Sport | 12:57 / 06.11.2019
22668
11 daqiqa o‘qiladi

Avtogollar, penaltilar, qizil kartochkalar va drama. Londonda anomal futbol

Chempionlar ligasining 4-turi doirasida «Stemofrd Brij»dagi bahs ilk daqiqalardanoq aqlsizlik bilan boshlandi. O‘yinning 4-daqiqasidayoq stadion tablosida «1:1» raqamlari porlab turardi.

Birinchi bo‘lim statistikasiga o‘yinda gollar ko‘p bo‘lishi mos emasdi. Ikki jamoa uchun jami 6ta zarba, 3tasi aniq (2ta «Chelsi»da, 1ta «Ayaks»da).

Lekin «Ayaks» 3:1 hisobida oldinda edi! Ikkita avtogol bu o‘yin noodatiy o‘yinlardan bo‘lishini ko‘rsatayotgandi.

«Ayaks»ning 1-goli: Kvinsi Promes chap qanotdan jarima zarbasini ijro etdi; Abraham to‘pni uzoqlashtirish maqsadida sakradi, ammo to‘p rikoshet orqali Kepa qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushdi. Darvoqe, bu «Chelsi»ning joriy mavsumdagi eng yaxshi to‘purarining ikkinchi avtogolidir;
«Chelsi»ning 1-goli: Pulishich raqib jarima maydoniga yorib kirganida qo‘pollik bilan to‘xtatildi, hakam nuqtani ko‘rsatdi. Shtatdagi penaltichi Jorjino o‘z uslubida darvoza burchagi tomon aniq zarba yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.
«Ayaks»ning 2-goli: Ziyosh va Neres o‘ng qanotdan kombinatsiya uyushtirdi, keyin marokashlik birdan to‘pni uzoq burchak tomon tashladi – Promes sakrab to‘pni bosh bilan darvoza to‘riga joyladi;
«Ayaks»ning 3-goli: Ziyosh o‘ng qanotdan jarima zarbasini ijro etdi – yana uzoq burchak tomon yo‘naltirilgan to‘p to‘sindan qaytib Kepaning boshiga tegdi va yana darvoza ichiga kirib ketdi. 

«Chelsi» birinchi marta YeChL o‘yinida birinchi bo‘limdayoq o‘z darvozasidan 3 gol o‘tkazdi. 

Ikkinchi bo‘limda ko‘p aqlsizliklar bo‘lib o‘tdi.

55-daqiqa: van de Bek jarima maydoni hududida to‘pni to‘xtatdi (bu safar ham Ziyosh pas muallifi) va Kepani ojiz qoldirdi. 1:4. Barchasiga nuqta qo‘yilgandek edi.

63-daqiqa: «Chelsi» kambekni boshladi. «Start» tugmasini jamoa sardori Aspilikueta bosdi, Abrahamning zarbasi biroz xato ketayotgandek ko‘ringanida ispaniyalik futbolchi to‘pga ulgurdi va bir metr masofadan bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi. Bu vaqtdagi minimal ofsaydni hech kim sezmadi, amsterdamliklar hisob 4:1 bo‘lib turgan vaziyatda ortiqcha bahslashib o‘tirishmadi. Endi hisob 2:4 edi.

68-daqiqa: Chempionlar ligasining bu mavsumidagi eng syurrealistik 10 soniya. «Chelsi»ning bir hujumida «Ayaks»ning ikki nafar markaziy himoyachisiga qizil ko‘rsatildi va darvozasiga penalti belgilandi. Avvaliga Jorjino ochiqdan-ochiq van de Bekni yiqitdi, shundan keyingi vaziyatda Blind avvaliga Pulishichga, keyin Abrahamga qo‘pollik bilan tashlandi, to‘p baribir londonliklarda qolgani tufayli uchrashuv hakami Janluka Rokki o‘yinni davom ettirishga ruxsat berdi, hujum yakunida Hadson-Odoining zarbasi jarima maydoni ichidagi Veltmanning qo‘liga tegdi. Rokki Jorjinoning qo‘polligiga e'tibor qaratmadi, Blindga kechiktirilgan fol uchun ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi va mehmonlar darvozasiga penalti belgiladi, norozilik bildirgan Veltmanga ham ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatdi va u Blind bilan birga maydonni tark etdi.

