O‘zbekiston | 18:08 / 27.01.2020
64677
5 daqiqa o‘qiladi

Tatyana Karimova prezident lavozimi joriy etilishi bilan bog‘liq xotiralari bilan o‘rtoqlashdi

Bugun, 27 yanvar kunidan O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tavalludining 82 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar haftaligi boshlandi. Haftalikni «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida: Prezidentlik instituti tashkil etilganining 30 yilligi» mavzusidagi davra suhbati ochib berdi.

Foto: Farhod Qurbonboyev

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova ,birinchi davlat rahbarining safdoshlari hamda olimlar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘z olgan Tatyana Karimova O‘zbekistonda prezidentlik institutining joriy etilishi bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Islom Karimov mamlakat hali O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi deya yuritiladigan 1990 yilda Prezident bo‘lgan edi. U paytda siyosiy holat juda ham tarang, har qanday harakat kuchli qarshilikka sabab bo‘lishi mumkin edi. Shunga qaramay, sobiq sovet davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda prezidentlik instituti ta'sis etildi. Buning oqibatlarini markaz tushungan holda turli bosimlar o‘tkaza boshladi.

Lekin Islom Abdug‘aniyevich maqsaddan chekinmadi. SSSRdek katta imperiyada ikkita Prezident bo‘ldi: Gorbachyov va Karimov. Lekin bu Islom Abdug‘aniyevichning shaxsiy manfaatlari emasdi. U iqtisodiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan, konfessiyalararo va etnik konfliktlar taranglashgan mamlakat kelajagi uchun mas'uliyatni o‘z bo‘yniga oldi. Davlat ahamiyatiga molik qarorlarni mustaqil qabul qilish, huquqiy asosni yaratish zarurati o‘laroq prezidentlik instituti joriy etildi», – deya xotirladi Tatyana Akbarovna.

Foto: Farhod Qurbonboyev
Foto: Farhod Qurbonboyev

Pedagogika fanlari  doktori, professor Muhammadjon Quronov O‘zbekistonda prezidentlik institutining ta'sis etilishiga Moskvaning reaksiyasini ko‘rsatuvchi faktlarni keltirib o‘tdi.

«90-yillarda biz Prezident desa, AQShdagi Reyganni bilardik. Keyin Gorbachyov Prezident bo‘ldi. SSSRdagi ikkinchi Prezident esa Islom Karimov bo‘ldi. Mamlakatda ikkita prezidentlik holati yuzasidan Moskvada yig‘ilish bo‘lgan. Bu yig‘ilishga Islom Abdug‘aniyevichni ham chaqirishgan. Katta minbarda turib Mixail Gorbachev: «Buni qarang-a. Bitta mamlakatda ikkita prezident! Men hali o‘zim buning tagiga yetaman», deb dag‘dag‘a qilgan.

Bunday vaziyatda Islom Karimov qanday yo‘l tutishi kerak edi? U shartta «Agar suhbat shu ohangda davom etadigan bo‘lsa, men zaldan chiqib ketaman», dedi. «Yo‘q to‘xtang, hozir hammasini muhokama qilib olamiz», deb uni zalda olib qolishdi.

Islom Adug‘aniyevich shunday keskin paytda xarakterni namoyon qila oldi. Prezidentlik institutini ta'sis etgunga qadar necha ming marta o‘ylandi. Mamlakatda Moskvaga bog‘liq bo‘lmagan bitta rahbar bo‘lishi kerak edi. KPSSning Markaziy komissiyasi a'zosi bo‘la turib davlatni boshqarib bo‘lmas edi. KPSSdan ajralish, sobiq ittifoqning prinsiplaridan chiqib ketish kerak edi. Natijada, mustaqillikning ramzi sifatida prezidentlik joriy etilishi siyosiy qadam bo‘ldi», deydi Muhammadjon Quronov.

Foto: Farhod Qurbonboyev

O‘zbekistonda respublika prezidenti lavozimi1990 yil 24 mart kuni, XII chaqiriq O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining birinchi sessiyasida ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo‘lib joriy etildi. Bu lavozimga 1989 yil iyunidan boshlab O‘zbekiston kommunistik partiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Islom Karimov saylandi.

Bundan atigi 10 kun avval – 14 mart sanasida SSSR xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari uchinchi sessiyasida SSSR prezidenti lavozimini ta'sis etish to‘g‘risida qonun qabul qilingan va bu lavozimni Mixail Gorbachyov egallagan edi.

1991 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligi e'lon qilindi. Shundan so‘ng shu yilning 29 dekabr sanasida muqobillik asosida mustaqil davlat rahbarligiga o‘tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov saylandi.

1995 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlariga asosan, Islom Karimovning prezidentlik vakolati 2000 yilga qadar uzaytirildi.

2000 yil 9 yanvarda 7 yil muddatga (Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq), 2007 yil 23 dekabrda 7 yil muddatga, 2015 yil 29 martda 5 yil muddatga (Konstitutsiyadagi o‘zgartishlarga ko‘ra) Islom Karimov prezident etib saylangan.

Mustaqil O‘zbekistonning birinchi prezidenti 2016 yil avgustida insultdan so‘ng shifoxonaga yotqizilib, 2 sentabr kuni 78 yoshida vafot etdi.

Foto: Farhod Qurbonboyev

Mavzuga oid