Sport | 12:43 / 07.05.2020
9692
11 daqiqa o‘qiladi

Anchelotti, Poyyet, Frensis. Futboldagi ajabtovur iste'folar

Odatda klublar bosh murabbiylari shartnoma muddati tugashi munosabati bilan yoki klub rahbariyati bilan muzokaralardan keyin iste'foga chiqishadi. Ammo futbol tarixida o‘z iste'fosi haqida kutilmagan vaqtda va kutilmagan joyda xabardor bo‘lgan mutaxassislar ham bor.

Trevor Frensis
Ish beruvchi: «Kristal Pelas»
Tug‘ilgan kuniga sovg‘a sifatida shartnomasi bekor qilindi.

Foto: AFP/Getty Images

2003 yilning aprel oyi. Chempionship mavsumi tugashiga 6 o‘yin qolgandi. «Burgutlar» turnir jadvalining o‘rtalarida joylashib olishgan. Ammo boshqaruv raisi Saymon Jordan jamoasi pley-off zonasidan o‘rin olishini istadi. Frensisni iste'foga chiqarish orqali, u futbolchilarga qo‘shimcha turtki bermoqchi bo‘ldi.

«Men Premer Ligaga chiqish o‘tida yonyapman va kafolat beramanki, yangi murabbiy bilan biz bu marraga erishamiz. Trevorga esa, mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusi ishlarida omad tilayman», dedi Jordan.

O‘sha mavsumni «Pelas» 14-o‘rinda yakunladi. Maqsadga erishilmadi. Lekin bu iste'foning Trevor uchun qiziq jihati, aynan tug‘ilgan kunida sodir bo‘lgani edi.  

Jordan o‘sha kunlarni intervyulardan birida eslab ham o‘tdi: «Trevor bu qarorni juda og‘riqli qabul qildi. U shunchaki eshitib o‘tirdi va keyin «bugun mening tug‘ilgan kunim-ku?» dedi. Men nima qilishni bilmay qoldim va qo‘liga R45 (Angliyada ishlovchiga ish tugaganda beriladigan sertifikat) tutqazdim».

Keyingi mavsumda Jordan o‘z orzusiga erishdi va «Kristal Pelas» Premer Ligaga yo‘llanma oldi. Ammo u yerda atigi bir yil qoldi, xolos. Yuqoriga keyingi chiqish ancha yillardan so‘ng, 2012/13 yilgi mavsumda ro‘y berdi. Shundan buyon «burgutlar» APLning barqaror klublaridan biridir.

Leroy Rosenor
Ish beruvchi: «Torki Yunayted»
O‘n daqiqa o‘tib, ishidan ayrildi.

Foto: AFP/Getty Images

2007 yil mayda «Torki Yunayted» rahbari Mayk Beyston Leroy Rosenorni bosh murabbiy sifatida tasdiqladi. Angliya o‘smirlar terma jamoasi sobiq futbolchisi, KPR, «Fulhem» va «Vest Hem» klublari safida o‘ynagan Leroy «Gloster Siti», «Brentford» kabi jamoalarda ishlashga ham ulgurgandi.

Tayinlovdan biroz o‘tib, Beytson klubga tegishli aksiyalarning 51 foiziga taklif oladi va uni qabul qiladi. Natijada u jamoada boshqaruv qarorlarini qabul qilish vakolatini ham boy berdi. Yangi xo‘jayinlarning esa o‘z rejalari bo‘lgan va ular bosh murabbiylikka Pol Baklni olib kelishdi.

«U yaqin kelajakda klubni sotish niyati yo‘q edi» – deb eslaydi Rosenor VVS nashriga bergan intervyusida – «men payshanba kuni matbuot anjumanida qatnashdim, barcha savollarga javob berdim. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, Mayk menga telefon qildi va aksiyalarini sotganini aytdi. Keyin esa, yangi korsorsium kelayotgani, ular klubga o‘z odamlarini jalb qilishayotgani va u yerda menga o‘rin yo‘qligi haqida xabar qilishdi».

Nayjyel Edkins
Ish beruvchi: «Sauthempton»
Iste'fosi haqida televizordan eshitgan.

