14:44 / 19.05.2020
21817

«Avto-Ideal-Xizmati» MChJ fuqarolarning 30 mlrd so‘m pulini o‘zlashtirgani ma'lum bo‘ldi

Toshkent viloyatining Angren shahrida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan «Avto-Ideal-Xizmati» MChJ juda qisqa davr – 5 oy ichida 1506 nafar mijozning ishonchiga kirib, ularning 1283 nafarini jami 30 mlrd so‘mdan oshiqroq mablag‘ga chuv tushurishga ulgurgan.

«Avto-Ideal-Xizmati» MChJ rahbarlari 2019 yil oktabr oyidan 2020 yilning mart oyiga qadar yiliga 5 foizlik ustama haq evaziga boshlang‘ich badal sifatida jami 1506 nafar yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnoma imzolab, mazkur shartnomalarga asosan 1506 nafar mijozdan avtomashinaning 20-30 foiz oldindan to‘lovi sifatida jami 36 316 087 684 so‘m pulni jamiyat hisobiga tushirishgan.

Jamiyat mansabdor shaxslari yuqorida kelib tushgan pul mablag‘lari hisobidan 228 nafar mijozga 23 629 777 528 so‘mlik avtomashinalarni yetkazib berib, qolgan 1283 nafar mijozga, ular tomonidan avtomashinaning 20-30 foiz miqdorida boshlang‘ich badal sifatida to‘langan 30 531 487 684 so‘m pul mablag‘lari evaziga avtomashinani yetkazib bermasdan yoki to‘langan pul mablag‘larini o‘z egalariga qaytarmasdan fuqarolarning huquqlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.

Ushbu holat yuzasidan shu yil 17 mart kuni Departamentning Angren shahar bo‘limi tomonidan «Avto-Ideal-Xizmati» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 192-11-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shahar prokuraturasiga dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun yuborilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilib, 2020 yil 31 mart kuni  ayblanuvchi ishni yuritishda uning ishtirok etishini istisno etadigan og‘ir va davomli kasallikka chalingani sababli JPKning 364-moddasi 1-qismi 4-bandi bilan harakatdan to‘xtatilgan.

Jinoyat ishi shu yil 11 may kuni qayta tiklanib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi «a» bandiga qayta malakalanib, dastlabki tergov harakatlarini davom ettirish uchun Angren shahar IIB tergov bo‘limiga yuborilgan.

Fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida ma'lumot berilmagan.

Top