O‘zbekiston | 21:30 / 07.11.2019
23687
4 daqiqa o‘qiladi

Tovarning bojxona qiymatidan 30 foizni tashkil etuvchi yagona bojxona to‘lovi joriy etilmoqda - Prezident qarori

Foto: UZ24

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ–4508-sonli qarori qabul qilindi.

Qaror O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga muvofiq, shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun olib o‘tiladigan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2020 yilning 1 yanvardan boshlab:

Notijorat maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan o‘tish punktlari orqali qo‘l yukida va kuzatib borilayotgan bagajda tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, QQS va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovini nazarda tutuvchi bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qo‘l yukida, kuzatib borilayotgan bagajda, shuningdek, pochta jo‘natmalari orqali hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlari olib kirilganda, ular ishlab chiqaruvchining o‘rovida bo‘lishi majburiy etib belgilandi.

Yagona bojxona to‘lovi bojxona to‘lovlari undirilmaydigan tovarlarni jismoniy shaxslar tomonidan respbulikaga olib kirishning cheklagan me'yorlaridan ortgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qat'i nazar, tovarlarning barcha toifalari bo‘yicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda, cheklangan me'yorlardan ortiq qismiga nisbatan undiriladi.

Ya'ni,

·       alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrdan,

·       barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutidan,

·       atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donadan,

·       qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 grammdan ortgan taqdirda — bojxona to‘lovlari umumbelgilangan tartibda to‘lanadi.

Endilikda tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSh dollardan kam bo‘lmagan miqdorida yagona bojxona to‘lovi stavkasi joriy qilinadi.

Prezident qarori bilan Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlarning quyidagi ro‘yxati ham tasdiqlandi. Bular:

1. Ichki yonuv dvigatellari.

2. O‘zbekiston Respublikasi TIF TN 8403 10 subpozitsiyasida tasniflanuvchi markaziy isitish qozonlari.

3. O‘zbekiston Respublikasi TIF TN 8426 - 8430, 8433 - 8442,

8444 00 – 8449 00 000 0, 8453 - 8464, 8465, 8466, 8468, 8474 - 8480, 8486, 8514, 8530, 8534 00, 8535, 8545, 8548, 9024, 9027, 9030 va 9031 tovar pozitsiyalarida tasniflanuvchi mashinalar, mexanizmlar, uskunalar (gazonlar, istirohat bog‘lari yoki sport maydonchalari uchun kosilkalar, diskli maishiy arra).

4. Oftobda qorayish uchun solyariylar.

5. Tibbiyot texnikasi va uskunasi (shpritslar, ignalar, kateterlar, kanyulyalar, shunga o‘xshash asboblar, qon bosimi, tana haroratini o‘lchash uskunasi, shuningdek, tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha foydalanish uchun zarur apparaturalar bundan mustasno).

6. Tibbiyot, xirurgiya, stomatologiya yoki veterinariya mebeli (tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha foydalanish uchun zarur bo‘lgan mexanik moslamali shifoxona koykalari bundan mustasno).

7. Sartarosh kreslosi va o‘xshash kreslolar, ularning qismlari.

8. O‘zbekiston Respublikasi TIF TN 9010 tovar pozitsiyasida tasniflanuvchi fotolaboratoriyalar uchun apparatura va uskuna.

9. O‘zbekiston Respublikasi TIF TN 9023 00 tovar pozitsiyasida tasniflanuvchi namoyish qilish maqsadlariga mo‘ljallangan jihozlar, apparatura va modellar.

10. Tangalar, banknotlar, bank kartochkalari, jyetonlar yoki boshqa shunga o‘xshash to‘lov vositalari bilan harakatga keltiriladigan o‘yin avtomatlari.

Mavzuga oid