Jamiyat | 15:18 / 12.09.2019
51755
9 daqiqa o‘qiladi

Kuchli gazlangan va quvvat beruvchi shirin ichimliklar zararlimi yoki yo‘q?

Foto: Shutterstock

Tabiiy gazlangan suvlar qadim zamonlardan ma'lum bo‘lib, tabiblar undan davolash maqsadlarida foydalanib kelishgan. Mashhur yunon tabibi Gippokrat ham bu suvdan ichishni va unda cho‘milishni tavsiya qilgan. ⅩⅧ asrda mineral suvlar shisha idishlarga quyilib, sotila boshlandi. Biroq, u ancha qimmat bo‘lib, qolaversa, juda tez o‘zgarar edi. Shu boisdan ham, keyinchalik, bu suvlarni sun'iy ravishda gazlashtirishga urinish holatlari kuzatildi.

Gazlangan suvni ilk bor 1767 yilda kimyogar J.Pristli kashf etdi. Bunday suvlarni sanoat darajasida ishlab chiqishni Yakob Shvell yo‘lga qo‘ydi. U gazlangan suvni ishlab chiqaruvchi sanoat qurilmalarini yaratdi. ⅩⅨ asrdan u suvni gazlashtirish uchun oddiy oshxona sodasi va tabiiy gazlangan suvdan foydalandi, bu ishlab chiqarish tannarxini arzonlashtirdi.

Keling, vaqtni ko‘p olmaslik maqsadida gazlangan suvlarning inson salomatligiga qanchalik zararli yoki foydali ekanini ko‘rib chiqsak. Xo‘sh, hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan gazli ichimliklar tabiatda gazli holda chiqadigan, Gippokrat davolashda ishlatgan suvlar kabi foydalimi yoki bu inson salomatligiga xavfli? Bu masala bo‘yicha Rossiya davlatining «Rospotrebnadzor» tashkiloti tomonidan taqdim etilgan ma'lumotni e'tiboringizga havola etamiz. Xulosa chiqarish esa, albatta, iste'molchiga havola.

Gazlangan suv tarkibidagi karbonat angidrid gaz holida inson salomatligiga zararli bo‘lmasa-da, suv bilan qo‘shilganda sog‘liq uchun zararli hisoblanadi. Nega deganda, gazning suv bilan reaksiyasi natijasida oshqozon va ovqat hazm qilish tizimi uchun xavfli hisoblanib, shamollash jarayonlarini keltirib chiqaradi.

Yaxshiyamki, bu kislota tezda parchalanadi, biroq oshqozonda uzoq vaqt saqlanib qoladi. Gaz oshqozonga tushganida – hazm qilish va o‘zlashtirish buzilishiga, oshqozonga tushgan taomning turib qolishiga olib kelishi mumkin. Ta'kidlash o‘rinliki, gazlangan ichimliklarni kichik yoshdagi bolalar kundalik taomlari ro‘yxatidan butunlay chiqarib tashlash zarur. Karbonat angidrid konservant hisoblanadi va qadoqlarda Ye290 sifatida belgilanadi. Shu o‘rinda gazlangan suvlarning iste'moliga doir yana bir jihat borki, agar gazlangan suv tanani elektrolitlar bilan boyitadi. Shu bilan uni mutlaq zararli deb bo‘lmaydi.

Ammo, shirin gazlangan ichimliklarni ichish salbiy oqibatlarga olib kelishi aniq. Gazlangan ichimliklar tarkibiga kiruvchi natriy benzoat oziq-ovqat mahsulotlarida konservant sifatida qo‘llaniladi. Natriy tarkibli konservantlar organizmdagi kaliy miqdorini kamaytiradi. Shirin gazlangan ichimliklar tarkibidagi shakar va kislota esa, tish emal qatlamini parchalaydi. Kariyes tish ildizi, negizi va asab tolasiga yetganida tish parchalanadi. Aksariyat shirin gazlangan ichimliklar tarkibida makkajo‘xori siropi ko‘p miqdorda bo‘lib, u ikkinchi tipdagi qandli diabet yoki yurak bilan bog‘liq xastaliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘lishi mumkin. Gazli shirin ichimliklar iste'molini sevuvchilarning 80 foizida qandli diabetni orttirishi ehtimoli yuqori bo‘ladi.

Kolalar va kuchli gazlangan shirin ichimliklar katta miqdorda fosfor kislotasini ham o‘zida saqlaydi. Bu kislota buyrakda tosh paydo bo‘lishi, suyak bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Bu kislota ta'sirida suyaklar mo‘rtlashadi va osteoporozni rivojlantirishi mumkin. Peshob bilan tanadan chiqqan fosfor kislotasi o‘zi bilan kalsiy va boshqa foydali minerallarni olib chiqadi.

Semirish va shirin gazli ichimliklar o‘rtasidagi bog‘liqlik turli testlar va sinovlar natijasida allaqachon isbotini topgan. Xo‘sh, shirin gazli ichimlikni ichgandan keyin tanada qanday o‘zgarishlar bo‘lishi xususida olimlar ko‘plab o‘rganishlar ham olib borgan. Xususan, bir stakan shirin gazli ichimlik ichgach, qon tarkibidagi shakar miqdori oshadi, jigar esa uglevodlarni yog‘ga aylantiradi. Olimlar, shuningdek, gazli shirin ichimliklarni yoqtirish kanserogen (saraton keltirib chiqaruvchi) omillardan biri, degan fikrni ham bildirishadi.

