23:21 / 13.06.2020
6685

«Davlat investitsiya dasturini Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarini jalb qilgan holda diagnostika qilamiz» – Ahadbek Haydarov

Bugun, 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan, “Munozara klubi”ning ilk yig‘ilishida so‘z olgan moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov tashqi qarz yo‘nalishlari va samaradorligi masalasiga to‘xtaldi.

Ahadbek Haydarov Foto: KUN.UZ

“Umumiy tendensiyaga qaraydigan bo‘lsak, tashqi qarzni uchta yo‘nalishda olyapmiz. Birinchisi, budjetni qo‘llab-quvvatlashga. Ikkinchisi, ijtimoiy va ba'zi bir sohalarda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish uchun olyapmiz. Uchinchisi, davlat korxonalariga olinayotgan kreditlar kafolati. Bundan keyin tendensiya shunday bo‘ladiki, biz iloji boricha davlat korxonalariga kafolat berishni kamaytirib boramiz. Asosan ijtimoiy va tarkibiy islohotlar, ya'ni infratuzilma loyihalariga qaratilgan davlat qarzini jalb qilamiz va budjetni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz”, - deya Ahadbek Haydarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari xalqaro moliya institutlari kredit berishda e'tibor qaratadigan jihatlar haqida gapirdi.

“Xalqaro moliya institutlari bizga kreditni shunchaki bergani yo‘q. Har bir kreditni olayotganda amalga oshiriladigan, amalga oshirilgan islohotlarning matritsasini qilamiz. Shu islohotlar amalga oshirilgan taqdirdagina xalqaro moliya institutlari bizga kredit beryapti. Tashqaridan olayotgan kreditimizning iqtisodiy o‘sishga ta'siri bormi-yo‘qmi degan nuqtai nazardan biz ular bilan oldindan kelishib ishlayapmiz”, - dedi Haydarov.

U tashqi qarz samaradorligi davlat budjeti xarajatlarining samaradorligiga bog‘liqligini aytdi.

“Tashqi qarz samaradorligi faqat tashqi qarzga bog‘liq emas. Xalqaro ekspertlar ham aytib o‘tishdi, bu avvalambor davlat budjeti xarajatlarining samaradorligiga bog‘liq. Yaqin kunlarda davlat investitsiya dasturini Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarini jalb qilgan holda diagnostika qilamiz. Diagnostika asosida investitsiya dasturlari ustuvorligini ta'minlash masalasi ko‘tarildi. Ya'ni pulni qaysi sohalarga jalb qilsak, qaysi sohalarga yo‘naltirsak, iqtisodiy o‘sishga ko‘proq ta'sir qiladi, qaysi soha biz uchun dolzarb – shu masalalarni muhokama qilib olamiz”, - dedi vazir o‘rinbosari.

Top