Murojaat natijasi: Bulung‘urdagi xavfli ko‘prik yangilandi va aholi uchun yo‘lak qilindi
Kun.uz saytida «Bulung‘urdagi xavfli ko‘prik mahalla aholisini xavotirga solmoqda. Tuman hokimi muammoni bartaraf etishga va'da berdi» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.
Unda Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi «Chorbog‘» mahallasi orasidan o‘tgan «Bulung‘ur» arig‘idagi ko‘prikning ahvoli va u aholiga, ayniqsa yosh bolalarga xavf tug‘dirayotgani yoritilgandi.
Aholi murojaati asosida holat o‘rganilganda «Bulung‘ur» arig‘idagi ushbu ko‘prikdan o‘quvchilar maktabga qatnashi, ko‘prik haqiqatan ham xavfli ekanligi, ota-onalar esa doim xavotirda yashashi, qolaversa, o‘quvchilar yog‘ingarchilik kunlari ariq yoqalab loy yo‘lakdan yurishi ma'lum bo‘lgandi.
O‘rganishdan keyin Bulung‘ur tuman hokimi B.Bahramov va tegishli tashkilotlar vakillari bu mahallaga borib vaziyatni ko‘rgan va mutasaddilarga ko‘prikni joriy yilning 25 avgust sanasigacha yangilash bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Bulung‘ur tuman hokimligining tahririyatga ma'lum qilishicha, ko‘prik ta'miri belgilangan muddatda yakunlangan va ariq yoqasidagi yo‘lak o‘rniga yer maydonidan to‘g‘ri yo‘lak qilib berilgan.
«Bulung‘ur tumani hududidan 4ta magistral kanal o‘tgan va 4ta xo‘jaliklararo kanal mavjud. Shuningdek, tuman hududida joylashgan ekspluatatsiyadagi ko‘priklar jami 71ta, shundan O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi balansida 37ta, Suv xo‘jaligi vazirligi balansida 4ta va egasi aniqlanmagan ko‘priklar 30tani tashkil qiladi.
Ushbu ko‘priklarning 2tasi 1960 yilgacha, 32tasi 1960-1975 yillar oralig‘ida, 27tasi 1976-1990 yillar oralig‘ida, 27tasi 1991-2005 yillar oralig‘ida, 5tasi 2005 yildan keyin bunyod etilgan bo‘lib, ularning 23tasi mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarda, 32tasi qishloq ichki yo‘llarida joylashgan.
Joriy yilda bahor fasli seryog‘in kelishi va yoz oyida havo harorati odatdagidan sezilarli darajada baland bo‘lgani natijasida tumandagi ayrim ko‘priklarga zarar yetdi. Hozirgi kunda ularni bosqichma-bosqich ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada keltirilgan «Chorbog‘» mahallasi hududida joylashgan ko‘prikning holatidan tuman hokimligi va tumandagi boshqa mutasaddi tashkilotlar ham xabardor hamda o‘z navbati bilan ta'mirlanishi ko‘zda tutilgan edi.
Mahalla ahlining murojaatidan keyin tuman hokimi tomonidan ushbu masalaga alohida e'tibor qaratildi va yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin foydalanish uchun xavfsiz holatga keltirilishi to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.
Bugungi kunda ko‘prikni ta'mirlash ishlari to‘liq yakunlandi. Shuningdek, maqolada eslatib o‘tilgan ko‘prik atrofidagi yo‘llar masalasi ham e'tibordan chetda qolgani yo‘q. Ko‘prikdan o‘tilgach, kattayu-kichik endi kanal yoqalab, loy yo‘ldan yurishmaydi. Asosiy yo‘lga olib chiqiluvchi 250 metr uzunlikdagi yer maydonidan yo‘l uchun yer ajratildi hamda tosh to‘kilib, tekislab berildi», – deyiladi Bulung‘ur tumani hokimligi axborot xizmati taqdim etgan ma'lumotnomada.
Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.
Mavzuga oid
12:18 / 08.12.2024
Samarqandda qarovsiz qolgan 14 yoshli qiz vaqtincha qarindoshlari qaroviga topshirildi
14:26 / 28.11.2024
Samarqand viloyatiga yangi rahbar tayinlandi
14:19 / 28.11.2024
Erkinjon Turdimov ishdan ketdi
09:18 / 17.11.2024