Iqtisodiyot | 08:39 / 28.05.2019
14495
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank majburiy zaxiralar normalariga o‘zgartirishlar kiritdi

Markaziy bank Boshqaruvi Tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga qo‘yiladigan majburiy rezervlari normativlariga o‘zgartirishlar kiritdi.

Markaziy bank Boshqaruvi 2019 yil 1 iyuldan e'tiboran tijorat banklarining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida depozitga qo‘yiladigan majburiy rezervlari normativlariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.  

Majburiy rezervlash instrumentining samaradorligini oshirish va tijorat banklari tomonidan qisqa muddatli likvidlikni boshqarish sharoitlarini yengillashtirish maqsadida 2019 yilning 1 iyulidan boshlab majburiy rezerv normativlariga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda:

- tijorat banklarining Markaziy bankda rezerv sifatida shakllantiriladigan milliy valutadagi depozitlari uchun 4 foiz hamda chet el valutasidagi depozitlari uchun 14 foiz miqdorida majburiy rezerv normativlari belgilanmoqda;

- majburiy rezervlarning normativ miqdoriga nisbatan 0,25 o‘rtachalash koeffitsiyenti o‘rnatilmoqda. 

Majburiy rezervlarning normativ miqdoriga nisbatan o‘rnatilayotgan o‘rtachalash koeffitsiyenti Markaziy bankka o‘tkazilishi lozim bo‘lgan majburiy rezerv miqdorining 25 foizini banklarning vakillik hisobvarag‘ida qoldirishga ruxsat etiladi. 

Bunda, tijorat banklarning Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘i qoldig‘ining saqlash davridagi o‘rtacha kunlik miqdori hisoblangan majburiy rezerv miqdorining 25 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Bu tijorat banklari uchun likvidlikni samarali boshqarishga imkon beradi.

Mavzuga oid