Sport | 15:51 / 21.03.2020
18326
2 daqiqa o‘qiladi

Tailanddagi kikboksing jangi koronavirus infeksiyasining ommaviy tarqalishiga sabab bo‘ldi

6 mart kuni Tailand poytaxti Bangkok shahrida Muay-tay bo‘yicha o‘tkazilgan janglar COVID-19 koronavirusining ommaviy tarqalishiga sabab bo‘ldi.

Foto: AP Photo/Gemunu Amarasinghe

Lumpini stadionidagi yopiq zalda o‘tkazilgan janglarni 5 mingdan ortiq muxlis tomosha qilgan. Ularning orasida koronavirus yuqtirganlar soni 104tani tashkil qilmoqda. Bu esa mamlakatdagi (411) ko‘rsatkichning uchdan biridan ham ko‘proqdir. Bundan tashqari, janglarni tomosha qilganlar orasida yana yuzlab odamlar virus tashuvchi bo‘lishi mumkinligi hukumatni xavotirga solmoqda.

Yopiq zalda o‘tkazilgan Muay Tay mavsumining ilk yirik janglari kechki soat 6da boshlanib, yarim tundan og‘ganidan so‘ng yakuniga yetgan. Bir necha kundan keyin Muay Tay kechasining faol ishtirokchisi, avstraliyalik Metyu Din Chantxavani «Instagram» sahifasida noxush xabarni e'lon qildi.

«Bu hazil emas. So‘nggi kunlarda men bilan yaqin aloqada bo‘lgan insonlar ehtiyot choralarini ko‘rsin. Menda Covid-19 virusi borligi aniqlandi», - deb yozdi Metyu 13 mart kuni.

Qayd qilish joizki, Muay Tayning ashaddiy ishqibozi bo‘lmish Chantxavani janglar o‘tkazilgan paytda boksyorlar va promouterlardan intervyular olgan, shuningdek, lotereya ishtirokchilariga sovg‘alar tarqatgan. 

U 10 mart kunigacha Bangkokda bo‘lib, keyin uyiga qaytgan. Yo‘lda esa o‘zini yomon his qilib, shifoxonaga murojaat qilgan. Shunda uning koronavirus yuqtirib olgani aniqlangan.

Hozirgi paytda jangni tomosha qilganlar orasida koronavirusga chalinganlar soni keskin oshib ketgani kuzatilmoqda.

21 mart kungi holatga Tailandda koronavirus yuqtirib olganlar soni 411tani tashkil qilmoqda. Mamlakatda (supermarket va dorixonalardan tashqari) barcha savdo markazlari va restoranlar yopildi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus epidemiyasi sharoitida barcha ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga, tadbirlarga borish tavsiya qilinmaydi.

Mavzuga oid