Blind maydonni tark etar ekan Jorjinoning birinchi foli bilan bog‘liq holatni ko‘rib chiqishni qattiq iltimos qildi, ammo uni qattiqqo‘llik bilan kiyim almashtirish xonasiga haydashdi. Holbuki takroriy lavhalarda birinchi qo‘pollik keyingilariga yo‘l ochgani yaqqol ko‘rinib turgandi.

71-daqiqa: Jorjino o‘yinda ikkinchi marta penaltini aniq ijro etdi – 3:4. «Ayaks» qolgan 20 daqiqada 9 kishi bo‘lib harakat qilishi kerak edi.

74-daqiqa: bu o‘yin shunchaki «Chelsi»ni qutqarishga dasturlangandek edi. Tanaffusda o‘yinga qo‘shilgan Ris Jyeyms Abrahamning zarbasidan keyin to‘sindan qaytgan to‘pga qayta zarba berib, hisobni tenglashtirdi. U «Chelsi»ning YeChLda gol urgan eng yosh futbolchisi bo‘ldi (19 yoshu 332 kunlik).

Keyin Aspilikueta «Chelsi» beshinchi golini ham urdi, lekin bu gol quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi (VAR hujum davomida Abraham qo‘li bilan o‘ynaganini qayd etdi).

«Ayaks» esa ikki kishi kam holatida ham hujum ketidan hujum uyushtirib, golli vaziyatlar yaratdi. Hayratlanarli statistika: «Ayaks» o‘yindagi darvozaga aniq borgan 5ta zarbasidan 3tasini ikki futbolchisi maydondan chiqib ketganidan keyin yo‘llagan! 

Yana qaytadan hisoblaymiz: 8 gol, ikki avtogol, ikki penalti, ikki chetlatish, kambek, videotakror orqali bekor qilingan gol. Aql bovar qilmaydi!

Bu o‘yin barchani 3-4 gol farqi bilan ortda qolish ham hali hech narsani anglatmaydigan bolalik futboliga qaytardi. Bunday o‘yinlar bilan katta turnirlarda g‘olib chiqilmasligi mumkin, ammo muxlislar qalbi zabt etiladi. «Ayaks» o‘tgan yilgi o‘yinlarini davom ettirmoqda, de Yong va de Ligt yo‘q, ammo deyarli hech narsa o‘zgarmagan. Van de Bek charchoq neligini bilmaydi, Ziyoshning chap oyog‘i barchani hayratga solishda davom etmoqda, Promes esa Ispaniyadagi omadsiz mavsumdan keyin o‘z vatanida yana yorqin futbol namoyish etmoqda. Bu haqiqiy iste'dodlar fermasi.

«Chelsi» esa bu jamoaning egizagiga aylangandek. FIFA sanksiyalari va Azarning ketishi bu jamoaning qaddini buka olmadi, jamoa afsonasi chempionshipdagi bir mavsumda katta tajriba to‘pladi va jonajon jamoasida yosh tarbiyalanuvchilarga imkon berishdan cho‘chimay kuchli jamoa barpo etmoqda. Bu murabbiyni Kantening jarohati ham, ikki markaziy himoyachi - Ryudiger va Kristiansen bir vaqtda safdan chiqishi ham to‘xtata olmadi, u Abraham, Maunt, Tomori va Jyeyms kabi yangi nomlar bilan yangi gvardiyani maydonga tashlamoqda.

Biroz avvalroq Gari Lineker londonliklar o‘yini haqida shunday degandi: «Ular shunday futbol o‘ynashmoqdaki, ko‘rib odamning so‘lagi oqadi». U bu paytda hali «Chelsi» va Erik ten Haagning «Ayaks»i o‘rtasida qanday o‘yin bo‘lib o‘tishini bilmasdi.

«Men o‘yin haqida gapira olmayman. Aqldan ozdiradigan o‘yin bo‘ldi. Biz odamlarning ko‘ngil ochishi uchun o‘ynaymiz. Tomosha qilgan har bir kishi «Bu futbol» deb aytishi kerak. Biz xavfli hujumlar qildik va men kuchayib borayotganimizni his qildim. Umuman olganda, mamnun emasman. Bu – Chempionlar Ligasi, biz juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik.

