Sport | 15:43 / 05.02.2020
9359
12 daqiqa o‘qiladi

«Chempion hikoyalari»: Buffon bolaligi, xatolari, tushkunlik va o‘zini anglash haqida

Jahon chempioni, Italiya va Fransiya chempioni, asrimizning dastlabki o‘n yilligidagi dunyoning eng yaxshi darvozaboni deb tan olingan Janluiji Buffon yaqinda 42 yoshga to‘ldi. Uning ThePlayersTribune’ga aytib bergan hikoyasi esa, muvaffaqiyatlar va sovrinlarga to‘la futbol faoliyatini emas, oddiy, tushunarli va barcha ham erishishi mumkin bo‘lgan haqiqiy baxt haqida. Hikoya siz uchun tanish uslubda, bugungi Buffonning 17 yoshli Buffonga maktubi sifatida yoritilgan.

«Qadrli 17 yoshli Janluiji!

Senga hayotida juda ko‘p voqealarni boshdan kechirgan, xatolar qilgan bir odam yozmoqda. Menda sen uchun ham yaxshi, ham yomon xabarlar bor. Muhimi, men sen bilan qalbing haqida gaplashmoqchiman.

Avval, yomon xabar. Sen 17 yoshga kirding. Yaqinda xuddi orzu qilganingdek, haqiqiy futbolchi bo‘lasan. Sen uchun hammasi ma'lumdek, lekin hali hech narsani bilmaysan, ishonaver.

Bir necha kundan keyin «Parma» safida A Seriyadagi birinchi o‘yiningda maydonga tushasan. Bundan qo‘rqadigan darajada tajribali emassan, bilaman. Bunday voqea oldidan o‘rningga yotib, issiq sut ichishing kerak. Lekin sen yoshlar tarkibidagi do‘sting bilan tungi klubga qarab ketding.

Bir bokalgina pivo, mayli. Lekin sen o‘zingni tuta olmading. O‘zingni katta boladek his qila boshlading. Kechasi birda klub bazasiga borasan, politsiya bilan janjallashasan. Undan ko‘ra, uyga ketgin, iltimos.

Sen doim hech qanday sababsiz, atrofingda xaos paydo qilasan. Qalbingda o‘t bor va bu juda ko‘p xatolarga boshlaydi. Go‘yoki, sheriklaring oldida o‘zingni kuchli yo erkin ko‘rsatishga urinasan, ammo bularning hammasi niqob. Uch kun o‘tib, taqdir senga uchta sovg‘a taqdim etadi. Juda xavfli sovg‘alar.

Pul. Shuhrat. Orzuingdagi ish.

Buning nimasi xavfli deyishing mumkin, paradoks ham shunda. Bir tomondan darvozabon o‘ziga ishonishi, ruhan kuchli bo‘lishi lozim, hech narsadan qo‘rqmasligi kerak. Agar murabbiy texnik tomondan eng mukammal va eng jasur darvozabondan birini tanlashi kerak bo‘lsa, hammasi ikkinchi variantni tanlaydi. Ikkinchi tomondan esa, dovyurak inson hamma narsani unutib qo‘yishi oson. Bu hatto seni zeriktirib, tushkunlikka olib kelishi ham mumkin.

Istasang, kulishing mumkin, lekin shunday bo‘ladi. Faoliyatingning cho‘qqisi, har bir erkak orzu qiladigan holatdasan, 29 yoshingda «Yuventus» va Italiya terma jamoasi posboni bo‘lding. Pul, ehtirom. Seni hatto Supermen deb atay boshlashadi. Ammo o‘zing yaxshi bilasan, hech qanaqa superqahramon emassan. Atrofingdagilar kabi, oddiy inson. Ammo bosim, senga bo‘lgan munosabat seni zanjirband qiladi. Mashg‘ulotlarga borasan, televizor ko‘rasan. Uxlaysan. Ertasiga ham shu gap. Yutasan. Yutqazasan. Yana va yana.

Bir kuni uyg‘onib, oyoqlaring qaltirayotganini sezasan. Shunchalik ojizsanki, mashina hayday olmayapsan. Shunchaki, charchadim yoki betobman, deb o‘ylaysan. Ammo ahvoling yomonlashadi. Hech narsa qilging kelmaydi, faqat yotasan. Mashg‘ulotlardagi har bir seyv juda ko‘p mehnat talab qiladi. Yetti oy tushkunlikda bo‘lasan, xursand bo‘lish uchun biror sabab topish qiyin bo‘lib qolgan.

Endi, biroz pauza olamiz. Chunki, sen, 17 yoshli yigit nimalarni o‘ylayotganingni bilaman.

«Qanaqasiga? Men baxtliman-ku? Tug‘ma yetakchi. Agar men «Yuventus» darvozaboni va millioner bo‘lsam, baxtli bo‘lishim aniq. Qanaqa tushkunlik?»

