O‘zbekiston | 17:20 / 06.12.2019
24385
3 daqiqa o‘qiladi

Namanganda Prezident maktabi ochildi

Foto: Namangan viloyati hokimligi

6 dekabr kuni Namangan shahrida Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni ochib bergan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov o‘z so‘zida bugun namanganliklar uchun tom ma'noda buyuk sana ekanligini ta'kidlab o‘tdi. 

- Viloyatimiz miqyosida sakkiz mingga yaqin o‘quvchi yoshlar Prezident maktabi o‘quvchisi bo‘lish maqsadida imtihonlardan o‘tgan bo‘lsalar, ulardan eng salohiyatli, eng bilimli, eng munosib 144 nafari bugun shunday faxrli nom egasi sifatida qarshimizda turibdilar. Bu siz-u bizga qanchalik iftixor baxsh etayotgan bo‘lsa, shunchalik mas'uliyat hissini ham yuklaydi. Siz bugundan e'tiboran eng kuchlilar ichida kuchli, baxtlilar ichida baxtli bo‘lib, shunday imkoniyatlar maskanida tahsil olishga kirishmoqdasiz. Bu yo‘lda sizga buyuk g‘alabalar, katta marralar tilab qolaman. Mamlakatimiz ravnaqini yuksaltiradigan, viloyatimiz iftixor etadigan, ona xalqimiz ishonadigan farzandlar bo‘lishingizga ishonch bildiraman, - dedi viloyat rahbari o‘z so‘zida. 

Shundan so‘ng so‘z olgan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa'dullayev va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxo‘jayevlar Prezident tashabbusi bilan mamlakatimizning eng iqtidorli va bilimli yoshlari uchun bunyod etilgan maktab, tom ma'noda yuksak imkoniyatlar maktabi bo‘lib qolishini ta'kidladilar. 

Shundan so‘ng mehmonlar maktab faoliyati bilan tanishib, o‘quv jarayonlarini kuzatdilar. 

Prezident maktabida o‘quv jarayoni tubdan yangi texnologiyalar asosida tashkil etilgan bo‘lib, Kembrij universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi. Prezident maktablarida “STEAM” fanlar – tabiiy fanlar, texnologiya, texnik ijodiyot, san'at, matematika chuqurlashtirib o‘rgatiladi. O‘n nafar xorijlik mutaxassislar o‘quvchilarga dars beradilar. 

Mavzuga oid