Jamiyat | 15:56 / 07.09.2019
52553
7 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda sud raisi yordamchisini o‘ldirgan shaxslarga hukm o‘qildi

Foto: KUN.UZ

2019 yil avgust oyning 27 kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Sergeli tuman ma'muriy sudi raisi yordamchisi Obid Shomaqsudovning o‘ldirilishi bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan hukm o‘qildi.

Oliy sud xabariga ko‘ra, sudlanuvchi, 1964 yil 18 may kuni Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida tug‘ilgan, nafaqada bo‘lgan Rustam Ergashev 2018 yil avgust oyida o‘zining tanishi Obid Shomaqsudov onasi va otasi o‘rtalaridagi mulkni bo‘lish natijasida ko‘p miqdordagi pul mablag‘larni onasi orqali olishini bilib, undan 5 ming AQSh dollarni qarzga olishni rejalashtirib, so‘ng tamagirlik niyatlarida O.Shomaqsudovga qarzni qaytarmaslik va unga tegishli bo‘lgan “SPARK” rusumli avtomashinasini hamda uning yonida bo‘lgan boshqa mulklarni bosqinchilik yo‘li bilan egallash maqsadida O.Shomaqsudovni o‘ldirishga qaror qilgan.

R.Ergashev 2019 yil yanvar oyining boshida Mirobod tumani “Qo‘yliq” bozori atrofida savdo majmuasi orqasida joylashgan dori vositalarning norasmiy bozorida, tergovda shaxsini aniqlashni imkoni bo‘lmagan shaxsdan 100 ming so‘mga 4 dona dumaloq sariq rangdagi uyqu dorisini ichimliklarga qo‘shish va ular bilan O.Shomaqsudovni zaharlash uchun sotib olgan. 

2019 yil 26 fevral kuni soat taxminan 21:00larda, R.Ergashev Sergeli tumani, “Choshtepa” mahallasida joylashgan oziq-ovqat do‘konida bo‘lgan vaqtda, O.Shomaqsudov o‘zining voyaga yetmagan qizi bilan mazkur do‘konga kirib P.Ergashevga keyinroq uchrashishni va ish borligini taklif qilgan, so‘ng do‘kondan qiziga zarur narsalarni olib berib, uni uyida qoldirgan. Shundan keyin u o‘ziga tegishli bo‘lgan “SPARK” rusumli avtomashinasida R.Ergashev bilan uchrashish uchun oziq-ovqat do‘koni oldiga borayotgan vaqtda yo‘lda R.Ergashevni uchratib, do‘kon oldiga borishini, ish borligini ma'lum qilgan. R.Ergashev o‘z navbatida o‘zining boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinada O.Shomaqsudov bilan uchrashish uchun do‘kon oldiga qaytib kelgan.

Shundan so‘ng, O.Shomaqsudov kechki vaqt soat 22:05lar atrofida P.Ergashev oldindan so‘ragan 5 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollari (ya'ni 33.612.760 so‘m)ni R.Ergashevga berish uchun olib, o‘ziga tegishli “SPARK” avtomashinasidan tushib, R.Ergashev boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinasiga o‘tirib, har bir kupyurasi 100 AQSh dollaridan bo‘lgan 40 dona 4 ming AQSh dollarini R.Ergashevga bergan. 

R.Ergashev 4 ming AQSh dollarini cho‘ntagiga solib qo‘ygandan so‘ng, o‘zi oldindan rejalashtirgan qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik va transport vositasini olib qochish maqsadida, O.Shomaqsudovga o‘zi tomonidan qoramollar boqiladigan Jo‘nariq ko‘chasidagi uyda joylashgan fermaga borib, u yerda spirtli ichimliklar ichishni, O.Shomaqsudovga o‘zini transport vositasini do‘kon yaqinidagi ko‘prik ustida qoldirishni taklif qilgan, o‘z navbatida O.Shomaqsudov bunga rozilik bildirgan. R.Ergashev o‘z boshqaruvidagi mashinada Choshtepa mahallasidagi oziq-ovqat do‘koniga borib, u yerdan mahsulotlar sotib olgan.

Taxminan soat 22:30larda R.Ergashev va O.Shomaqsudov Jo‘nariq ko‘chasidagi uyda joylashgan fermaga kelishib, spirtli ichimliklarni iste'mol qilishgan. So‘ng, R.Ergashev tashqariga chiqib, rejalashtirgan g‘araz niyatlarini amalga oshirish maqsadida oldindan 100.000 so‘mga sotib olgan 4 dona dumaloq sariq rangdagi uyqu dorilarni “Dena” nomli apelsin sharbatiga maydalab qo‘shib xonaga olib kirib O.Shomaqsudovga ichirgan. 

O.Shomaqsudov uyqu dorilar ta'sirida o‘zini boshqara olmaydigan ojiz ahvolda bo‘lganidan foydalanib, P.Ergashev tashqariga chiqib hovlida hech kim qolmaganligiga ishonch hosil qilib, “Neksiya”ni o‘zlari o‘tirgan xona yaqiniga olib kelgan. U xonaga kirib, O.Shomaqsudovga tegishli “SPARK” rusumli avtomashinani olib qochish maqsadida transport vositasi kalitini stol ustidan olib, O.Shomaqsudovni o‘zining boshqaruvidagi “Neksiya”ga yuklagan.

Ushbu shaxs Toshkent shahar Sergeli tumanida yashovchi tanishi, 1966 yil 13 iyul kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz Bahrom Amanovning oldiga kelib, unga ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olish uchun birlamchi badalni to‘lab berishini va'da berib, O.Shomaqsudovga tegishli avtomashinani olib qochish, ojiz holatda bo‘lgan O.Shomaqsudovning yonidagi boshqa mulklarni ham bosqinchilik yo‘li bilan egallash maqsadida qasddan o‘ldirish haqida u bilan jinoiy til biriktirgan.

R.Ergashev kaftiga sig‘adigan katta toshni olib qurol sifatida foydalanib, alkogoldan hamda uyqu dori ta'siridan ojiz holatda bo‘lgan O.Shomaqsudovni tamagirlik niyatida qasddan o‘ldirish maqsadida bosh qismiga bir necha marta ura turib, B.Amanovga O.Shomaqsudovning boshiga kiygizish uchun o‘zlari bilan olib kelgan avtomashinasi yukxonasida bo‘lgan qopni olib kelishni buyurgan. So‘ng, ikkalasi bir-birining yordamida qopni O.Shomaqsudov boshiga kiygizishib, o‘zlari tomonidan tozalangan temir-beton quvurga 1-1,5 metr ichkarisiga kirgizishib, olib kelgan ketmon va belkurak yordamida temir-beton quvur og‘ziga tosh va tuproqlarni to‘plashib temir-beton quvur og‘zini ko‘mib tashlashgan. O.Shomaqsudov olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida temir-beton quvur ichida vafot etgan.

Sud hukmi bilan Rustam Ergashevga uzil-kesil o‘tash uchun 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Bahrom Amanovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “v,j,p” bandlari bilan 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Mavzuga oid