Senga juda muhim savol beraman: nega hayotingni futbolga bag‘ishlashga qaror qilganding Jiji. Esingdami?

Tomas N’Kononi aytma, iltimos, yanayam chuqurroq o‘yla. Hammasini eslashga urinib ko‘r.

12 yoshda eding. Ha, Italiyada jahon chempionati bo‘layotgandi. Birinchi o‘yin – Argentina Kamerunga qarshi. «San Siro» stadionida.

O‘sha o‘yin paytida qayerda eding, ko‘zingni yumgin-da, eslashga urinib ko‘r. Uyda, bir o‘zing. O‘rtoqlaring-chi? Buving oshxonada ovqat pishirayotgandi. Ko‘chaning issiqligidan pardalar ham yopib qo‘yilgan, xona qorong‘i, faqat televizor nuri yoritib turardi.

Kamerun! Qiziq so‘z. Bu qayerda joylashganini ham bilmaysan. Bunday davlat borligini bilmasding ham. Albatta, Argentinani, Maradonani taniysan, ammo Kamerun futbolchilarida qandaydir sehr bor edi. Juda issiq, lekin ularning darvozaboni yengi uzun kiyimda va qora shalvar kiyib olgan. Bo‘yi baland, mo‘ylovi bor, chaqqon. Sening e'tiboringni tortdi. Yoqtirib qolding.

U sen hayotda ko‘rgan eng zo‘r yigit. Sharhlovchi uning ismi Tomas N’Kono ekanini aytadi. Argentina burchak zarbasi ijro etyapti. Tomas to‘pga tashlanadi-da, hammaning orasidan to‘pni uzoqqa urib yuboradi. Shu lahzada hayotda nima xohlashingni bilib olasan. Sen shunchaki, darvozabon emas, xuddi shunday darvozabon bo‘lmoqchisan. Yovvoyi, dadil, erkin...

O‘yin davom etgan sari, qaroring qat'iylashib boradi. Kamerun gol uradi, sen asabiylasha boshlaysan, ularga muxlislik qilasan. O‘rningdan turib ketasan. Kamerun maydonda o‘n kishi qolgach, sharhlovchining ovozi ham yoqmaydi. Ikkinchi bo‘limda televizor yonida uyoqdan buyoqqa yura boshlading, Kamerun to‘qqiz kishi qoladi. Oxirgi besh daqiqada, televizor ovozini o‘chirib, tiz cho‘kkancha, boshingni yerga qilib turasan. Orada boshingni ko‘tarib, hisobni ko‘rasan va yana egasan. Nihoyat, Kamerun g‘alaba qildi. Qo‘shnilardan ikki bolakay paydo bo‘ldi: «Kamerunni ko‘rdingmi? Ko‘rdingmi?»

O‘sha kuni qalbingda o‘t yondi. Kamerun degan davlat bor. Tomas N’Kono degan darvozabon ham bor. Bir kuni dunyoga Buffon ham borligini bildirib qo‘yasan. Mana shuning uchun futbolchi bo‘lishni orzu qilganding. Pul va shuhrat uchun emas. Tomas N’Kono o‘yinidagi artistizm, uning uslubi, uning qalbi...

Unutma, pul va shuhrat asosiy maqsad emas. Agar futboldan tashqarida ham o‘zingni ilohlantiruvchi narsalar topa olmasan, bir kun tugaysan. Senga faqat bir maslahat berishim mumkin bo‘lganida, atrofingdagi voqealarga, odamlarga qiziqishing kerakligini aytgan bo‘lardim.

Darvozabon bo‘lish dovyuraklikni taqozo qiladi, to‘g‘ri. Ammo bu degani johil bo‘lish kerakligini anglatmaydi. O‘sha tushkunlikda yurgan paytingda, sen bilan ajoyib holat yuz beradi. Bir kuni, o‘z qobig‘ingdan chiqib, boshqa joyga nonushta qilgani borasan. Turindagi yangi ko‘chalaridan birida ketayotib, san'at muzeyidagi bir afishaga ko‘zing tushadi. ShAGAL deb yozilgan.   

Sen ilgari bu familiyani eshitmagansan. Sababi, san'at haqida hech narsa bilmaysan. Ishing ko‘p. Sen Buffonsan. Xo‘sh? Buffon kim? Kimsan o‘zi? Bilasanmi?

Bu xatimning eng muhim nuqtasi. Sen o‘sha kuni o‘sha muzeyga kirishing kerak. Bu hayotingni o‘zgartirib yuboradi. Butunlay. Agar kirmasang, o‘sha futbolchi, supermen sifatida qolib ketasan. Qalbing o‘ladi.

Kirgin-da, u yerdagi Shagalning yuzlab asarlarini tomosha qil. Aksariyati seni unchalik jalb qilmaydi. Yaxshilari ham bor, bundayroqlari ham. Va rasmlardan biri senga chaqmoq kabi uradi. Bu suratning nomi – «Sayr».

