gitlarini qulog‘imga quyib olganman: «agar o‘yinga yetarlicha kayfiyatda tushmasang, har qancha iqtidorli bo‘lmagin, mag‘lub bo‘lasan». Men bunga ishonganman, hozir ham ishonaman.

Bo‘yimni past deyishardi, ba'zilarga esa, xarakterim yoqmasdi. Qizig‘i, mening mana shunday xarakterim, aynan bo‘yimning past bo‘lgani uchun shakllangan. To‘p uchun kurashda imkon qadar tezroq to‘pni olib qo‘yishni o‘rganganman, balki shuning uchun men haqimda «u bilan hazil harom» degan gaplar aytilgan. 

«Trenmer» stadionida tribunalar bo‘shmi? Farqi yo‘q. Men o‘zim uchun kerakli muhitni yarata olardim. Meyfilddagi tomorqalarda yoki Palmerstaundagi mashg‘ulot maydonlarida o‘zimni katta futbolda, katta stadionda o‘ynayotgandek his qilishni «o‘rganib olgandim». Bu keyin ham yordam berdi, masalan, «Trenmer»ga qarshi o‘yinda o‘zim uchun shunday atmosfera yaratib oldim, har to‘p uchun kurashdim, podkad qildim, yugurdim.

«Notingem Forest»dagi ilk haftamdayoq futbol olami doimiy simulyantlar, noliydigan nimjon, professionallikka da'vo qilgani bilan talablarga javob bera olmaydigan futbolchilarga to‘la ekanini bildim. Ertasiga «Siti Graund» yechinish xonasida Brayan Klafni ko‘rib qoldim. Ismimni so‘radi. «Roy» deb javob berdim men. «Shuni tozalab bergin, Roy, maylimi?» – dedi u va kuchugi bilan sayrda loy bo‘lib ketgan botinkasini qo‘limga tutqazdi. Men bundan xursand bo‘ldim, chunki nega bunday qilayotganini tushunib turardim. 

Biz «Siti Graund»da «Tottenhem» bilan o‘ynadik. Bolaligimdan muxlis bo‘lgan klubga qarshi, Pol Gaskoynga qarshi. Pol JCh-90 dagi ko‘z yoshlaridan keyin kumirga aylangandi. Gazza bilan terma jamoada o‘ynagan Styuart Pirs va Uoker meni ogohlantirishdiki, Pol mening jig‘imga tegishi mumkin ekan. Shunday bo‘ldi ham. U menga irland tilida haqoratli so‘zlar yog‘dira boshladi, lekin aksenti juda dabdala bo‘lgani uchun ko‘p gaplarini tushunmadim ham. E'tibor bermaslikka harakat qildim. Lekin kulgili edi, mana shunday iqtidorli, mashhur futbolchi mening jig‘imga tegish uchun shuncha harakat qildi-ya...

«Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin. Safardagi o‘yinda 0:0 hisobini ushlab qolgandik. Javob o‘yinida esa, 2:1 hisobida oldinga chiqib oldik. Men to‘pni darvozabonimizga oshirganimda, u – Mark Krossli qiynalib qoldi va to‘pni zo‘rg‘a tepib yubordi. Uyog‘i yomon bo‘ldi, maydon markazida to‘pni egallab olgan Jon Salako to‘pni Markning ustidan oshirib darvozaga joylab qo‘ydi. Dahshat! O‘yin tugagach, kiyim almashtirish xonasiga kirganimda Klaf yuzimga shunaqa urdiki, polga uchib tushdim.

«To‘pni darvozabonga oshirma, tushundingmi?!»

Jag‘im og‘rishda davom etar, men esa, boshim bilan tasdiq ishorasini qildim. Klaf va professional futbol bilan asal oyi nihoyasiga yetgan, endi haqiqiy futbol boshlanayotgandi. Bu menga dars bo‘ldi. Umuman murabbiyga bo‘lgan bosim katta edi, uning jahlini tushundim, zarracha xafa bo‘lmadim.

Esimda, ligadan tushib ketganimizda og‘ir daqiqalar bo‘ldi, ammo ba'zi jamoadoshlarim dushda yuvinayotib, bir-biri bilan hazillashardi. Ko‘zlarimga ishonmasdim. Axir biz yutqazdik, faoliyatimiz pastga qarab ketyapti-ku, bular qaysi restoranga borishni maslahat qilishyapti. Men buni qabul qila olmadim.