Foto: AFP/Getty Images

2013 yil yanvari. Nayjyel Edkins – shunchaki, «Sauthempton»ni uchinchi ligadan APLga qadar chiqarib borgan murabbiy xolos, unga iste'fo haqida aytish shartmi? Edkins shunchaki murabbiy emas, futbolchilar uchun ota ham edi. O‘yinchilarning o‘zi ham bu haqida eshitib qattiq tushkunlikka tushib qolishdi. Lekin aytish kerakki, iste'fo sababi yomon natijalar bo‘lgan, «avliyolar» xavfli zonadan atigi 3 ochko oldinda edi, xolos. 

«Nayjyel hammasiga falsafiy nuqtayi nazardan qarardi va ertaga yoki indinga bu ish sodir bo‘lishini sezgandi. Ammo iste'foning shakli juda xunuk bo‘ldi», degandi klubdagi manbalardan biri.

Nihoyat, klub rahbari Nikola Korteze murabbiy bilan shaxsan uchrashdi va bu haqida gaplashib olishdi. Yangi bosh murabbiy sifatida Maurisio Pochettino olib kelindi va bu juda zo‘r qaror bo‘lganini keyinchalik bilib oldik.

Martin Yol
Ish beruvchi: «Tottenhem Hotspur»
Tanaffus paytida iste'foga chiqarilayotganidan xabar topgandi.

Foto: AFP/Getty Images

2007 yilga kelib Martin Yol «Tottenhem»da uch yil ishlab qo‘ygandi. Ammo yangi mavsum startidagi natijalar klub ambitsiyalariga unchalik ham mos kelmadi. Jamoa dastlabki o‘n o‘yindan atigi bir marta g‘alaba qozondi va bu oxirgi 19 yildagi eng yomon start edi.

Shuning uchun Deniyel Levi va sport direktori Demiyen Komolli maslahatlashib, klubga yangi murabbiy olib kelishga qaror qabul qilishdi. Ispaniyalik Xuande Ramos bilan kelishib ham qo‘yildi va aynan u niderlandiyalik murabbiyning o‘rnini egallashi lozim edi. Hozircha sir bo‘lib turgan qaror oshkor bo‘lib qolmaguncha, hammasi yaxshi edi.

«Taqachilar» UYeFA kubogi doirasida «Xetafe» bilan o‘ynayotgandi. O‘yin paytida Levining qarori qaysidir yo‘llar bilan ommaga chiqib ketdi va butun stadion bundan xabar topdi. Martin Yol esa, bu haqida tanaffusda, kiyim almashtirish xonasida o‘tirganida eshitdi. Do‘sti sms orqali Levi uni iste'foga chiqarmoqchi ekani haqidagi xabarni jo‘natgandi.

Aytish kerakki, vaziyatning ichida bo‘lgan ko‘pchilik uchun bu u qadar syurpriz bo‘lmagan, zero «Tottenhem» rasmiylari Pol Kemsli va Jon Aleksandr ikki oy oldin Ispaniyada Ramos bilan muzokaralar chog‘ida insayderlarning e'tiboriga tushib qolgandi.  

Xuande Ramos «Tottenhem»da muvaffaqiyat qozona olmadi va atigi bir mavsumdan so‘ng iste'foga chiqarildi. Uning o‘rniga kelgan Harri Rednapp esa to‘rt yil davomida klubni yaxshi boshqarib, hatto Chempionlar Ligasi pley-off bosqichida ham o‘ynatdi.

Vladitsa Petrovich
Ish beruvchi: «Drina»
O‘z iste'fosidan Facebook orqali xabar topadi. 

Televizor, sms? Bugungi davrda boshqa yo‘llar ham bor. Bosniyaning «Drina» klubi murabbiyi Vladitsa Pertovich feysbukdagi sahifa orqali o‘z iste'fosini bilib qolgandi.

Mutaxassis yozgi mavsumoldi tayyorgarliklar davrida klubni qo‘lga olgandi, lekin mavsum yaxshi boshlanmadi. «Drina» startdagi o‘n o‘yinda atigi ikki g‘alabaga erishib, turnir jadvali oxiriga tushib ketdi. 2015 yilning sentyabrida, klubning rasmiy feysbuk sahifasida Petrovich uchun noxush xabar e'lon qilindi.

