Demokratiya qal'asi – Amerika otalari gavdalangan Rashmor tog‘i haqida
AQShning Janubiy Dakota shtatida joylashgan Rashmor tog‘i mamlakatning asosiy turistik obektlaridan biri sanaladi. Granit tog‘ning bir tomonida AQSh tarixida muhim rol o‘ynagan to‘rt prezident – Jorj Vashington, Tomas Jyefferson, Teodor Ruzvelt va Avraam Linkolnning monumenti ishlangan.
Balandligi 18 metr bo‘lgan bu monumentni qurishga 15 yil sarflangan bo‘lib, AQSh Konstitutsiyasining 150 yilligiga topshirilgan.
«Demokratiya qal'asi» deb ham nomlanadigan bu obektni tomosha qilish uchun pandemiyaga qadar yiliga 2,5 mln.dan ziyod sayyoh tashrif buyurardi.
Nega aynan ular?
Rashmor tog‘ida nega aynan bu to‘rt prezident – Vashington, Jyefferson, Ruzvelt va Linkoln qiyofasining tushirilgani o‘ziga xos sabablarga ega. Ular mamlakat mustahkamligi va taraqqiyoti yo‘lida muhim rol o‘ynagan shaxslar hisoblanadi.
Jorj Vashington (1732-1799) – AQShning birinchi prezidenti. Mamlakatning asoschi-otalaridan biri, Amerika prezidentlik instituti ta'sischisi. Uning qo‘mondonligi ostida mamlakat Buyuk Britaniya mustamlakachiligi ta'siridan chiqib ketgan. 1789 va 1793 yillarda mamlakat prezidentligiga saylangan. Vashington Amerika demokratiyasining asoschilaridan biri sifatida e'tirof etiladi.
Tomas Jyefferson (1743-1826) – AQShning uchinchi prezidenti. Mamlakatning asoschi-otalaridan, AQSh mustaqillik deklaratsiyasi mualliflaridan biri. Uning prezidentligi davrida Fransiya koloniyasi bo‘lgan Luiziana AQSh tarkibiga qo‘shib olinadi, natijada mamlakatning o‘sha paytdagi hududi 3 baravarga kengayadi.
Teodor Ruzvelt (1858-1919) – AQShning 26-prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati. Mamlakatni boshqargan davrida ishchi sinfning huquqlarini himoya qilish, yirik monopol trest va korporatsiyalar faoliyatini cheklash orqali barcha uchun teng biznes sharoitlarini yaratishga erishdi. Siyosiy strategik obekt – Shimoliy va Janubiy Amerika qit'asini ajratib turuvchi Panama kanalining qurilishida asosiy rol o‘ynagan shaxslardan biri.
Ruzvelt «Katta kaltak siyosati» (Lotin Amerikasi davlatlarida ziddiyatlar yuzaga kelganda ularni AQShning aralashuvi orqali hal qilishni nazarda tutuvchi siyosat) va Qo‘shma Shtatlarning xalqaro tinchlikni ta'minlashdagi rolini ko‘rsatuvchi «jahon politsiyasi» atamalarini muomalaga kiritgan.
Avraam Linkoln (1809-1865) – AQShning 16-prezidenti. 1861-1865 yillarda kechgan fuqarolik urushini bostirish orqali mamlakat birligini saqlab qolish, qullikni rasman bekor qilish singari xizmatlari bilan tarixda qolgan.
Memorialni bunyod etish g‘oyasi Janubiy Dakota shtati ma'muriyatida xizmat qilgan o‘lkashunos va tarixchi Doan Robinsdan chiqqan. Amerika tarixining qiymatini toshga muhrlash va amerikacha demokratiyadan g‘urur ramzini yaratish – Rashmor tog‘ida milliy memorialni bunyod etishdan ko‘zlangan maqsad shu edi.
Qurilish xronologiyasi
Birinchi bo‘lib Jorj Vashingtonning qiyofasi tayyorlab bitkaziladi, uning tantanali ochilishi 1934 yil 4 iyulda o‘tkaziladi.
Tomas Jyeffersonning tasvirini tushirishga 2 yildan ortiqroq vaqt ketdi. Ammo qoyada yirik yoriqlar paydo bo‘lgani bois, tasvirni qaytadan – Vashingtonning qiyofasiga nisbatan ichkariroqda tasvirlashga to‘g‘ri keldi. Jyefferson haykalining ochilishi 1936 yilda prezident Franklin Ruzvelt boshchiligida o‘tkaziladi.
Monument qurilishi ishchilardan qoyada harakatlanish ko‘nikmasini talab etgan.
Avraam Linkolning tasviri 1937 yil 17 sentyabrda – AQSh konstitutsiyasi imzolangan sananing 150 yilligiga topshiriladi.
Boshqalarga qaraganda ancha ichkarida joylashgan Ruzvelt monumenti 1939 yilga kelibgina bitkaziladi, chunki u joylashishi kerak bo‘lgan o‘rinda qal'aning katta bo‘lagi ajralib tushadi va qiyofani qayta qurishga to‘g‘ri keladi.
Har to‘rtala haykal qurib bitkazilgandan keyin ham monument ustida ishlar davom ettiriladi – loyihaga ko‘ra, prezidentlarning ko‘krak qismigacha bo‘lgan barelefi ham qurilishi kerak edi. Ammo 1941 yilda monumentning asosiy me'mori – Gutzon Borglum vafot etadi, Ikkinchi jahon urushining boshlanishi natijasida moliyalashtirish to‘xtaydi, bular qurilish ishlarining shu holatda yakun topishiga sabab bo‘ladi.
1941 yil 31 oktyabrda monument to‘la bitkazilgani e'lon qilinadi.
Rashmor tog‘i ustida kechgan 14 yillik mehnat davomida 450 ming tonna granit ko‘chirib tushirilgan bo‘lib, shundan 90 foizi portlatuvchi moddalar yordamida, 10 foizi qo‘l mehnati asosida ko‘chirilgan.
Prezidentlar monumentini bunyod etish o‘ta qiyin sharoitlarda kechgan bo‘lsa-da, bironta ishchining hayoti qurbon etilmagani me'morchilik texnikasi juda rivojlanmagan davr uchun katta yutuq sifatida e'tirof etilgan edi.
Monumentning barpo etilishiga 1 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan.
Mavzuga oid
19:00 / 25.12.2024
“Matritsa”ning buzilishi va tarixiy order
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024