Chimga ilk qadamlarimni qo‘yishim hamono, «Old Trafford»ni yaxshi ko‘rib qoldim. Transfer qiymati futbol jamoatchiligida shov-shuv bo‘ldi. 3,75 million funt hozir futbolda sariq chaqa, ammo 90-yillar boshi uchun katta pul edi. Hatto chempion «Manchester Yunayted» uchun ham. Men Britaniyaning eng qimmatbaho futbolchisi ekanimni his qilib tursam-da, boshim aylanmadi. Eng yaxshi futbolchilar bilan birga o‘ynab, faqat o‘sishim mumkinligini bilib turardim. «Yunayted»da men haqiqiy xarakter sohibi bo‘ldim. Bryus, Robson, Kantona va Pallister ko‘p gapirishmasdi, jimgina o‘z ishlarini qilishardi. Pol Ins, laqabi «xo‘jayin» edi, albatta, tili biroz uzun edi, ammo u ham yaxshi futbolchi ega bo‘lishi kerak bo‘lgan barcha xislatlarni o‘zida mujassam etgandi.  

Eng muhimi rostgo‘ylik edi. Aleks Fergyuson bilan ishlaganda buning samarasini ham ko‘rish mumkin. Masalan, dam olish kunlaridan keyin mashg‘ulotga borganda, Fergyuson darrov yaxshigina «dam olish» bo‘lganini payqardi. Uning Manchester bo‘ylab ayg‘oqchilari ko‘p, baribir hammasini bizdan avval eshitardi.

— «Roy, kecha ko‘ngilxushlikka chiqdingmi?», – deb so‘rardi odatda dushanba kunlari ertalab.

— «Ha, bir-ikki ryumka ichdim, xolos»

— «Uyga qachon qaytding?»

— «Anig‘ini bilmayman, kech bo‘lib qolgandi»

— «Judayam kech emasmi? Kechasi ikki yarimda Dingsgeytga taksida kelibsan-ku?»

Shundan so‘ng, u men borgan tungi klubning nomini, aynan nechada uyga qaytganimni aytib berardi. Tabiiyki, men faqat rost gapira boshladim. Buning foydasi, ko‘pincha, masalan, gazetalarda bizning kechasi nimalar qilganimiz, qayerlarga borganimiz haqida xabarlar chiqib ketardi. Ko‘pincha, bu xabarlar ichida yolg‘on ma'lumotlar ham qo‘shilib ketar, oshirib yuborishardi. Shunday paytlarda Fergyuson o‘sha xabarga emas, mening talqinimga ishonardi.

1994/95 yilgi mavsumda yoshlar jamoasida bir necha iqtidorli bola paydo bo‘ldi. Ba'zida Fergyuson bizni ularga qarshi o‘ynatar va rostini aytsam, juda qiyin bo‘lardi. Xuddi o‘ta jiddiy o‘yinlardek qattiq yakkakurashlar, podkadlar bo‘lar, o‘yinlar juda qattiq kechardi. Bekhem, aka-uka Nevillar, Batt, Skoulz va Gilleslining safimizga qo‘shilishi yaqin kunlarda amalga oshishi aniq edi.

Biz bu yerga mehnat qilgani yig‘ilganmiz. «Manchester Yunayted» namoyish qilgan futbol va munosabat darajasi – haqiqiy biznes. Ha, mukofot katta. Juda katta pul ishlab topish va shu bilan birga qahramonga aylanish mumkin. Ammo shu bilan birga omadsizlikka uchrash, muxlislar va jurnalistlar tomonidan tanqidlar ostida qolish ham mumkin. Yoki tarkibdan chetda qolasan, hammasidan ham yomon. Eng yomoni, bu faqat sengagina tegadigan kaltak emas, xotining, bolalaring, ota-onang, opa-akalaring, va hatto uzoq qarindoshlaring ham bu kaltakning og‘rig‘ini his qiladilar. 

Ochig‘i, bundan ham buyuk uch daqiqalikni futbol boshqa ko‘rmasa kerak. 1998/99 yildagi Chempionlar Ligasini yutishni ko‘proq istagan, ruhiyati kuchliroq bo‘lgan jamoa yutib olgandi. 

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Mavzuga oid
Top