Eng katta zavq – stadionning kayfiyati. Qizil kartochkalar haqida gapira olmayman... Tanaffusda durangga rozi edim, bolalarga 3:3 yoki 4:4 qilamiz dedim. Ammo o‘yin oxirida g‘alaba qozonish istagi paydo bo‘ldi. Taxminan 10 daqiqa qo‘shib berilishini kutgandim, nega 4 daqiqa qo‘shilganini bilmayman», – deya o‘z holatini ifodaladi o‘yindan keyin Frenk Lempard.

Lempard balki g‘alabaga haqli bo‘lgandir, ammo «Ayaks» mag‘lubiyatga uchrashi nohaqlik bo‘lardi. 9 kishi bo‘lib ham hisobni ushlab qolishga intilmagan va qolgan bor kuchi bilan hujumga o‘tgan jamoa haqida nima deyish mumkin - bu haqiqiy futbol. Chin dildan futbol o‘ynash. Bunday manzarani Chempionlar ligasida ko‘rish - bebaho holat.

• Endi guruhdagi uch jamoada – «Ayaks», «Chelsi» va «Valensiya»da – 7tadan ochko. Keyingi turda «Chelsi» «Mestalya»da, «Ayaks» – Fransiyada mehmon bo‘ladi.

• YeChL tarixida 4 marta yirik durang qayd etilgan, shundan ikkitasi «Chelsi» ishtirokida: 2009 yil aprelida londonliklar «Liverpul»da iroda ko‘rsatishgan, Lempard o‘shanda ikkita gol urgandi.

• «Chelsi» – YeChLda uchta gol farqini yo‘qqa chiqargan uchinchi ingliz klubi. So‘nggi marta bunga Istanbuldagi finalda «Liverpul» erishgandi.

H guruhi
«Chelsi» — «Ayaks» — 4:4

Gollar: Jorjinyu, 5, penalti, 71, penalti. Aspilikueta, 63. Jyeyms, 74 — Ebraxam, 2, avtogol. Promes, 20. Arrisabalaga, 35, avtogol. van de Bek, 55).
Chelsi – Arrisabalaga, Aspilikueta, Zuma, Tomori, Alonso (Djyeyms, 46), Kovachich (Batshuayi, 87), Jorjino, Maunt (Xadson-Odoi, 60), Villian, Abraham, Pulishich.
Ayaks – Onana, Mazraui, Veltman, Blind, Talyafiko, van de Bek, Martines, Neres (Sxyurs, 72), Ziyosh (Alvares, 72), Promes, Tadich.
Ogohlantirishlar: Veltman (31), Blind (33), Tomori (42), Aspilikueta (45), Promes (62).
Chetlatishlar: Blind (68), Veltman (69).

«Valensiya» — «Lill» — 4:1 (Parexo, 66, penalti. Sumaro, 82, avtogol. Kondogbiya, 84. Ferran Torres, 90 — Osimxen, 25).

27 noyabr. «Valensiya» — «Chelsi», «Lill» — «Ayaks».

E guruhi
«Napoli» — «Zalsburg» — 1:1
 (Losano, 44.- Holand, 11, penalti).

«Liverpul» — «Genk» — 2:1 (Veynaldum, 14. Oksleyd-Chemberlen, 53 — Samata, 41).

27 noyabr. «Liverpul» — «Napoli», «Genk» — «Zalsburg».

F guruhi
«Barselona» — «Slaviya» — 0:0.
«Borussiya D» — «Inter» — 3:2 (Hakimi, 51, 77. Brandt, 64 — Biragi, 5. Vesino, 40).

27 noyabr. «Barselona» — «Borussiya D», «Slaviya Pr» — «Inter».

G guruhi
«Zenit» — «Leypsig» — 0:2 (Demme, 45+5. Zabitser, 63).

«Lion» — «Benfika» — 3:1 (Andersen, 4. Depay, 33. B.Traore, 89 — Seferovich, 78).

27 noyabr. «Leypsig» — «Benfika», «Zenit» — «Lion».

Mavzuga oid