Buni xuddi bir bolakay chizganga o‘xshaydi. Bir ayol va erkak, parkda. Ayol farishta kabi yuqoriga, osmonga uchmoqchi, erkak esa, uning qo‘llaridan ushlab kulib turibdi.

Xuddi yosh bolaning tushiga o‘xshaydi. Bu surat boshqa bir olamdan nimadir berayotgandek tuyuladi. Bu surat yosh bola bo‘lish qanday ekanini eslatadi. Baxtli bo‘lish qanchalik osonligini o‘rgatadi.  

Bu xuddi o‘shanda Tomas N’Kono to‘pni uzoqqa urib yuborgandagi his. Bu xuddi buving oshxonadan ovqatga chaqirgandagi tuyg‘ular. Qorong‘i xonada televizor qarshisida duo qilib o‘tirgan onlaring...

Ulg‘aygan sari, bu tuyg‘ularni unutamiz. Ertasiga yana o‘sha muzeyga qaytishing kerak. Bu juda zarur.

Kassadagi ayol senga qarab kuladi – «Kecha ham shu yerda emasmidingiz?»

Nima bo‘pti? Ichkariga kir. San'at – sen uchun eng yaxshi davo. Aqlingni ozod qilganingda, ichki og‘irlik seni tark etadi. Xuddi Shagal chizgan rasmdagi ayol kabi.

Juda qiziq holat. Ba'zida menga shunday tuyuladiki, hayotimizdagi o‘zgarishlarni boshqa kimdir boshqaradi. Juda ko‘p ajoyib va tushuntirish qiyin bo‘lgan voqealar bo‘ladiki... Ba'zilari bir-biri bilan qay darajada bog‘liq ekaniga aqling ham yetmaydi. 

«Parma»da o‘ynab yurganingda, yoshsan, juda ko‘p johilona harakatlar qilasan. Sheriklaringga, muxlislarga, hammaga o‘zingni yetakchi, quvnoq yigit sifatida ko‘rsatging keladi. O‘zingcha, bolaligingda maktab partasiga ham yozib olgan so‘zlarni futbolkaga ham yozasan – «Qo‘rqoqlarga o‘lim!»

Bu qandaydir ilhombahsh chaqiriq, deb o‘ylaysan. Sen hali buni fashistlarning chaqirig‘i bo‘lganini bilmaysan ham.

Senga, oilangga bunday xatolar ko‘p aziyat olib keladi. Lekin bu xatolar ham muhim, chunki shu orqali, inson ekaningni tushunib borasan. Sen aslida hech narsani bilmasligingni eslatib turadi bunday xatolar. Go‘yoki, futbolda hammani o‘zingni supermen ekaningni ko‘rsatib, tan oldirarsan, lekin unutmaki, yaqin do‘stlaringga aylanadigan barmen yoki elektrikdan zarracha farqing yo‘q.

Aynan mana shu seni tushkunlikdan qutqaradi. Iqtidoring, iste'doding, muvaffaqiyatlaring emas, aslida boshqalardan farqing yo‘qligini anglashing... O‘z ojizligidan uyalmaslik aslida, juda katta dovyuraklikdir.

Hayotda hammasi bir-biriga bog‘liq va hali buni to‘liq tushunish uchun yoshsan va soddasan. Men faqat, ertaroq, buni tushunib yetmaganimdan afsuslanaman xolos. 41 yoshingda ham qalbingdagi olov yonib turadi. Sen o‘shanda ham qoniqmaysan. Ko‘rasan, hatto jahon chempionatidagi g‘alaba ham yordam bermaydi. O‘zingni bosishing uchun balki butun mavsumni gol o‘tkazmay yakunlashing kerakdir, balki...

Nazarimda, sen doim shunday bo‘lgansan.

Esingdami, Udine tog‘lariga, amakingnikiga mehmonga borgandinglar. To‘rt yoshda eding, tuni bilan qor yog‘di. Ungacha sen hech qachon qorni ko‘rmaganding. Ertalab uyg‘onib, derazadan qarasang, qandaydir sehr, tush o‘ngga aylangan – atrof oppoq. Yupqa kiyimda ko‘chaga oshiqding. Qor nimaligini bilmasang ham, seni bu to‘xtatmadi. Dovyuraksan. Sen uchun noma'lum bo‘lgan olamga o‘zingni urding.

«Janluiji!!! Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q!!» – deb qichqirgandi buving orqangdan.

Sovuq ichingdan o‘tib ketgan, lekin kularding. Bir hafta istimada yotding, ammo senga farqi yo‘q edi.

O‘ylab ham o‘tirmasdan, qorning o‘rtasiga o‘zingni urganding.

Sen shunaqasan!

Sen Buffonsan!

Sen hali butun dunyoga bor ekaningni ko‘rsatasan!»

Janluiji Buffon

Mavzuga oid