Qayd etish o‘rinliki, alkogolsiz kuchli gazlangan ichimliklar orasida kolaning o‘z o‘rni bor. Turli nomdagi kola ichimliklari eng talab yuqori bo‘lgan ichimliklar hisoblanadi. Keling, bir stakan kola ichgan inson tanasida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini ko‘rib chiqaylik.

10 daqiqadan so‘ng, ichimlik tarkibidagi 10 choy qoshiq miqdoridagi shakar (kunlik me'yor) oshqozonosti beziga zarba beradi. Siz chanqamaysiz, chunki ichimlik tarkibidagi fosfor kislotasi shakar ta'sirini kamaytirib turadi. 20 daqiqa o‘tgach, qondagi insulin miqdori keskin oshadi. 40 daqiqadan keyin jigar shakarni yog‘ga aylantiradi, kofein so‘riladi, qon bosimi ko‘tariladi, chunki jigar qonga ko‘p miqdorda shakarni haydaydi, ko‘z qorachig‘i kengayadi.

45 daqiqada bosh miyaning huzur-halovat hissini kuchaytirishga xizmat qiluvchi dofamin gormoni miqdori ortadi. Natijada kayfiyat ko‘tariladi, tetiklik paydo bo‘ladi, uyqusirash yo‘qoladi, ammo bir-bir yarim soat o‘tgach, inson yalqovlik seza boshlaydi va ta'sirchan bo‘lib qoladi. Asta-sekinlik bilan miya insonning gazlangan ichimlik ichish odatiga moslasha boradi, kerakli gormonlarni yetarli miqdorda ishlab chiqarmay qo‘yadi, chunki bu gormonlarni shunchaki kola ichish orqali sun'iy yo‘l bilan ham olish mumkin.

Endi, so‘nggi vaqtlarda urfga kirib borayotgan quvvat beruvchi ichimliklar xususida so‘z yuritsak. Qadim zamonlardan insonlar tabiiy quvvatlantiruvchi-tetiklantiruvchi mahsulotlardan foydalanib kelishgan. Yaqin Sharqda qahva, Janubi-Sharqiy Osiyo va va Xitoyda – choy, Hindistonda ham qahva va choy, Janubiy Amerikada – mate, Afrikada kola yong‘oqlari iste'mol qilingan. Uzoq Sharq, Sibir va Mo‘g‘ilistonda Xitoy limon o‘ti, jenshen, araliya kabilar mashhur. Yuqoridagilardan kuchliroq stimulyatorlar, masalan Osiyoda – efedra, Janubiy Amerikada koka kabilar ham bo‘lgan. Shu bilan birga, bu o‘simliklardan tayyorlangan ichimliklarning zarari sezilarli bo‘lmagan. Chunki, ichimliklar tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan.

XX asrning so‘nggi choragida iste'mol bozorida quvvat beruvchi ichimliklar paydo bo‘la boshladi. Vaqt o‘tishi bilan ular ommalasha borgani sayin bunday ichimliklarning turlari ham ko‘paydi. Xo‘sh, ularning foydasi nimada? Energetik ichimliklar tezda quvvatlanib, bir necha soatga tetiklik manbaiga ega bo‘lishni kafolatlaydi. Shunga ko‘ra, bir qarashda bu kabi ichimliklar ichishdan foyda bordek ko‘rinsa-da, uning ta'siri tarkibidan kelib chiqqan holda vaqtinchadir. Endi ularning tarkibiga bir nazar solsak.

Taurin o‘t pufagida sintez bo‘ladi va qator modda almashuv jarayonlarida qatnashib, to‘qimalar oziqlanishini yaxshilaydi. Kam miqdorda zararsiz hisoblanadi, ammo bugungi kun energetiklariga kundalik me'yordan ko‘p miqdorda qo‘shiladi.

Kofein, asosan, reaksiya va xotirani kuchaytirish orqali aqliy va jismoniy ishchanlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuning barobarida yurak urishi oralig‘i ortadi, arterial qon bosimi ko‘tariladi, ko‘p hollarda aritmiyaga sabab bo‘ladi.

Teobromin juda kuchli stimulyator hisoblanadi.

Melatonin inson hayotiy faoliyati, faolligi va kundalik ritmini quvvat bilan ta'minlaydi.

Ta'kidlash o‘rinliki, bir qarashda alkogolsiz quvvat ichimliklari unchalik ham xavotirli emasdek. Chunki tarkibida kofein, shakar, ta'm beruvchi qo‘shimchalar va vitaminlar bor. Biroq, ichimlik xavfi ushbu moddalarning konsentratsiyasidadir. 300 millilitrli ichimlikda ko‘p miqdorda, aniqroq aytganda, 7 chashka qahvadagidek kofein bo‘ladi, bu asab tizimi, yurak-tomir tizimiga jiddiy zarba hisoblanadi. Bundan tashqari, ular tarkibida ko‘mir kislotasi bo‘lgan kuchli gazlangan ichimlik hamdir. Yana bir jihatni ham tan olish kerakki, kuchli gazlangan ichimliklarni ishlab chiqaruvchilar xavfsiz iste'mol miqdorini ham yorliqlarda ma'lum qilishadi. Lekin, iste'molchilar, tabiiyki, bunga amal qilmaydi.

 

Mavzuga oid