Eng qizig‘i, murabbiy o‘sha xabar ostiga izoh yozib, klubga minnatdorchilik bildirdi va juda ko‘p «layk»lar yig‘ib oldi.

Gustavo Poyyet
Ish beruvchi: «Brayton end Houv Albion»
TV-Shouda o‘tirib, o‘z iste'fosi haqida eshitdi.

Foto: AFP/Getty Images

Urugvaylik Gustavo Poyyet 2009 yilda Birinchi ligada ishtirok etgan «Brayton» murabbiyiga aylandi. Bu Poyyetning mustaqil ravishdagi ilk faoliyati edi. Angliyaning uchinchi divizioni hisoblangan ligada «Brayton»ni olib qoldi va kelasi mavsumda chempionga aylantirdi. Rahbariyat murabbiyning muvaffaqiyatlarini munosib baholab, besh yillik shartnoma taklif qildi. Chempionshipda Poyyet shogirdlari hatto pley-offga qadar yetib borishdi, ammo APL yo‘llanmasini  «Kristal Pelas»ga boy berib qo‘yishdi. 

Mavsum yakunlangach, Gus VVS mutaxassisi sifatida Konfederatsiyalar kubogida ishladi. 2013 yilning iyunida Poyyet Ispaniya va Nigeriya o‘rtasidagi bahsni tahlil qilar ekan, boshlovchi Mark Chepmen «Brayton» rasmiy saytida paydo bo‘lgan xabarni o‘qib qoldi. U yerda Gustavo Poyyetning iste'foga chiqarilgani yozilgandi. Murabbiy o‘zini yaxshi tutdi, hatto shu tariqa ishsiz qolgan ilk murabbiy bo‘lganini aytib, hazillashdi ham.

«Brayton» 2017 yilga kelibgina Angliya Premer Ligasi a'zosiga aylandi.

Karlo Anchelotti
Ish beruvchi: «Chelsi»
Kiyim almashtirish xonasiga ketayotib, ishdan bo‘shatildi.

Foto: AFP/Getty Images

Karlo Anchelotti «Chelsi»dagi ilk mavsumida (2009/10) klub tarixidagi ilk dublni qayd etdi – londonliklar ham chempionatda, ham Angliya kubogida g‘olib chiqdi. Ammo ikkinchi mavsum unaqa sermahsul bo‘lmadi. Anchelotti uchun 2-o‘rin juda yomon natija edi, buning ustiga Roman Abramovich yanayam og‘irroq qarorni tayyorlab qo‘ygandi.

2011 yilning mayida «ko‘klar» Liverpulga, «Everton» bilan o‘yinga otlanishdi. «Everton» bir futbolchi kam bo‘lib qolganiga qaramasdan, Bekfordning goli evaziga g‘olib kelishdi. Aslida ancha avvalroq, «Old Trafford»da kerakli g‘alabani qo‘lga kirita olmagan «Chelsi» chempionlik imkoniyatini boy berib bo‘lgandi.

O‘yin yakunlangach, «Gudison Park» stadioni tunnelida Anchelottini «Chelsi» ijrochi direktori Ron Gurley kutib turardi. Yakunlangan mavsum uchun minnatdorchilik bildirish emas, klub murabbiyni vazifasidan ozod qilayotgani haqidagi xabarni aytish uchun. Klub murabbiy hech bo‘lmasa, Londonga qaytishini kutmagani, unga nisbatan hurmatsizlik edi. O‘shanda Anchelotti so‘nggi sakkiz yilda iste'foga chiqarilgan 6-murabbiy bo‘lgandi.

Anchelotti tortishib ham o‘tirmadi – «Men bu yerda fantastik ikki yilni o‘tkazdim va bu qarorni hurmat qilaman. Bu yerda qilingan ishlar bilan faxrlanaman va endi kelajak haqida o‘ylashni boshlayman».

Abramovich italiyalik mutaxassisning o‘rniga o‘sha paytda futbol olamiga yangi qon sifatida kirib kelgan Andre Villash Boashni taklif qildi. Portugaliyalik murabbiy mavsum oxirigacha yetib bormadi, uning o‘rnini egallagan boshqa bir italiyalik mutaxassis Roberto Di Matteo esa, o‘sha yilning o‘zidayoq «Chelsi»ning Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylantirdi.

Mavzuga oid